16:23 / 25.11.2021
2787

Jizzaxda haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga pora talab qilgan avtomaktab xodimi qo‘lga olindi

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga pora talab qilgan avtomaktab xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar qildi.

Jizzax viloyati IIBga G‘allaorol tumani «Do‘stlik» MFYda yashovchi fuqaro murojaat qilib, haydovchilik guvohnomasi olish uchun undan 400 ming so‘m talab qilinayotganini bildirgan.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqaro Jizzax shahridagi avtomaktabda o‘qigan. Biroq u joriy yilning avgust oyida haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘tkazilgan imtihondan qoniqarli baho ololmagan. Avtomaktab xodimi yigitni chaqirib, 400 ming so‘m evaziga tanishlari orqali uni imtihondan o‘tkazib, haydovchilik guvohnomasini olib berishni va'da qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avtomaktab xodimi 300 ming so‘mni pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Suhbat jarayonida ayblanuvchi Jizzax viloyati IIB YHXBda tanishlari yo‘qligi va pulni o‘z ehtiyojiga ishlatish uchun firibgarlik yo‘li bilan olganligini ma'lum qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida Jizzax viloyati hududida 381 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Oqibatda 130 kishi hayotdan ko‘z yumgan. 323 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Top