12:55 / 17.11.2021
9680

Energetika vazirligi O‘zbekiston Qirg‘izistonga nima sababdan elektr energiyasi yetkazib berayotganini tushuntirdi

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekiston Qirg‘izistonga nima sababdan elektr toki yetkazib berayotganiga oydinlik kiritdi. U bu haqda “Sevimli” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Energetika vazirligi

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston energotizimlari parallel rejimda ishlaydi.

“Elektrlashtirish boshlanganda Markaziy Osiyoda rejalashtirilgan davrda mana shu ikkita energotizim bir-birining xususiyatidan, imkoniyatidan kelib chiqqan holda uyg‘un ishlashi va mavsumiy nuqtayi nazaridan bir-birini qo‘llab-quvvatlab turishi rejalashtirilgan. Ming afsuski, keyin mana shu ish tizimi buzilib ketgan edi. Oxirgi 3-4 yilda qo‘shni mamlakatlarimiz energiya tizimlari bilan hamkorligimiz yanada kuchayib, eng yaxshi rejimlarda ishlaganidek munosabatlarga qaytib keldik”, deydi vazir o‘rinbosari.

Ma’lum qilinishicha, Qirg‘iziston energiya tizimida elektr energiyasini ishlab chiqarish asosan suv resurslariga bog‘liq. Suv resurslariga bog‘liqligini O‘zbekistonga ham salbiy, ham ijobiy ta’siri bor.

“Kuz-qish mavsumida, Qirg‘izistonda energiyaga bo‘lgan talab ortgan davrda agar ular elektr energiyasini ko‘proq ishlab chiqarib “Toqtogul” suv omboridan suvni ko‘proq chiqarib yuborishsa, keyingi yil bahor-yoz oylarida mana shu suv hajmini to‘ldirishga majbur bo‘lishadi va yozda suv chiqarish miqdorini keskin kamaytirishga majbur bo‘lishadi.

Albatta, bu bizning Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligiga o‘zini salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun juda uzoq vaqt mobaynida mana o‘zaro mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan edi. Gidroresurslardan foydalanish – ko‘proq yoz oylarida, issiqlik elektr stansiyalaridan foydalanish – ko‘proq qish oylarida.

Bu yerda yana bir ahamiyatli jihati shundaki, bizdagi kuzatilayotgan suv tanqisligi Qirg‘izistonda kuzatilayotgan suv tanqisligidan bir muncha yumshoqroq. U yerdagi suv tanqisligi juda ham yuqori nuqtaga yetib keldi. Ya’ni, “Toqtogul” suv omboridan suv chiqarish rejimi normal ravishda amalga oshiriladigan bo‘lsa, bahor oyiga kelib suv ombori to‘liq bo‘shab qolish ehtimoli mavjud.

Shuning uchun biz joriy yil boshida Qirg‘iziston energetiklari bilan o‘zaro 3 yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqib, tasdiqlaganmiz. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan. Shunga ko‘ra, mavsumiy energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bahorda va kuzda elektr energiyasini biz ularga yetkazib beramiz, ular esa bizga yozda qaytarib berishadi. Natijada, bizning qishloq xo‘jaligimiz ko‘proq suvga ega bo‘ladi va aksincha ularning suv omborlarida qish oylari uchun ko‘proq suvni saqlash imkoniyatlari yuzaga keladi”, dedi Sherzod Xo‘jayev.

Bildirilishicha, O‘zbekiston energiya tizimi Qirg‘iziston energiya tizimidan to‘rt barobar katta. Sentabr oyida yoki mart-aprel oylarida O‘zbekiston yetkazib beradigan hajm energiya tizimining 1,5 kunlik iste’moliga teng. 

“Biz uchun unday katta miqdorlar to‘g‘risida gap ketayotgani yo‘q, lekin ularning energiya tizimi 4 barobar kichkina bo‘lganligi uchun ularga bu sezilarli ahamiyatga ega”, dedi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid
Top