19:00 / 20.11.2021
42337

Hayot va o‘lim: Avtomobil gaz balloni nega portlaydi?

Bugun ko‘p kuzatilayotgan mudhish hodisalardan biri – avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi bo‘lmoqda. Buning oqibatida ko‘plab kishilar hayoti xavf ostida qolyapti, ko‘plar vafot etmoqda. Kun.uz mazkur muammoni keltirib chiqaruvchi omillarni o‘rgandi.

Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari qancha bosimda damlanishi me'yoriy hisoblanadi? Ular qancha muddatda ko‘rikdan o‘tkazilishi zarur?

Afsuski, buni ko‘pchilik haydovchilar bilmaydi yoki bilsa-da, gaz ballonni me'yoridan ortiq damlataveradi. Natijada respublikaning turli hududlarida gaz ballonlar portlashi yuz bermoqda va bu qurbonlarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu muammoning oldini olish uchun nimalar qilish zarur?

Gaz ballonni 200 bosimdan ortiq damlamaslik zarur

Gaz ballon ishlab chiqaruvchi korxonalar uskunaga 15 yil kafolat berishadi. Ammo ko‘plab gaz ballonlar bir necha yilda yaroqsiz holga kelib qolmoqda. Buning asosiy sababi – ballonga me'yoridan ortiq gaz quyish bilan bog‘liq. Ballon portlashi ham ushbu omil oqibatida sodir bo‘ladi.

Baxtiyor Gapparov

Toshkent shahar IIBB YHXB texnika nazorati bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Gapparovning aytishicha, gaz ballonlarni yiliga mingta sikldan damlatish kerak. Shunda 15 yilga 15 ming sikl bo‘ladi. Ammo hozirda aksariyat haydovchilar 1 yilda 1,5-2 mingtagacha yetkazmoqda.

«Gaz ballonlardagi portlashlarning aksari yuqori bosimda damlatilishi sababli yuzaga kelmoqda.

Gazni necha bosimda quyish kerak deb so‘rasangiz, haydovchilarning ko‘pchiligi bilmaydi. Shuning uchun haydovchilarga aytib o‘taman, 200 bosimdan oshishi kerak emas. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari xodimlari haydovchi qancha iltimos qilsa-da, pul bersa-da, gaz bosimini 200dan oshirmasligini so‘rab qolaman.

Uzoqqa qatnaydigan yo‘lovchilar, mashinaga o‘tirishdan oldin mashinaga gaz «zapravka» qilingan bo‘lsa, monometriga qarab olishni, agar 200dan yuqori damlatilgan bo‘lsa, u mashinaga chiqmaslikni so‘rab qolaman. Bu xavfli.

Ayrim nopok ustalar kapron ballonlar ustini shilib, chiroyli bo‘yab, «yangi po‘lat ballon», deb odamlarni aldab, transport vositasiga o‘rnatib beryapti. Bu ham portlashlarga sabab bo‘lmoqda. Viloyatlarda asosan kapron ballonlar portlayapti. Bu ballonlar hozirda davlat standartlariga javob bermaydi va iste'moldan chiqarilgan. Gaz quyish shoxobchalarida ularga gaz to‘ldirish qat'iyan taqiqlanadi», dedi podpolkovnik.

Bugungi kunda avtomobillar uchun mo‘ljallangan gaz ballonlari Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida ishlab chiqariladi. Shuningdek, bunday mahsulotlar Italiya, Janubiy Koreya, Rossiya va Xitoydan import qilinadi.

Ko‘p haydovchilar gaz ballon xorijniki bo‘lsa portlamaydi, degan fikrda. Ammo ballon portlashi uning qayerda ishlab chiqarilganida emas, balki noto‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq, demoqda mutaxassislar. Chunki O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan gaz ballonlar sifati ham chet elnikidan qolishmaydi. Vaholanki, o‘zimizda chiqqan gaz ballonlar xorijga eksport qilinmoqda. Hozirda gaz ballon portlashi bilan bog‘liq eng ko‘p holatlar Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatida kuzatilmoqda.

