17:51 / 23.11.2021
14378

YeChLda hal qiluvchi turlar boshlanmoqda. Kimga qanday natija kerak?

Xavi «Barselona»ni, Kerrik «MYu»ni pley-offga olib chiqishga harakat qiladi.

Foto: UEFA Champions League

Bugun, 23 noyabr kuni Chempionlar Ligasida 5-tur o‘yinlari boshlanadi. Bugun maydonga tushadigan 16 jamoadan faqat 2tasi («Bavariya» va «Yuventus») keyingi bosqich masalasini to‘liq hal qilgani va faqat bir jamoada («Malmyo») umuman imkoniyat qolmaganini inobatga olsak, uchrashuvlar juda qiziqarli va shiddatli o‘tishini taxmin qilsak bo‘ladi. Quyida bugungi o‘yinlar va jamoalarning imkoniyatlari haqida ma'lumot keltiriladi.

E guruhi

Xavi «Barselona» murabbiyi sifatida ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi va juda muhim vazifani yechishi shart. «Benfika»ga qarshi uchrashuvda kataloniyaliklarning Chempionlar Ligasidagi taqdiri hal bo‘lishi mumkin.

Hozirda guruh turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turgan «Barselona» portugallardan 2 ochko oldinda bo‘lsa-da, «Kamp Nou»da o‘tadigan javob o‘yinida g‘alaba qozonish shart. Ana shunda jamoa so‘nggi turdagi natijalardan qat'i nazar rasman pley-off ishtirokchisiga aylanadi. Agar durang o‘ynaydigan bo‘lsa, o‘rtadagi farq saqlanib qolgan taqdirda ham, 6-turda «Barselona» «Bavariya» mehmoni bo‘lishi va «Benfika» «Dinamo»ni qabul qilishi tufayli, ikkinchi o‘rin xavf ostida qoladi. Bu holda so‘nggi turda «Barselona» Myunxenda faqat g‘alaba uchun o‘ynashiga to‘g‘ri keladi va bu vazifani uddalash juda qiyin.

Demak, Xavi shogirdlarini bugungi to‘qnashuvda faqat g‘alaba qoniqtiradi.

Kiyevga safar qiladigan «Bavariya» keyingi bosqich masalasini rasman hal qilib bo‘lgan. Kiyevliklar esa, hech bo‘lmasa, Yevropa Ligasiga o‘tish uchun ham ochko olishi kerak. To‘g‘ri, nazariy tarafdan «Dinamo»da hatto 2-o‘ringa ko‘tarilish imkoniyati saqlanib qolgan, ammo bu juda qiyin masala. Buning uchun «Dinamo» qolgan ikki o‘yinda 6 ochko olishi, «Barselona» esa, har ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi talab etiladi.

Taxminiy tarkiblar

«Barselona» - «Benfika» (01:00. Sport va Match Futbol2)

«Barselona»: ter Stegen; Roberto, Pike, Garsiya, Alba; de Yong, Buskets, Niko; Gavi, Depay, Dembele
O‘ynamaydi: Aguero (yuragidagi muammo), Breytveyt (tizza), Fati (mushaklardagi jarohat), Pedri (son sohasidagi muammo).
Sariq kartochka: Gavi
So‘roq ostida: Buskets (boldir sohasidagi jarohat), Dembele (yomon forma), Dest (bel), Mingesa (tomir tortishishi), Niko (golenostop)

«Benfika»: Vlaxodimos; Morato, Otamendi, Vertongen; Lazaro, Vaygl, Joau Mariu, Grimaldo, Rafa Silva, Yaremchuk, Darvin
O‘ynamaydi: Diogu Gonsalvesh (muskullardagi jarohat), Lukas Verissimo (tizza), Radonich (muskullardagi jarohat), Rodrigo Pino (tizza);
Sariq kartochkasi borlar: Otamendi, Rafa Silva, Vaygl

«Dinamo» Kiyev - «Bavariya» (22:45. Mahalla va Match Futbol2)

«Dinamo»: Bushchan; Kendzera, Zabarniy, Sirota, Mikolenko; Sidorchuk, Shaparenko; Tsigankov, Buyalskiy, de Pena; Garmash
O‘ynamaydi: Besedin (tizza), Verbich (aniqlashtirilmagan);
Sariq kartochka: Garmash.

