00:58 / 27.11.2021
54211

Qoraqalpog‘istonda uch nafar mayor tunda videoselektordan qaytayotganda avtohalokatga uchrab, halok bo‘ldi

Foto: RIA "Novosti"

Qoraqalpog‘iston respublikasining Xo‘jayli tumanidan o‘tuvchi A-380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 708-kilometrida avtohalokat sodir bo‘lib, oqibatda uch kishi halok bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, halok bo‘lganlarning uchalasi ham ichki ishlar vazirligi qoshidagi jazoni ijro etish departamenti mintaqaviy xodimlari bo‘lgan.

Xodimlar 25 noyabrdan 26 noyabrga o‘tar kechasi soat 00:10 da videoselektor yig‘ilishidan qaytayotgan vaqtda «Cobalt» mashinasida avtohalokatga uchrab, halok bo‘lgan. Bu ma'lumotni jazoni ijro etish departamenti axborot xizmati ham tasdiqladi.

Unda aytilishicha, I.I. boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi qarama-qarshi tomonlarni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Hodisa oqibatida transport vositasida bo‘lgan JIEM xodimlari M.X. hamda X.X. og‘ir tan jarohati olib voqea joyida, I.I. esa ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, Xo‘jayli tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Departament munosabatida xodimlar videoselektordan qaytayotgani aytilmagan, ammo internetda tarqalgan IIV JIED blankasi bilan yozilgan xatda xodimlar 2-son tergov hibsxonasidan videoselektorda qatnashib qaytayotgani ko‘rsatilgan. Bu xat haqqoniy ekani tasdiqlandi. Xatda xodimlar 27, 30 va 50-son manzil koloniyasi xodimlari bo‘lgani, uchalasi ham mayor unvonida bo‘lgani keltirilgan.

Top