14:23 / 20.11.2021
13989

«Chelsi» va «Liverpul» uchun jiddiy sinov, Xavida debyut, «Inter» - «Napoli», Shomurodov «Jyenoa»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi 

Foto: Getty Images

Nihoyat, milliy jamoalarning yil hisobidagi so‘nggi yig‘inlari yakuniga yetdi va mart oyining oxirigacha biz faqat klublar futbolidan bahra olamiz. Futbol haftasi syurpriz bilan boshlandi – «Bavariya» autsayder «Ausburg»ga imkoniyatni boy berdi. Bugun, 20 noyabrdan esa kuchli beshlik karvoni davom etadi – Kataloniyada derbi, Italiyada chempionlik taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan bahs, Angliyada klassik to‘qnashuv. Jyerrard, Xavi kabi afsonalar futbolchi sifatida porlagan ligalarda murabbiylik debyutini amalga oshiradilar. Shomurodov esa Shevchenko qo‘l ostiga o‘tgan sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi kutilmoqda.  

APL. 12-tur

20 noyabr (shanba)

LeSTeR – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 17:30

TV-translatsiya: FutbolTV

«Chelsi» o‘tgan turda kutilmaganda durang o‘ynadi va ta'qibchilardan o‘zib ketish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Londonliklar mas'uliyatli haftaga kirib kelishmoqda – yetti kunda jamoa «Lester» va «Manchester Yunayted» bilan APLda hamda «Yuventus» bilan Chempionlar Ligasida maydonga tushadilar. Bu o‘yinlarda ochko yo‘qotmaslik Tuxel shogirdlari uchun juda muhim.  

Foto: EPA

Dastlabki imtihon «Lester» maydonida bo‘lib o‘tadi va aytish mumkinki, Tuxel kelganidan buyon «Chelsi»ni aynan «tulkilar» qiyin ahvolga solgandilar. Hatto Angliya kubogi finalida «Lester» 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Tuxelni ilk sovrindan mahrum qilgandi. Yanvarda bo‘lib o‘tgan APL o‘yinida esa «Lester» 2:0 hisobida o‘z maydonida ustun kelgandi.  

Tarkib borasida har ikki jamoada ham yetarlicha muammolar bor. «Chelsi»da Lukaku hali ham maydon tashqarisida, lekin jamoa usiz o‘ynashni o‘rganib oldi, ammo Kovachichning yo‘qligi ayniqsa, kuchli raqibga qarshi bilinishi mumkin. Shuningdek, Timo Vernerning maydonga tushishi ham so‘roq ostida turibdi. Mezbonlarda esa vaziyat yanada og‘irroq. Himoya yetakchisi Foffana va ayniqsa, Yuri Telemansning jarohati «Lester»ning navbatdagi o‘yinlarida muammo tug‘dirishi shubhasiz. Lekin yaxshi xabarlardan biri, Jyeyms Jastin tiklanib, mashg‘ulotlarga kirishdi. Ammo ushbu o‘yinda qay darajada tayyor bo‘lishi hali ma'lum emas.  

APL. 12-tur

20 noyabr (shanba)

LIVeRPUL – ARSeNAL

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Nafaqat turnir nuqtayi nazaridan, balki jamoalarning ayni paytda qaysi nuqtaga yetib kelgani tomonidan ham ushbu to‘qnashuvni kuzatish qiziq bo‘ladi. «Arsenal» barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz seriyasini 10taga yetkazdi, bu davrda «Tottenhem», «Lester» va «Aston Villa» kabi kuchliroq jamoalar ustidan ishonchli g‘alabalar bo‘ldi. Ammo aynan top-raqibga qarshi «Arsenal»ning qay darajada tayyor ekani bugun ma'lum bo‘ladi. Bu o‘yindagi g‘alaba «Arsenal»ni hatto 3-o‘ringa olib chiqishi mumkin. Mavsum qanday boshlangani esimizdan ham chiqib ketdi, shunday emasmi? 