«Bavariya»: Noyyer; Pavar, Nyanzu, Ernandes, Richards; Goretska, Tolisso; Sane, Myuller, Devis; Levandovski
O‘ynamaydi: Shupo-Moting (karantin), Kyuizans (karantin), Gnabri (karntin), Kimmih (karantin), Musiala (karantin), Stanishich (kasallik), Zyule (kasallik), Upamekano (diskvalifikatsiya);
Sariq kartochka: Lukas Ernandes.
So‘roq ostida: Koman (mushaklardagi jarohat), Zabitser (boldir mushaklaridagi jarohat)

F guruhi

Maykl Kerrik boshchiligida «Manchester Yunayted» futbolchilari «Vilyareal»ga qarshi o‘yinda kamida bir ochko olishi shart. Shundagina inglizlar guruhda birinchi o‘rinni saqlab qoladi va oxirgi turda «Yang Boyz»ni yengib, keyingi bosqichga chiqish mumkin. Mabodo «MYu» yutqazib qo‘yadigan bo‘lsa, «Atalanta» shveysariyaliklarni yengishini taxmin qilsak, 3-o‘ringa tushib qolishadi.

Bu natijalardan keyin so‘nggi turda Italiyada kechadigan o‘zaro uchrashuv oldidan «Vilyareal»da 10, «Atalanta»da 8 ochko bo‘ladi, «Yunayted» esa, «Yang Boyz»ni qabul qiladi. Ko‘rinib turibdiki, «MYu» Ispaniyada mag‘lubiyatga uchrab ham, yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun ikki yo‘l qoladi – yoki «Yang Boyz» ustidan juda yirik hisobda g‘alaba qozonish, yoki «Atalanta» - «Vilyareal» o‘yinida mehmonlar ochko olishidan umid qilish. Xullas, hozirda bu guruhda hammasi chalkash – uch jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor va uchala jamoa uchun ham barchasi o‘z qo‘lida. Bugun Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan o‘yin va so‘nggi turdagi «Atalanta» – «Vilyareal» to‘qnashuvi ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

«Yang Boyz»da ham barchasi yo‘qotilmagan. Shveytsariyaliklar qolgan ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashsa, ochkolari soni 9taga yetadi va bemalol YeChL keyingi bosqichi haqida o‘ylash mumkin. Lekin jamoa dastlabki turdagi g‘alabadan so‘ng, 3 o‘yinda ochko olmayotganini e'tiborga olsak, bu faqat nazariy imkoniyat ekanini anglash mumkin.

Taxminiy tarkiblar

«Vilyarreal» - «Manchester Yunayted» (22:45. Sport va MatchTV)

«Vilyarreal»: Ruli; Foyt, Albiol, Pau Torres, Pedrasa; Trigeros, Parexo, Koklen; Pino, Dia, Chukvueze
So‘roq ostida: Alkaser, Asenxo, Kapu, Danjuma - (barchasi aniqlashtirilmagan), Jyerar Moreno (bel qismidagi jarohat)

«MYu»: de Xea; Uan-Bissaka, Lindelyof, Maguayr, Dalot; Maktominey, Fred; Sancho, Brunu Fernandesh, Reshford; Ronaldu
O‘ynamaydi: Grinvud (kasallik), Pogba (sondagi jarohat), Varan (bel qismidagi jarohat), Shou (miya chayqalishi)
So‘roq ostida: Kavani (paydagi jarohat).