Noto‘g‘ri o‘rnatilgan gaz ballon ham portlaydi

Gaz ballon portlashiga yana bir sabab – uning avtomobilga noto‘g‘ri o‘rnatilishida. Agar mazkur xatoga yo‘l qo‘yilsa, tabiiyki haydovchi va mashinadagi yo‘lovchilar hayoti xavf ostida qoladi.

Qahramon Saydahmedov

«Milliy metall sanoat» MChJ laboratoriya boshlig‘i Qahramon Saydahmedovga ko‘ra, bunda bir necha muhim omilga e'tibor qilish lozim.

«Avvalo, avtomobilga gaz ballonni litsenziyasi mavjud shoxobchalarda o‘rnatish zarur. Ballon o‘rnatuvchilardan kapot osti «klapan»lari tavsiya etilgan ishlab chiqaruvchilarniki bo‘lishini talab qilish kerak. Masalan, 4-avlod kapot osti jihozlari sifatli hisoblanadi.

Yana bir muhim jihat – gaz balloni 20 megapaskaldan ko‘p bo‘lmagan bosimda damlatilishi shart. Aks holda ballonlarning xavfsiz ishlash muddati keskin kamayadi va uskuna erta yaroqsiz holga keladi. Aytish kerakki, gaz ballon portlashiga foydalanuvchi befarqligi, ya'ni inson omili asosiy sababchi bo‘lmoqda. Hech kim haydovchini gaz ballonni me'yoridan ortiq bosimda damlashga majburlamaydi. Ammo ko‘pchilik haydovchilar ko‘proq yo‘l bosish maqsadida ortiqcha damlatishadi. Natija esa portlash bilan tugaydi», dedi mutaxassis.

Gaz ballon ichini yilda bir tozalab yuvdirish kerak

«KTB avtosozlash» MChJ direktori o‘rinbosari Qahramon To‘xtanazarovning aytishicha, ko‘p haydovchilar avtomobilidagi gaz ballonlarni doimiy nazoratdan o‘tkazmaydi. Shu sababli ballonlar yaroqsiz holga kelib qolmoqda.

Qahramon To‘xtanazarov

«Haydovchida ham ayb bor-da, qo‘shib pul to‘laymiz ko‘proq gaz quyib bering deydi. Gaz ballon rezina emaski, kengayib keyin torayadigan, yorilib ketadi. Portlashlarning ko‘p qismi «zapravka»larda yuz beradi. Aniqrog‘i gaz damlayotgan paytda bo‘ladi.

Gaz ballonni ichiga suv quyib yuvgan paytimizda ichidan quyqa moy chiqadi. O‘sha ballonni ichidan yemiradi. Yilda bir marta yuvdirish kerak. Haydovchilar temir ustiga o‘rnatgan gaz ballonga umuman qaramaydi. Rezinkalar qo‘yilmagan. Natijada ballonni temir «yeb» qo‘ygan. Uning portlash xavfi yuqori bo‘ladi», deydi u.

Mutaxassislar aytganidek, avtomobil gaz ballonlarini 200 bosimdan ortiq damlamaslik kerak. Agar undan yuqori bosim berilsa, ballon kengayadi va yorilish xavfi paydo bo‘ladi.

Gaz quyish shoxobchalaridan chiqayotgan bir necha haydovchiga gaz ballonlarini qancha bosimda damlatishlarini so‘rab mikrofon tutdik. Aytish kerakki, chindan ham ko‘pchilik me'yor qanchaligidan bexabar.

Xulosa o‘rnida aytganda, har bir haydovchi avvalo o‘z xavfsizligi uchun javobgarligini, qolaversa, jamoat joyida avtomobilda harakatlanar ekan, atrofdagilar xavfsizligi uchun ham mas'ulligini unutmasligi lozim. Gaz ballon portlashi bir kishining emas, o‘nlab insonlar hayotiga xavf solishi mumkin. Shu bois, mutaxassislar aytganidek, uskunani doimiy ko‘rikdan o‘tkazish va me'yoridan ortiq damlamaslik zarur.

Islombek Umaraliyev, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov. 

Top