20:39 / 17.11.2021
1942

Germaniya elchisining Navoiy viloyatiga 3 kunlik tashrifi boshlandi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

 Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi doktor Tilo Klinner rahbarligidagi delegatsiyaning Navoiy viloyatiga 3 kunlik tashrifi boshlandi. Bu haqda Kun.uz'ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Elchiga Germaniyadagi eng nufuzli 25 ta kompaniya rahbari, jumladan, “Kommersbank”, “Rolandtecnic Import & Export GmbH”, “TAKRAF GmbH”, “ABM Anlagenbau und Maschinentechnik GmbH”, “B- Tec”, “Linde Gas” kabi moliya institutlari va kompaniyalarining bosh ofislari hamda Markaziy Osiyodagi filiallari menejyerlari hamrohlik qilmoqda. Tashrif doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyazot” kabi yirik korxonalarda, shuningdek, Zarafshon shahridagi “Zarafshon oyna” MChJda uchrashuv va taqdimotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, dastlab viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Germaniya delegatsiyasini qabul qilgan va elchi Tilo Klinner bilan muzokara o‘tkazib, Navoiy viloyatining iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirgan. Xususan, viloyatda oltin, volfram, fosforitlar, kvars qumi, sement xomashyosi, ohaktosh va boshqa ko‘plab tabiiy resurslar konlari, 100 dan ortiq mineral-xomashyo bazasi va 2,8 mingdan ortiq karerlar mavjudligiga e'tibor qaratilgan.

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Ma'lumot o‘rnida, joriy yilda viloyatning Navbahor tumanida Germaniyaning “ONS FRANKFURT” kompaniyasi hamkorligida “VIK Engineering” xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Qiymati 2,1 million AQSh dollariga teng loyiha doirasida burg‘ilash texnikalarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Zarafshon shahrida “Zarafshon oyna” MChJ tomonidan qiymati 97 million yevroga teng flot texnologiyasi asosida keng assortimentdagi oyna ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaning texnologik uskunalari ham Germaniyadan keltirib o‘rnatilgan. 

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati
Mavzuga oid
Top