19:00 / 18.11.2021
78408

Manba: Ochilboy Ramatov bosh vazir o‘rinbosarligidan ketishi mumkin

O‘zbekiston hukumati tarkibida navbatdagi o‘zgarishlar kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov lavozimidan ozod etilishi, qurilish vaziri Botir Zokirov Vazirlar Mahkamasiga qaytishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Jumaniyazovich Ramatov lavozimini tark etishi mumkin. Kun.uz manbasi xabar berishicha, qurilish vaziri Botir Zokirov bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga qaytadi.

Ayni vaqtda Ramatov qaysi ishga o‘tishi va Botir Zokirov hukumatda aynan qaysi sohaga mas'ul bo‘lishi haqida aniq ma'lumot berilmadi.

2002 yildan «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga raislik qilgan Ochilboy Ramatov 2016 yilning dekabrida bosh vazir o‘rinbosariga (Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyati; Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘limi) aylangandi.

U 2019 yil fevralida «O‘zbekiston temir yo‘llari» raisligidan ketgan, o‘sha vaqtda yangi tashkil etilgan Transport vazirligiga rahbar bo‘lgan, ammo 2020 yil yanvarida vazirlik lavozimini Elyor G‘aniyevga topshirgandi.

Botir Zokirov 1963 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat politexnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Botir Zokirov / Kun.uz

1980 yilda Toshkent instrumental zavodida mehnat faoliyatini boshlagan. 1985-1990 yillarda «Toshsantexmontaj» trestida ishlagan. 1990 yilda esa «12-trest» qurilish shirkatida ish boshlab, bu yerda chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha ko‘tarilgan.

2011 yilda O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangan, 2011 yil dekabrida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari bo‘lgan.

Botir Zokirov 2016 yil 14 dekabrda bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangan. U 2019 yildan Qurilish vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.

  • Bundan oldinroq, Kun.uz o‘z manbasiga asoslangan holda Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarligiga tayinlanishi mumkinligi haqida xabar qilgandi. Lekin hozircha rasmiy manbalar hukumatdagi o‘zgarishlar haqida rasmiy tasdiqlangan ma'lumot bermadi.
Mavzuga oid
Top