Foto: Getty Images

«Liverpul» esa «Old Trafford»dagi ajoyib g‘alabadan so‘ng, APLda ikki o‘yinda g‘alaba qozonmadi, o‘tgan turda «Vest Hem»dan mag‘lubiyat qabul qilindi. Tabiiyki, Klopp jamoasi ham kichik inqirozdan chiqib olishlari va yana g‘alabali yo‘lga qaytishlari lozim. Boshqa tarafdan, bor imkoniyatni ishga solish uchun biroz noqulay palla – futbolchilar endi milliy jamoalar yig‘inidan qaytdi, bir necha jarohatlanganlar bor. Keyta, Firmino, Gomes, Milner va Jons sheriklariga yordam bera olmasliklari aniq. Shuningdek, Roberson va Hendersonlarning ham maydonga tushishi, aniqrog‘i, to‘liq tayyor bo‘lishlari so‘roq ostida turibdi. Fabino kechagina Braziliya safida Argentinaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. U ham jismoniy tarafdan muammolarga ega bo‘lishi ehtimoli bor. Yaxshiyamki, Sadio Manening jarohati yengil bo‘lib chiqdi va Kloppning aytishicha, u «Arsenal»ga qarshi o‘ynay oladi. Londonliklarda esa yangi jarohatlar yo‘q – Jaka va Kolashinatslar maydonga qaytishlari uchun kamida bir oy vaqt bor.  

O‘zaro uchrashuvga kelsak, so‘nggi yillarda «Liverpul» yaqqol ustunlikka ega, agar aynan «Enfild»dagi uchrashuvlarni e'tiborga olsak, APL doirasida so‘nggi besh o‘yin mezbonlarning ishonchli g‘alabasi bilan tugagan. Umuman olganda, «Arsenal» oxirgi marta 2012 yilning sentyabrida «Enfild»da g‘alaba qozongandi. O‘sha o‘yinda maydonda Suares, Podolski, Jyerrard, hatto Arteta harakat qilganini eslasak, ancha vaqt bo‘lganini his qilish mumkin.  

A Seriya. 13-tur

20 noyabr (shanba)

LATsIO – YuVeNTUS

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: Sport

«Yuventus» asta-sekin kuchli to‘rtlikka yaqinlashib kelayotgan va oradagi farq 4 ochkoga kelib qolgan bo‘lsa-da, bu turinliklarda hammasi joyida ekanini anglatmaydi. Allegri shogirdlari A Seriyada qatorasiga uch o‘yinda g‘alaba qozona olmadi va so‘nggi turga kelibgina «Fiorentina» ustidan minimal g‘alabaga erishdi. O‘sha o‘yinda ham «Fiorentina» bir o‘yinchi kam bo‘lib qolgandan keyingina, «Yuventus» g‘alaba golini urdi. Agar «Atalanta», «Latsio» yoki «Roma» sal barqarorroq natijalar ko‘rsatayotgan bo‘lganida, «Yuventus»ning holati ancha og‘ir bo‘lardi. 

Hozirda «Latsio»da 12 o‘yindan 21, «Yuventus»da esa 18 ochko bor. Ushbu o‘yin natijasi «Latsio»ni to‘rtinchi o‘ringa olib chiqishi yoki aksincha, 9-o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. «Yuventus» esa rimliklarni quvib o‘tishi yoki yana turnir jadvalining ikkinchi yarmiga qaytish ham mumkin.  

O‘zaro o‘yinlar borasida mehmonlar yaqqol ustunlikka ega. Oxirgi 30 o‘yinning 21 tasida «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan. Aynan Rimdagi o‘yinlarga kelsak, o‘tgan mavsumda 1:1 hisobida yakunlangan, Kanseluning 90+5-daqiqadagi goli rimliklarga yagona ochkoni olib kelgandi. Ikki yil avval esa «Latsio» 3:1 hisobida g‘alaba qozongan.

Tarkiblar borasida «Yuventus»da jarohatlanganlar ko‘p, ammo «Latsio»ning yo‘qotishi ko‘proq ta'sir kuchiga ega bo‘lishi mumkin. Dibala, Kellini, Remzi, De Shilo va Bernardeskilar maydonga tushmasa-da, turinliklar ularsiz ham o‘ynashga o‘rganib qolishgan. Ammo Chiro Immobilening yo‘qligi mezbonlarga katta yo‘qotish bo‘ladi. Chiro 10ta gol bilan A Seriyaning eng yaxshi to‘purari sanaladi.  

La Liga. 14-tur

20 noyabr (shanba)

BARSeLONA – ESPANOL

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV 

Klublar o‘rtasidagi futbol tanaffusga chiqqan bo‘lsa-da, «Barselona»da zerikish bo‘lmadi. Klubda murabbiy almashdi va hatto transferlar ham sodir bo‘ldi. Xavining qaytishi va uning jamoada nafaqat ichki tartib-qoidalar va tamoyillar, balki maydondagi o‘yin uslubini tubdan o‘zgartirishga kirishgani ushbu o‘yinga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Buning ustiga bu o‘yin Kataloniya derbisi – «Espanol» «Kamp Nou»da munosib qarshilik qilishi shubhasiz.

