18:08 / 03.12.2021
11364

Ekologiya muammolari aholi salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda - Alisher Shodmonov tabiatdagi o‘zgarishlar haqida

3 dekabr kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov «Profilaktik tibbiyot muammolari» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida chiqish qildi.

Uchinchi ming yillikning boshlanishi muhim ikki tamoyil bilan xarakterlanadi. Birinchidan, hozirgi sivilizatsiya global ekologik muammolar (iqlim o‘zgarishi, ozon qatlami yemirilishi, ichimlik suvi ifloslanishi va yetishmasligi, o‘rmon va tuproq inqirozi, bioxilma-xillik qisqarishi, ortiqcha hajmdagi chiqindilar hosil bo‘lishi hamda ularni zararsizlantirish muammolari va boshqalar) bilan to‘qnash keldi.

Ikkinchidan, dunyo jadal sur'atlarda o‘zgarib bormoqda. Shuning uchun kechagi mezonlar bilan ertangi istiqbolni belgilash u yoqda tursin, hatto bugungi hodisalarni ham baholab bo‘lmaydi. Bu kabi muammolar O‘zbekiston uchun ham xosdir.

An'anaga ko‘ra, bugungi kunda o‘tkazilayotgan 8-chi xalqaro ishtirok bilan o‘tkazilayotgan respublika ilmiy-amaliy anjumani profilaktik tibbiyotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan dunyo miqyosida va respublikamizda ekologiyaga bog‘liq muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynaydi.

Ekologik salomatlik masalasi milliylikdan xalqaro miqyosda rivojlanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan doimiy e'tibor predmetiga aylandi. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, aholining salomatlik holati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga 50-60 foizga, ekologik muammolarni hal etishga 20-30 foizga va faqat sog‘liqni saqlash tizimining rivojlanishiga 15-20 foizga bog‘liq. Aholi salomatligi va jamiyat farovonligiga xavf solayotgan atmosfera havosi ifloslanishiga qarshi kurash atrof-muhitni muhofaza qilishda alohida o‘rin tutadi.

JSSTning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, taxminan 7 million bevaqt o‘lim holatlariga atmosfera havosi va xonalar havosi ifloslanishi sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda havo ifloslanishi gipertoniya va ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarni kelib chiqishida xavf omillaridan keyingi o‘rinda turadigan salomatlik uchun eng ahamiyatli global xavf omili hisoblanadi. 

YuNeSKOning 257ta o‘rmon qo‘riqxonalaridan o‘ntasi so‘nggi 10 yil ichida zaharli karbonat angidrid gazi chiqaruvchi manbaga aylandi. Bunga o‘rmon yong‘inlari sababchidir. Yong‘inlar uglerodning atmosferaga tarqalishiga olib keladi, bu esa isish va yangi yong‘inlarni keltirib chiqaradi.

O‘zbekiston Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan tabiiy resurslar ifloslanmoqda. Jumladan, «Navoiyazot» AJ tomonidan Zarafshon daryosiga hayot uchun xavfli bo‘lgan moddalar oqizilgan, oqibatda daryo suvi zaharlanib, ko‘plab baliqlar nobud bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Zarafshon daryosi suvida azot ammoniy belgilangan me'yorlardan 21 marta, azot nitrat 2,6 marta, azot nitrit 60 marta, xloridlar 1,3 marta, mis ionlari 2,1 marta yuqori ekani va bu daryoda yoppasiga zaharlanish yuzaga kelishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Oxirgi vaqtlarda tabiatimizda ham anomal o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, qum bo‘ronlari. O‘zbekistonga 4 noyabr kuni Ural tomondan sovuq havo oqimi, u bilan birga kuchli shamol kirib kelishi oqibatida mamlakatning bir qator hududlari, xususan, Toshkent shahrida chang-qum bo‘ronlari kuzatilgandi. Shu kuni soat 21:00-23:00 oralig‘ida Toshkent havosidagi chang ruxsat etilgan miqdordan 30 barobargacha oshib ketgani va havosining ifloslanishi darajasi bo‘yicha O‘zbekiston poytaxti dunyoda birinchi o‘ringa chiqib olgani qayd etildi. Chang 8 noyabrga kelibgina chekingandi.

Aynan yuqorida qayd etilgan negativ omillar bugungi kunda aholi salomatligiga salbiy ta'sir etib, ekologiyaga bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Mazkur holatlarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish yo‘lida Toshkent tibbiyot akademiyasi hamkorlik asosida ekologik omillarni o‘rganish uchun moddiy texnik bazani yaratish, uni modernizatsiyalash va yetuk malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lida ildam qadam tashlamoqda. Jumladan, 2018 yilda tashkil etilgan “TTA-KU hamkorligidagi ilmiy markaz” Oliy ta'lim muassasalariaro ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tarkibiga kiritildi. 2021 yilning 24 avgustida O‘zbekiston sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan markazda yaratilgan sharoitlar gigiyenik va texnik talab darajasida ekanligini tasdiqlagan holda attestatsiyadan o‘tgani to‘g‘risida guvohnoma berildi. Hozirgi kunda markazda doktorantlar, tayanch doktorantlar va 15ga yaqin “Atrof muhit va inson salomatligi” mutaxassisligi magistratura talabalari ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.

Foto: Toshkent tibbiyot akademiyasi

Akademiya va markaz xodimlari TTA va Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida tashkil etilgan xalqaro grant loyihasida faol ishtirok etib kelmoqda.

Bugungi anjuman ekologiya xususan hozirgi globallashuv sharoitida profilaktik tibbiyot muammolari masalalari va ularning yechimiga bag‘ishlangan. Bugungi anjumandagi ma'ruzalar yosh olimlar va pedagoglarga juda foydali bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib barcha ishtirokchilarni tabriklayman va anjuman ishida muvaffaqiyatlar tilayman.

Top