07:48 / 02.12.2021
5311

Bolalarni maktabga qabul qilishdagi korrupsiyaviy xavflar ma'lum qilindi

1 dekabr kuni Toshkent shahrida bolalarni maktabga qabul qilish bosqichida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot natijalarining jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi. 

Foto: Kun.uz

“Yuksalish” umummilliy harakati xabariga ko‘ra, 2020 yil dekabr oyida ishga tushirilgan loyiha maqsadi – ekspertlik laboratoriyalarini tashkil etish va respublika miqyosida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘rganish, tadqiqotlarga keng jamoatchilikni jalb etish. Tadqiqotning birinchi bosqichi so‘rovnoma va intervyu shaklida olib borildi va u bolalarni boshlang‘ich maktabga qabul qilishda korrupsiya xavfi va halollikni baholashga qaratildi.

Tadqiqot O‘zbekistondagi 114 ta maktabdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab direktorlarini qamrab oldi. Aprel oyida Toshkent shahridagi ikkita maktabda uch toifa respondentlar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazildi. May – iyun oylarida 14 ta viloyatdagi 114 ta maktabda kengaytirilgan so‘rovlar o‘tkazildi, bunda 28 ta shahar, 31 ta tuman markazi, 31 ta qishloq aholi punkti qamrab olindi. Tadqiqotda jami 4 920 nafar respondent, shu jumladan, 114 nafar maktab direktori, 1 563 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 3 243 nafar ota-ona ishtirok etdi. To‘plangan barcha ma'lumotlar tizimlashtirildi va tahlil qilindi.

Jamoatchilik muhokamasi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat olib boruvchi davlat organlari, milliy va xorijiy ekspertlar, xalq ta'limi vakillari ishtirokida tahliliy tadqiqotning asosiy natijalari taqdimot qilindi. Uch toifa respondentlar – boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalari va direktorlar, umuman, maktabga qabul jarayonida bevosita qatnashuvchilar orasida kasbiy etikaga zid va korrupsiyaviy xatti-harakat omillari va qator faktlar aniqlangani ta'kidlandi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining javoblari asosida korrupsiyaviy xavflar yoki nohalollik omillari bo‘lgan umumiy tendensiyalar aniqlab olindi. Bu tendensiyalar boshlang‘ich maktabga qabul jarayoni va ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi qayd etildi. Ular asosan, mikrohududlarning kvota tizimi, maktab binosining yetishmasligi (sinflarda o‘quvchilari soni me'yoridan oshib ketishi), 1-sinfga qabul qilishda ta'lim tili bo‘yicha aniq talablar yo‘qligi, ta'lim sifati pastligi kabi muammolar bilan bog‘liq.

So‘rovda qatnashgan har beshinchi ota-ona maktabda joy qolmagani uchun o‘zi yashaydigan mikrohudud kvotasi bo‘yicha farzandini joylashtira olmaganini ma'lum qildi. O‘qituvchilar tomonidan sinflarda o‘quvchilar sonining me'yoridan oshib ketishi holati bo‘yicha eng ko‘p Namangan viloyatidan (52 foiz), Andijon viloyatidan (37,5 foiz), Toshkent viloyatidan (29 foiz), Xorazm viloyatidan (26 foiz) fikr bildirildi.

Muammolarning aksariyati budjet mablag‘larining yetarli emasligiga borib taqalgan, bu, o‘z navbatida, ota-onalar tomonidan norasmiy to‘lovlar amalga oshirilishiga, o‘qituvchilar va direktorlarning etikaga zid harakat qilishiga sabab bo‘lmoqda. Yana bir tendensiya - maktab ta'minoti, uning infratuzilmasi, maktab xodimlarining oylik maoshi kamligi, malakali kadrlar yetishmasligi, bolalar maktabga qabul qilinayotganda psixologik jihatdan tayyor emasligi, shuningdek, ota-onalar, yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan o‘qituvchi yoki direktorga ta'sir va bosim o‘tkazish masalalarini qamrab oladi.

Taqdimotda bunday holatlarning sabablari ochiqlandi, xulosa va tavsiyalar taqdim etildi. Ishlab chiqilgan tavsiyalar hamda tadqiqot metodologiyasi Xalq ta'limi vazirligi va O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Top