«Yang Boyz» - «Atalanta» (01:00. Mahalla va Match Futbol3)

«Yang Boyz»: Fevr; Xefti, Lauper, Byurgi, Garsiya; Serro, Martins; Ebisher; Ngamale, Sibacho, Elia
O‘ynamaydi: Kamara (mushaklardagi jarohat), Fassnaht (bosh suyagi singan), Lyaydani (lat yeyish), Monteyru (tizza), Nsame (tovon), Petinya (aniqlashtirilmagan), fon Ballmoos (yelka), Zesiger (oyoq kaftida jarohat);
Sariq kartochka: Ebisher, Serro.

«Atalanta»: Musso; Toloy, Demiral, Palomino; Dzappakosta, Froyler, de Roon, Mele; Pashalich; Malinovskiy, Sapata
O‘ynamaydi: Xatebur (oyoq kaftida jarohat), Gozens (son), Lovato (son);
Sariq kartochka: de Roon.

G guruhi

Ko‘pchilikning nazaridan chetda qolayotgan, lekin eng qiziqarli guruhlardan biri. Bu guruhda ham har bir jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolgan va yuqorida tilga olingan guruhlardan farqli ravishda, ushbu to‘rtlikdagi jamoalar o‘sha ikki kerakli g‘alabani amalga oshirishga qodir ham.

Faqatgina «Zalsburg» keyingi bosqich masalasini bugunoq hal qila oladi. Agar avstriyaliklar safarda «Lill» ustidan zafar quchadigan bo‘lsa, ochkolari sonini 10taga yetkazadi va kamida 2-o‘rinni naqd qiladi.

«Sevilya» – «Volfsburg» uchrashuvi ham alohida e'tiborga arziydi – ispanlar pley-offda kurashish imkoniyatini saqlab qolish uchun ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonish shart. Xuddi shunday vazifa «Volfsburg»ga ham qo‘yilgan. «Bo‘rilar» durang o‘ynab ham so‘nggi tur oldidan kichik imkoniyat saqlab qolishi mumkin, lekin o‘shanda ham parallel uchrashuv natijasiga qarashga to‘g‘ri keladi.

Xullas, bugungi ikki o‘yinda maydonga tushadigan 4 jamoaning barchasini faqat va faqat g‘alaba to‘liq qoniqtiradi.

Taxminiy tarkiblar

«Sevilya» - «Volfsburg» (01:00. Sport2)

«Sevilya»: Bunu; Montiel, Kunde, Diyego Karlos, Akunya; Jordan, Fernando, Rakitich; Okampos, Mir, Papu Gomes
O‘ynamaydi: An-Nosiriy (son sohasidagi og‘riq), Lamela, Suso - (aniqlashtirilmagan), Navas (son);
Sariq kartochka: Dileyni, Diyego Karlos.

«Volfsburg»: Kasteyels; Lakrua, Bornau, Bruks; Baku, Vranks, Arnold, Russiyon; L. Nmecha, Lyukbakio; Veghorst
O‘ynamaydi: Byalek, Otavio, Shlager, Villiam (barchasi tizza), Mehmedi (mushaklardagi jarohat), Shteffen (boldir sohasida jarohat); So‘roq ostida: Gilyavogi (boldirdagi og‘riq);
Sariq kartochka: Lakrua, Mbabu, L. Nmecha, Veghorst.

«Lill» - «Zalsburg»

«Lill»: Grbich; Zeki Chelik, Tyagu Djalo, Fonte, Reynildu; Renatu Sanshesh, Sheka, Onana, Bamba; Yilmaz, Devid;
O‘ynamaydi: Andre (diskvalifikatsiya), Botman (chov), Ikone (diskvalifikatsiya), Gudmundsson (mushaklardagi jarohat);
Sariq kartochka: Bamba, Burak Yilmaz, Sheka.

«Zalsburg»: Ken; Kristensen, Ongene, Veber, Ulmer; Kamara; Suchich, Aronson, Zayvald; Adamu, Adeyyemi
O‘ynamaydi: Yunuzovich (tovon), Pentkovski (golenostop), Okox (tizza);
So‘roq ostida: Okafor (mushaklardagi jarohat);
Sariq kartochka: Kamara.

