18:34 / 09.12.2021
5617

BMT mutaxassisi O‘zbekistonga ekstremizm va terrorizmga qarshi qonunlarni isloh qilishni tavsiya etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn O‘zbekiston hukumatining Yaqin Sharqdan ayollar va bolalarni qaytarish chora-tadbirlarini yuksak baholashini aytgan. Shu bilan birga, mamlakatda ekstremizm va terrorizmga qarshi qonunlarni tubdan isloh qilish kerakligini tavsiya qildi.

7 dekabr kuni BMTning Toshkentdagi vakolatxonasida ushbu mutaxassis ishtirokida tashkilotning O‘zbekistondagi missiyasining dastlabki kuzatuvlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Fionnuala Ni Aolayn 10 kunlik tashrifi yakunida O‘zbekiston hukumatini asosiy inson huquqlarini, shu jumladan, o‘z fikrini emin-erkin ifoda qilish, yig‘ilish erkinligi, odil sudlov, ozodlikdan mahrum qilishda himoya, qiynoqlar qo‘llanishidan ozod bo‘lish, diniy erkinlik va e'tiqod qilish huquqini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqirdi.

Mutaxassis 2019 yil may oyidan boshlab hukumat tomonidan yuzlab ayollar va bolalarni Suriya hamda Iroq va Afg‘onistondagi jang maydonlaridan olib chiqish va reintegratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirgan “Mehr” operatsiyalarini yuqori baholadi.

«Oila birligi va jamiyatni qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan o‘zbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini ko‘zlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida xavfli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir», dedi u.

Ni Aolain hukumat tomonidan stigmatizatsiyani bartaraf etish, asosiy huquqlar, shu jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni ta'minlashga qaratilgan amaliy choralarini maqtadi va hukumatning YuNISEF va BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqa tashkilotlari bilan hamkorligi ahamiyatiga urg‘u berdi.

Maxsus ma'ruzachi shuningdek, O‘zbekistonning aksilterrorchilik va ekstremizmga qarshi qonunlarini yaqindan o‘rganib chiqib, Jinoyat kodeksining ko‘plab moddalarida keng va noaniq mazmundagi xavotirlarni aniqlagani haqida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorizm va inson huquqlariga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro huquq va standartlarga muvofiqligini ta'minlash uchun muhim o‘zgarishlar zarur. U FATF (Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralarni ishlab chiqish guruhi — Financial Action Task Force on Money Laundering) tavsiyalari va inson huquqlari standartlarini inobatga olib, fuqarolik jamiyati va notijorat tashkilotlarga salbiy ta'sir yetkazayotgan terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zaruratini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, u o‘tmishdagi inson huquqlari buzilishi masalasida hisobdorlik va shaffoflik hozirgi islohotlar harakatlarini mustahkamlashi va chuqurlashtirishini ta'kidladi.

BMT maxsus ma'ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn joriy yil 29 noyabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan, 7 dekabr kuni esa prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rnini mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar o‘rnini kuchaytirish, qonunchilikni takomillashtirish va boshqa yo‘nalishlardagi masalalarni muhokama qilgan edi.

Top