08:49 / 23.11.2021
20389

Toshkent shahar bosh rejasi taqdimoti yana ortga surildi: Bu «buza-buz» va «shaharni taqsimlash» uchun yana bir imkoniyat emasmi?

Hukumat Toshkent shahri hokimligiga shahar bosh rejasini 2022 yil oxirigacha ishlab chiqishni topshiriq qildi. Loyihani tayyorlash uchun muddat bungacha ham bir necha bor ortga surilgandi.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G‘aniyev

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri bosh rejasini ishlab chiqish va tasdiqlanishi yana bir yil ortga surildi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 noyabrdagi 702-sonli qarori mazmunidan shuni anglash mumkin.

«Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan aholi punktlarini 2021-2024 yillarda kompleks rivojlantirish hamda kommunal xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida», deb nomlangan va bir necha ilovalarni o‘z ichiga olgan qarorning 9-xatboshisida Toshkent shahar hokimligi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda 2022 yil yakuniga qadar Toshkent shahar bosh rejasi ishlab chiqilishini va tasdiqlashga kiritilishini, shuningdek, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o‘tkazilgan hududlar uchun batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilishini ta'minlashi kerakligi aytiladi.

Ta'kidlash o‘rinliki, ushbu hujjat Toshkent shahar bosh rejasini ishlab chiqishga doir ilk topshiriq emas. Bundan avval ham poytaxt bosh rejasini ishlab chiqishga bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlar bo‘lgan va har safar ommadan yashirilgan, noma'lum sabablarga ko‘ra bosh rejani e'lon qilish ortga surib kelingan.

Xususan, 2018 yil 17 avgustda PF-5515-sonli prezident farmoni ham imzolangan bo‘lib, unda Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tartibsiz qurilishlarga olib kelayotgani, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayotgani, shuningdek, ijtimoiy obektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishni hisobga olgan holda poytaxtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ta'kidlangan edi.

Mazkur farmonda Toshkent shahar hokimiga 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazishni ta'minlash vazifasi yuklatilgan. Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi Toshkent shahar hokimi devoniga yuklangan edi.

Hujjatga muvofiq, bevosita Toshkent shahar hokimi 2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini; 2019 yil 1 dekabrga qadar tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim edi.

Shuningdek, prezident farmoni bilan vazirlik va idoralar Toshkent shahar hokimi devoniga Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishda ko‘maklashish, o‘z vakolatlari doirasida ushbu hujjatlarning o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi uchun zarur bo‘lgan materiallar bilan ta'minlashi topshirig‘i ham berilgan.

Alohida ta'kid bilan, Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaxtni arxitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar:

Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish bo‘yicha ishlarni olib borish taqiqlanadi, deb belgilab qo‘yilgan.

Qayd etish kerakki, prezidentning mazkur farmonini hozircha hech kim bekor qilgani yo‘q, ya'ni u hamon kuchda, lekin unda belgilangan muddatlar allaqachon o‘tib ketgan.

Surilgan muddatlar

 

Matbuotda dastlab 2012 yil yozida Toshkent shahri va uning atrofi bosh rejasining 2030 yilgacha hisoblangan texnik-iqtisodiy asoslari muhokama qilingani haqida xabar berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil avgustidagi farmoni bilan poytaxt hokimligiga 2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkentning bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasini taqdim etish, shuningdek, 2019 yil 1 dekabrgacha tasdiqlangan bosh reja konsepsiyasi asosida poytaxtning yangi bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi to‘g‘risida topshiriq bergan edi.

Toshkent shahar bosh rejasi konsepsiyasi 2019 yil 1 yanvargacha e'lon qilinmagani bir yoqda tursin, uning muddati bir necha bor sababsiz ortga surib kelindi.

Dastlab, 2019 yil fevralida Toshkent shahri yangi bosh loyihasining konsepsiyasi 2019 yil aprelida taqdim etilishi ma'lum qilindi. O‘sha vaqtda shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Davron Hidoyatov Toshkent shahar bosh rejasi konsepsiyasi loyihasi ustida Xitoy, Turkiya, Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib borayotgani haqida aytdi. Buning uchun Toshkent 3D-kameralar o‘rnatilgan vertolyotlar vositasida, bosh vazir Abdulla Aripov va poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokida «skanerdan o‘tkazilishi» aytildi. 

Toshkent osmonidan Bosh vazir va hokim vertolyotda uchib o‘tdi. 2019 yil mart

Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, aprel oyi boshida, bu safar shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar bosh rejasining konsepsiyasi 2019 yil may oyida taqdim qilinishini e'lon qildi. U Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazgan sayyor qabul chog‘ida «Toshkent shahar bosh rejasi 20 may kuni taqdim etiladi», deya sanaga ham oydinlik kiritgandi.

2019 yilning iyun oyi oxirida qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov kechikishga izoh berib, «Toshkent shahri bosh rejasi konsepsiyasi kechikayotgani shahar hokimligining muammosi» ekanini ta'kidlagandi. «Ushbu konsepsiya yaqin 1,5-2 oy ichida tayyor bo‘ladi», degandi u.

O‘sha yilning oxiri, ya'ni 2019 yil 10 dekabrda Davron Hidoyatov Senat yalpi majlisida qilgan chiqishida «Toshkent shahri bosh rejasi 2020 yilda taqdim etilishi kutilayotgani»ni aytdi.

2020 yil may oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bloger Kirill Altmanga bergan intervyusida bosh reja masalasida shoshilmaslik kerakligini aytdi. Iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanlarining birida esa hokim strategiyani belgilashda har doim ham bosh reja lozim, deb o‘ylamasligini ta'kidlagan edi. «Hozir ko‘pchilik bosh reja bo‘lsa, hayotimiz osonlashib qoladi degan tushunchada yuribdi. Ammo bosh reja iqtisodiy-siyosiy yoxud boshqa sohalarda rivojlanishlarni belgilab beradi degani emas», degandi hokim Ortiqxo‘jayev.

2020 yil dekabrida qurilish vaziri o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov (2021 yildan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri) O‘zbekiston poytaxtining qurilish bosh rejasi 2022 yili tayyor bo‘lishini ma'lum qildi. «Bosh rejani ishlab chiqish uchun dunyodagi yetakchi loyihalash tashkilotlari bilan muzokara olib borilyapti. Bunda Estoniya, Turkiya, Yevropa va AQShdagi loyiha institutlarining urbanistikada tajribali bo‘lgan mutaxassislari bilan so‘zlashmalar olib borilmoqda. Ayni paytda bosh rejani ishlab chiquvchi kompaniyani tanlab olish uchun tanlov o‘tkazishga tayyorlanyapmiz. 2022 yilda bosh reja ishlab chiqiladi va muhokamaga qo‘yiladi. 2023 yilda Toshkent shahrining bosh rejasi qabul qilinishi kutilmoqda», dedi Hidoyatov.

Prezidentning 2020 yil noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2025 yilga borib barcha shaharlar va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olishga erishish rejalashtirilgan.

Ishqilib, 2022 yil oxirigacha bajarish belgilangan navbatdagi bosh reja topshirig‘i ham «tagiga olmasin-da». Hurmatli ijrochilar, axir shahar aholisi Toshkentning rejasiz «rivojlanishi»dan charchadi. Aytish kerakki, poytaxt bosh rejasi birinchi prezident Islom Karimov davridan beri ishlab chiqilgani yo‘q. O‘ylaymizki, navbatdagi ortga surilish «buza-buz» va «shaharni taqsimlash» uchun yana bir imkoniyat bo‘lib qolmaydi.

Tolib Rahmatov

Top