N guruhi

Londonda bo‘lib o‘tadigan «Chelsi» – «Yuventus» o‘yini ko‘proq guruh g‘olibi masalasini hal qiladi. «Yuventus» rasman keyingi bosqich ishtirokchisiga aylangan, lekin 1-o‘rinni saqlab qolishi uchun «Chelsi» bilan o‘yinda kamida durangga erishishi kerak. Pley-offda nisbatan kuchsizroq jamoalarga raqib bo‘lish uchun bu ham ahamiyatli.

«Chelsi» ham amalda keyingi bosqichga chiqqan, ammo bu haqida rasman aytishimiz uchun bugun kamida durang qayd etishi kerak. Mabodo «Chelsi» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, 9 ochko bilan qolib ketadi va «Malmyo»ga safar qiladigan «Zenit» 3 ochkolik masofada yaqinlashib oladi. Oxirgi turda «Chelsi» Rossiyada «Zenit» mehmoni bo‘ladi va yo‘llanma masalasi o‘sha o‘yinga qolib ketishi mumkin. Birgina uchrashuvda, ayniqsa safarda har narsa bo‘lishi mumkinligini inobatga olsak, «Chelsi» bugun kerakli ochkoni olishi talab etiladi. Albatta, g‘alaba qozonib, guruh g‘olibi bo‘lishning ham foydasi haqida aytib o‘tdik.

«Malmyo» esa Yevropa Ligasiga ilinish uchun «Zenit»ni yengishga urinib ko‘radi. Ammo bu yerda g‘alabaning o‘zi yetarli bo‘lmasligi ham mumkin, chunki bu jamoalarning dastlabki o‘yinida «Zenit» 4:0 hisobida ustun kelgan. Shvedlar mana shunday yirik hisobda g‘alaba qozonishi lozim. Yoki «Zenit»ni kichik hisobda yengib, so‘nggi turda «Yuventus»dan ham ochko olish kerak bo‘ladi.

Taxminiy tarkiblar

«Chelsi» - «Yuventus» (01:00. Yoshlar va Match Futbol1)

«Chelsi»: Mendi; Aspilikueta, Kristensen, Ryudiger; Jyeyms, Jorjino, Kante, Chiluell; Maunt, Pulishich; Havers
O‘ynamaydi: Kovachich (son sohasidagi og‘riq)
So‘roq ostida: Lukaku (boldir va tovon orasidagi to‘qima uzilishi).

«Yuventus»: Shchensni; Kuadrado, Bonuchchi, de Lixt, Aleks Sandro; Kulusevski, Makkenni, Lokatelli, Rabo; Keza; Morata
O‘ynamaydi: Bernardeski (chov qismidagi og‘riq), Danilo (son), De Shilo (son), Kellini (tovonidagi to‘qimalar jarohati)
So‘roq ostida: Remzi, Dibala (ikkisida ham sonda og‘riq)

«Malmyo» - «Zenit» (01:00. MatchTV)

«Malmyo»: Dalin; Larsson, Ahmedhojich, L. Nilsen, Ulsson; Innosent, Levitski; Birmanchevich, Nanasi, Penya, Cholak
O‘ynamaydi: Berget (oyoq), Kristiansen (bel sohasidagi og‘riq), Toyvonen, Knudsen, Seydiu - (barchasi tizza), Beymo (o‘mrov suyagi);
Sariq kartochka: Brorsson, Nilsen.

«Zenit»: Kerjakov; Chistyakov, Lovren, Rakitskiy; Karavayev, Barrios, Vendel, Duglas Santos; Malkom, Dzyuba, Klaudino
O‘ynamaydi: O‘zmun (mushaklardagi jarohat), Kritsyuk (tizza), Krugovoy (kasallik)

Mavzuga oid
Top