Foto: Getty Images

«Espanol» hozirda «Barsa» bilan bir xil ochko to‘plab turganining o‘zi ham ko‘p narsani ifodalaydi. Ammo e'tiborga molik jihati «Espanol» ishonchli o‘yinlarini asosan o‘z maydonida o‘tkazgan va hatto «Real» ustidan ham g‘alaba qozongan. Ammo safar o‘yinlarida Visente Moreno shogirdlarida muammolar bor. Jamoa mehmondagi o‘yinlarida 6 bahsda atigi 3 ochko qo‘lga kiritgan, birorta ham g‘alaba qozonmagan va bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha La Ligada 18-jamoa bo‘lib turibdi. Bunday muvaffaqiyatsiz an'ana jamoaning «Kamp Nou»dagi o‘yinlarida ham ko‘riladi – aynan ushbu stadionda o‘tgan La Liga doirasidagi oxirgi 10 derbida «Espanol» nafaqat g‘alaba qozona olmagan, balki durang o‘ynashning ham uddasidan chiqmagan. To‘plar nisbati esa – 33:2.  

Nima bo‘lsayam, raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar, Xavining murabbiy sifatida Yevropadagi debyutini o‘tkazib yuborib bo‘lmaydi. Jamoa o‘yinidagi, tarkibdagi o‘zgarishlar, yangi falsafa ilk o‘yindayoq sezilishi lozim. Har holda Xavining o‘zi bunga va'da bermoqda. 

A Seriya. 13-tur

21 noyabr (yakshanba)

INTeR – NAPOLI

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: Sport

«Inter»da «Milan» va «Napoli»ga qarshi ketma-ket o‘yinlarda maydonga tushib, ushbu peshqadamlar bilan o‘rtadagi farqni qisqartirish imkoni bor edi. Milan derbisida maqsadga erishilmadi, o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. Endilikda, «Inter»ning peshqadamlardan farqi 7 ochkoni tashkil qilmoqda. Agar mag‘lubiyatga uchrasa, farq 10 ochkoga yetadi va jamoa chempionlik poygasida ishtirok eta olmaydi. G‘alaba esa ham «Inter»ni «Napoli»ga yaqinlashtirishi, ham peshqadamlarga qo‘shimcha bosim yuklashi mumkin. Har holda chempionlik tajribasi «Inter»da bor. Buning ustiga «Milan» ham safarda «Fiorentina»ga qarshi qiyin o‘yinda maydonga tushadi. Bu tur chempionlikka da'vogarlik borasida qisman hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.  

Foto: Twitter.com/@inter

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, deyarli tenglikni kuzatish mumkin. Oxirgi 28 o‘yinning 11tasida «Napoli»ning qo‘li baland kelgan. 8 o‘yinda milanliklar ustun kelgan bo‘lsa, 9 uchrashuv durang bilan yakuniga yetgan. Milanda bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvda Lukakuning penaltidan urgan goli o‘yin taqdirini hal qilgandi. Umuman «Inter» mezbonlik qilgan oxirgi 4 o‘yinda mezbonlar uch g‘alabaga erishishgan va bir o‘yin durang bo‘lgan. Bu o‘yinlarda «Napoli» biror marta ham gol ura olmaganini alohida e'tirof etish lozim.  

Bu uchrashuvdan uch kun o‘tib, «Inter» «Shaxtyor»ga qarshi YeChLda hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushishini ham ta'kidlash kerak. Xullas, Simone Indzagi uchun mavsumning eng hal qiluvchi uch kunligi boshlanmoqda.  

BOShQA O‘YINLAR

20 noyabr. ATALANTA – Spetsiya (19:00), BORUSSIYa – Shtutgart (19:30), SeVILYa – Alaves (20:15), PSJ – Nant (21:00), ATLeTIKO – Osasuna (22:30), Fiorentina – MILAN (21 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45) 

21 noyabr. MANCheSTeR SITI – Everton (19:00), Granada – ReAL (20:15), TOTTeNHEM – Lids (21:30), Jyenoa – ROMA (22 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45).

Mavzuga oid
Top