17:09 / 17.11.2021
5709

Instagram foydalanuvchilardan video selfi yuborishni so‘ramoqda

Instagram foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqning yangi g‘alati talabi haqida yozishyapti. Ko‘plab foydalanuvchilar o‘z akkauntiga kirish uchun bir necha xil rakursdan yuzini videoga olib yuborish so‘ralganini aytgan.

Foto: depositphotos.com

Foydalanuvchilardan birining yozishicha, noma'lum yuzer uning ketma-ket 65 ta suratiga layk bosgach, akkauntiga qayta kirish uchun turli xil rakursdan yuzini videoga olish so‘ralgan. Shuningdek, parolni saqlamay akkauntidan chiqqanlar ham qayta kirishda shunday talabga duch kelgan. Yangi ro‘yxatdan o‘tayotganlardan ham video selfi yuborish so‘ralgan.

Instagram'ning Twitter'dagi foydalanuvchilar bilan aloqa akkauntida bu harakatning sababi tushuntirilgan: «Foydalanuvchilarning yuzi ko‘ringan videolarni ishlatmaymiz. Bu tizim haqida bir yil avval ma'lum qilingandi. Tarmoqdan foydalanayotgan bot emas, inson ekanini aniqlash uchun shunday tizim ishlatilmoqda.

Masalan, biror akkaunt qisqa muddatda bir necha kishini ketma-ket o‘qishni boshlasa, undan video selfi so‘raladi. Shu orqali akkaunt ortida insonmi yoki bot turgani aniqlanadi. Videolar 30 kun ichida o‘chirib yuboriladi», deyilgan munosabatda.

Videoli ma'lumotlar Instagram'ga egalik qiluvchi Meta kompaniyasida saqlanmasligi aytilgan bo‘lsa-da, foydalanuvchilar bu yangilikdan norozi bo‘lgan. Oldinroq Meta'ga tegishli messenjer WhatsApp foydalanuvchilarning ma'lumotlarini Facebook'ga (Meta'ning sobiq nomi) topshirishini e'lon qilgach, messenjerdan foydalanuvchilar yoppasiga Telegram'ga «ko‘chib o‘tgandi».

Mavzuga oid
Top