22:10 / 18.11.2021
25359

Bosh prokuratura hay'at yig‘ilishida 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortilgani ma'lum qilindi

Qayd etilishicha, ushbu xodimlar faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun jazolangan.

Foto: Bosh prokuratura

18 noyabr kuni Bosh prokuraturada kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda idora matbuot xizmati. Yig‘ilishni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘tkazgan.

Hay'at yig‘ilishida mamlakatda qonuniylikni ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hududlar kesimida tahlil qilingan. Shuningdek, prokuratura organlarining ba'zi xodimlari tomonidan sodir etilgan nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlar, shu jumladan, korrupsiyaviy holatlar keskin tanqid qilingan.

Biroq rasmiy relizda so‘z aynan qanday nojo‘ya harakatlar, korrupsiyaviy holatlar borayotganiga aniqlik kiritilmagan. Yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarning hududlar kesimidagi tahlili natijalari ochiqlanmagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, yig‘ilishda viloyat, tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi rahbarlarining hisobotlari tinglangan.

Yig‘ilishda faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan 18 nafar xodimga intizomiy jazo choralari qo‘llandi. Biroq ushbu xodimlar aynan qanday xatolarga yo‘l qo‘ygani, xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish deganda nima nazarda tutilgani, ularga nisbatan qanday intizomiy jazolar qo‘llangani mavhumligicha qolgan. Shu bilan birga, 18 nafar prokurorning ish joyi, lavozimlari haqida lom-mim deyilmagan.

 

Foto: Bosh prokuratura

“...Xodimlar mas'uliyatini tubdan oshirish, prokuratura xodimi degan nomga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etmasliklari haqida qat'iy ogohlantirildi”, deyiladi rasmiy relizda.

Avvalroq 17 iyul kuni o‘tkazilgan Bosh prokuratura hay'ati yig‘ilishida 2021 yilning birinchi yarmida 208 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, shuningdek, prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan qariyb 720 mlrd so‘mlik zarar undirilishi ta'minlangani aytilgandi.

Top