19:26 / 06.12.2021
4001

JAR prezidenti mamlakatda COVID-19ning to‘rtinchi to‘lqini boshlanayotganini ma'lum qildi

O‘tgan haftada mamlakatda sutkalik kasallanish holatlari besh baravarga oshgan.

Foto: Reuters

JAR prezidenti Siril Ramafosa mamlakatda koronavirus pandemiyasining to‘rtinchi to‘lqini boshlanayotganidan ogohlantirdi.

«Mamlakat COVID-19ning to‘rtinchi to‘lqiniga kirar ekan, pandemiya boshlanganidan buyon kuzatilmagan kasallik yuqtirish darajasini boshdan kechirmoqdamiz. Imkon boricha ko‘proq odam emlanishi kechiktirib bo‘lmas vazifa hisoblanadi», — deyiladi uning bayonotida.

Ramafosaning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada mamlakatda sutkalik kasallanish holatlari besh baravarga oshgan. Test natijalarining chorak qismiga yaqini musbat chiqmoqda.

Qayd etilishicha, ikki hafta avval COVID-19ga testlarning musbat natijasi atigi 2 foizni tashkil etgan. 

JAR prezidenti mamlakatda vaksina zaxirasi yetarli va xavfsizligini ta'kidladi. Ramafosaning aytishicha, mamlakatning iqtisodiy tiklanishi uchun ham vaksinatsiya juda zarur.

Shuningdek, JAR prezidenti aholini ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish va o‘zaro muloqotlarni kamaytirishga chaqirdi.

Noyabrda mamlakatda koronavirusning yangi shtammi aniqlangandi. «Omikron» deb nomlangan mazkur shtamm ko‘plab mutatsiyalarga egaligi va o‘ta yuquvchanligi ma'lum. U hozirda 40dan ortiq mamlakatda aniqlandi.

Mavzuga oid
Top