13:15 / 09.12.2021
17329

FIFA «Nasaf»ga transfer taqiqi qo‘ydi

2022 yilgi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirishi kutilayotgan Qarshining «Nasaf» klubiga transfer taqiqi qo‘yildi. Bu haqda PFL xabar bermoqda.

Foto: Tribuna.uz

Joriy yilning 7 oktabr kuni FIFA Nizolarni hal etish palatasi «Nasaf» futbol klubi va fransiyalik futbolchi Abdelaye Diakite o‘rtasidagi nizoli vaziyat yuzasidan qaror chiqargan edi. Unda ko‘rsatilishicha, «Nasaf» futbolchi bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmagan.

Shu sababli futbolchi FIFAga murojaat qilgan va yakunda FIFA «Nasaf» futbol klubi zimmasiga belgilangan qarzdorlik va jarima to‘lovlarini 45 kun mobaynida to‘lashi lozim ekani, agar mazkur majburiyatlar klub tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi ta'minlanmasa, klubga nisbatan milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiq qo‘yilishi haqida ogohlantirish bergan.

«Bugun, 9 dekabr kuni FIFA 45 kunlik muddat yakuniga yetganini inobatga olib, «Nasaf»ga transfer taqiqi qo‘ydi. Endi klub qishki transfer oynasi vaqtida yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olish uchun, mazkur nizoli vaziyatni hal etishi lozim bo‘ladi», - deyiladi PFL xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «Nasaf» O‘zbekiston kubogi finalida g‘olib bo‘lgach, jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev 2022 yilgi OChL bahslari oldidan jamoaning budjeti oshirilishi va klub transferlarga qo‘l urishi haqida aytgandi.

Foto: Nasaf FK

Ma'lumot uchun, fransiyalik futbolchi Abdelaye Diakite 2020 yilning 7 fevral kuni «Nasaf»ning Turkiyadagi yig‘inida ishtirok etib, Qarshi klubi bilan shartnoma imzolagan. Biroq klub ko‘p o‘tmay 31 yoshli markaziy himoyachi bilan kelishuvni bekor qilgan va Diakite rasmiy o‘yinda maydonga tushmay, jamoani tark etgandi.

Top