09:06 / 11.12.2021
6039

“Farg‘onaazot” ustav kapitalidagi 99 foiz aksiya paketlari sotuvga qo‘yildi

Mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona “Farg‘onaazot” AJ xususiylashtiriladi.

Foto: XS.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini sotish rejasini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, kompaniya O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi farmoniga muvofiq xususiylashtirilmoqda.

Sotish jarayoni ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lgan raqobat muhiti asosida tashkil etiladi. Jarayon manfaatdor ishtirokchilardan majburiy bo‘lmagan, so‘ngra majburiy bo‘lgan takliflarni olishdan va bir yoki bir nechta manfaatdor nomzodlar bilan keyingi muzokaralarni o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.

Deloitte TCF LLP kompaniyasi aktiv bitimi bo‘yicha agentlikning yetakchi maslahatchisi hisoblanadi, Xalqaro moliya korporatsiyasi ham kompaniyani xususiylashtirishga yordam beradi.

Ma'lumot uchun, “Farg‘onaazot” AJ 1962 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonda mineral azotli o‘g‘itlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Korxona 3 ta asosiy kompleksga bo‘lingan:

  • Mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarish: AM-76 keng ko‘lamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra ishlab chiqarish, karbamid ishlab chiqarish;
  • Natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish;
  • Atsetat tolasi va sellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish.

Bundan tashqari, azot-fosfor o‘g‘itlari AFO, KAS suyuq o‘g‘iti, suyultirilgan azot-kalsiyli o‘g‘it, "Darmon" issiqxona xo‘jaliklari uchun o‘g‘itlar, natriy nitrati, natriy bikarbonati, polietilen paketlar, mineral o‘g‘itlarni konteynerlar bilan ta'minlash uchun polietilen qoplar va boshqa sexlar mavjud. Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna o‘g‘itni tashkil qiladi.

Davaktiv agentligiga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha kompaniyaning sof foydasi 292,6 milliard so‘m (2019 yilda 220 milliard so‘m)ni tashkil etgan, 2021 yil yakuniga muvofiq mazkur ko‘rsatkichning o‘sishi kutilmoqda. 

Top