11:14 / 03.12.2021
7163

Qishloq xo‘jaligida og‘irligi 100 kilogrammdan oshmaydigan dronlardan foydalanishga ruxsat berildi

Foto: Aeryon

Vazirlar Mahkamasi “Prezidentning “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

O‘zbekistonning fuqaro va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomda fuqaro aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalariga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritildi. 

Dronlarning maksimal uchish og‘irligi 25 kilogrammdan ko‘p bo‘lmasligi kerak, bundan qishloq xo‘jaligida agrotexnika tadbirlari uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz uchish qurilmalari mustasno, ularning uchish og‘irligi 100 kilogrammdan oshmasligi kerak.

Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 116-bandi yangi tahrirda bayon etildi. 

Unga asosan yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) loyihalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 15 kun ichida amalga oshiriladi.

Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. 

Nobudgarchiliklar miqdori o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyiha instituti va uning hududiy bo‘linmalari, Qurilish vazirligi qurilish bo‘lim (boshqarma)lari tomonidan baholash tashkilotini jalb etgan holda aniqlanadi.

Mavzuga oid
Top