07:18 / 25.11.2021
15601

«Test tizimi talabalarni saralashga emas, ularni yiqitishga moslashtirilgan» - iqtisodchi Botir Qobilov

Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov eng katta yutug‘i Harvardda o‘qishi emas, balki 1 avgustdagi kirish imtihonidan yiqilib, O‘zbekistondagi davlat universitetiga kira olmagani, deb biladi.

Foto: Ground zero

Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov «Ular» loyihasiga bergan intervyusida nega O‘zbekiston universitetlarida o‘qimagani haqida gapirdi.

«Chet elda, AQShda magistraturani o‘qiganman, hozir doktorlik ishimni yoqlayapman. Singapurda emas, Toshkentdagi Singapur menejment institutida o‘qiganman. O‘zbekistonda davlat universitetida o‘qimaganimning sababi 1 avgustdagi imtihondan o‘ta olmaganman. Buning oqibatida hozir yopilib ketgan xalqaro biznes maktabi — Kelajak ilmi degan nodavlat ilmiy majmuasiga kirganman va Singapur institutiga o‘qishni ko‘chirganman.

O‘qishimning trayektoriyasi keyin meni Amerikaga olib keldi. Ba'zilar «shu paytgacha qanaqa yutug‘ing bor», deb so‘rashadi va yutug‘imni Harvardda o‘qiyotganim deb bilishadi. Lekin men eng katta yutug‘im 1 avgustda imtihondan o‘ta olmaganim, deb bilaman. Chunki o‘sha imtihondan o‘tib davlat universitetiga kirganimda balki hozirgi o‘rnimda bo‘lmasdim», — deydi iqtisodchi.

U o‘zi yaxshi emas deb hisoblagan ta'lim tizimidan minnatdorligini aytadi.

«Kirolmaganim sababi ham kulgili: hozirgacha ham bu muammo bo‘lsa kerak, ya'ni test — talabalarni saralash tizimi, menimcha, juda ham yaxshi ishlamaydi. Chunki maktabni bitirayotgan abituriyent bilan universitet orasida katta bo‘shliq bor. Ya'ni maktablar universitetga talabalarni tayyorlamayapti. Maktabda olingan bilim o‘qishga kirishga yetarli emas.

Hamma qatori men ham qancha-qancha pul sarflab repetitorlarga borganman, shu narsaning o‘zini muammo deb bilaman. Normal sharoitda maktabni bitirgan qiz yoki yigit institutga hech qanday repetitorsiz o‘sha olgan bilimi bilan kirib keta olishi kerak. Test tizimi talabalarni saralab olish uchun emas, balki ularni yiqitishga moslashtirilgan, deb o‘ylayman. Lekin men o‘qishga kira olmaganim uchun mana shu tizimdan minnatdorman», — deydi u.

Top