18:49 / 24.11.2021
18299

YHQ: “B” guvohnoma bilan tirkamali transport vositasini boshqarish mumkinmi?

Kun.uz “Poytaxt avtoustoz” MChJ bilan hamkorlikda “Yo‘l harakati qoidalari” turkum videodarslarini e'tiboringizga havola qilib kelmoqda. Senat Ekspertlar kengashi a'zosi Nosirjon Zokirov ko‘rsatuvning ushbu sonida avtopoyezd hamda aholi punktlariga doir ayrim tushunchalarni izohlaydi.

Avtopoyezd – biz avtopoyezdga tirkama, yarim tirkama yoki tirkamalar ulangan mexanik transport vositasi deb ta'rif beramiz. Bu amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”dan farq qiladi. Hozirgi Qoidalarda avtopoyezd yuk avtomobili bilan bog‘lab qo‘yilgan. Aslida unday emas.

Amaldagi qoidaga ko‘ra, avtopoyezd – ulagich moslamalari bilan ulangan egarli shatakka oluvchi va yarim tirkama yoki yuk avtomobili va tirkama (tirkamalar)dan iborat transport vositasi tarkibi.

Yengil avtomobil ham tirkama bilan harakatlansa, avtopoyezd hisoblanadi. Faqat, uni qaysi toifa bilan boshqarish haqida savol paydo bo‘ladi.

Agar tirkamaning ruxsat etilgan to‘la vazni 750 kg.dan oshmasa, haydovchi bu transport vositasini B toifa guvohnomasi bilan boshqarsa bo‘ladi. Tirkamaning to‘la vazni 750 kg.dan ortiq bo‘lsa, bu haydovchiga BE toifalari bo‘lgan guvohnoma talab etiladi.

Undan katta yuk avtomobillarini tirkama yoki yarim tirkama bilan boshqarayotganda CE toifasi lozim bo‘ladi. Uzaytirilgan avtobuslar esa DE toifasidagi haydovchilik guvohnomasi bilan boshqariladi.

Aholi punktini qanday tushunish kerak? Aholi punkti insonlar imoratlar qurib yashaydigan, obod qilingan hudud hisoblanadi. Buni qanday bilamiz?

5.22 yo‘l belgisi bor – “Aholi punktining boshlanishi”. 5.23 yo‘l belgisi bor – “Aholi punktining oxiri”.

Yana 5.24 belgisi mavjud – “Aholi punktining boshlanishi”. 5.25 – “Aholi punktining oxiri”.

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”da aholi punktiga quyidagicha ta'rif berilgan. Aholi punkti – kirish va chiqish yo‘llari 5.22 – 5.25 yo‘l belgilari bilan belgilangan hudud.

Yo‘llarda ikki xil holatni ko‘rish mumkin. Agar siz harakatlanayotgan yo‘l yoqasiga 5.22 yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, ushbu yo‘l bevosita aholi punkti ichidan o‘tyapti. Mazkur belgi boshlanishi bilan “Yo‘l harakati qoidalari”ning aholi punktlariga doir tartiblari kuchga kiradi. Ya'ni yuqori tezlik soatiga 70 km.gacha cheklanadi, ogohlantiruvchi belgilar 50-100 metr masofaga o‘rnatiladi. Tovush ishoralarini quvib o‘tayotgan vaqtda berish mumkin emas. Yo‘lning chap tomonida to‘xtash mumkin va hokazo holatlar bor.

O‘zbekistonda yo‘l belgilarining o‘rnatilishi borasida bir mulohaza bildirish o‘rinli. Bizda yo‘l belgisini o‘ng tomonda o‘rnatgach, chap tomonda o‘rnatishni unutib qoldirishadi. Vaholanki, davlat standartlariga ko‘ra, bir tomonga ikki va undan ortiq bo‘lak bo‘lgan holatlarda o‘ng tomonga o‘rnatilgan yo‘l belgisi chap tomonda ham takrorlanishi kerak. Chunki ikkinchi yoki uchinchi bo‘lakda harakatlanayotgan haydovchi o‘ng tomondagi belgini ko‘rmay qolishi mumkin.

Ba'zida yo‘llarda duch kelamiz: 5.24 (Aholi punktining boshlanishi) yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘ladi. 5.25 (Aholi punktining tugashi) ham bor. Ikkisiyam ko‘k rangda bo‘ladi. Haydovchi ushbu belgilar oralig‘ida “Yo‘l harakati qoidalari”ning aholi punktlariga doir tartiblariga rioya qilmasa ham bo‘lishini biladi, xolos. To‘g‘ri, bu belgilar oralig‘ida soatiga 70 km.dan yuqori tezlikni tanlash mumkin. Quvib o‘tish chog‘ida tovushli ishoradan foydalansa bo‘ladi. Ammo bu belgilar oralig‘ida ayni shu yo‘ldan chiqib ketilsa, ya'ni haydovchi yo‘nalishni o‘zgartirib, o‘ngga yo chapga burilsa, aholi punktiga kirgan bo‘ladi va “Yo‘l harakati qoidalari”ning aholi punktlariga doir tartiblari yana amal qila boshlaydi.

Mavzuga oid
Top