16:14 / 27.11.2021
4064

Abdulaziz Komilov Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotining vazirlar kengashi majlisida qatnashdi

Bugun, 27 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ishtirok etdi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, tadbirda tomonlar tashkilotning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va davlat rahbarlari ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan qator hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashgan.

«Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tashkilotning ixtisoslashgan institutlari hisobotlari tinglandi va tasdiqlandi», – deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, Abdulaziz Komilov o‘z nutqida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish zarurligini ta'kidlab, buning uchun savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona va boshqa jarayonlarni yengillashtirish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish muhimligini qayd etdi.

Ertaga, 28 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ashxobod shahrida bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985 yilda tashkil etilgan.

Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a'zo. O‘zbekiston IHTga 1992 yilda qo‘shilgan.

Top