20:00 / 01.12.2021
10050

Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida O‘zbekiston chorvachilik sohasida 5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov mamlakatimizda veterinariya xizmati infratuzilmasini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaviy ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, hayvonlar salomatligini yaxshilash doirasida Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi missiyasi rahbari Yasmin Siddiqiy bilan “Hayvonlarning sog‘lig‘ini yaxshilash” loyihasini muhokama qildi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Mazkur loyiha prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yildagi istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Uchrashuvda loyihaning ishga tushishini tezlashtirish uchun 2022 yilning boshida yurtimizga Osiyo taraqqiyot bankining maslahat (konsultatsion) missiyasi yuborilishi, “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasidan iqtisod qilingan mablag‘lar hisobiga “Hayvonlarning sog‘lig‘ini yaxshilash” loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqishda konsalting firma yollanishi taklif qilindi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Eslatib o‘tamiz, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi yurtboshimizning 2021 yil 3 martdagi qaroriga asosan Qishloq xo‘jaligi vazirligidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.

Loyihani samarali amalga oshirish uchun qo‘mita huzurida alohida yuridik shaxs maqomidagi Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etildi.

Foto: Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Qisqa muddatlarda loyiha doirasida 128,2 mln AQSh dollari miqdoridagi amaliy ishlar qilindi, ya'ni Osiyo taraqqiyot bankining 85 foiz mablag‘i o‘zlashtirildi.

Deylik, ushbu sarmoya hisobiga chet davlatlardan 31110 bosh naslli qoramol, 53116 bosh zotdor qo‘y-echki, 16176 bosh naslli quyon, 2000 ming bosh parranda, 273 bosh ot, 138 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi, yiliga 30 tonna asal ishlab chiqarish, 400 tonna junni qayta ishlash, 10466 tonna sutni qayta ishlash, 7609 tonna baliq yetishtirish, 4342 tonna go‘shtni qayta ishlash, 219750 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar xarid qilindi va 12 ta yangi ferma qurildi.

Natijada besh mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Top