12:56 / 12.12.2021
372477

“Bizdan rozi bo‘lmagan mijozning puli halolmas” - trening biznesi PCG misolida

So‘nggi vaqtlarda saviyasi haminqadar biznes-trenerlar bu soha obro‘siga putur yetkazgani bor gap. Biroq bu professional biznes-konsultantlarga nisbatan talabni kamaytirgani yo‘q. Ana shunday trenerlardan biri, kurslarining narxi bir necha o‘n million turadigan Ibrohim Gulyamov – “Biznes-klass” loyihasining navbatdagi qahramoni.

"Perfect Consulting Group” kompaniyasi 2016 yil may oyida biznes-konsultant, amaliyotchi, marketolog, reklama va savdo bo‘yicha mutaxassis Gulyamov Ibrohim Ilhomovich tomonidan tashkil etilgan.

Ibrohim Gulyamov sotuv hajmini oshirish, mijozlar bilan ishlash va reklamadan unumli foydalanish yo‘nalishlarida shaxsiy brendini yarata olgan.

Intervyu va kouchingda ishtirok etgan tadbirkorlar bilan suhbat jarayonigacha shaxsan o‘zimda ham bu kabi kasb egalarining faoliyatiga ishonchsizlik bor edi. Real hikoyalarni, kompaniyalarning ko‘rgan natijasi haqida xabardor bo‘lib, munosabatim o‘zgardi. Har bir ishning ilmi bo‘lgani kabi, foydali biznes qilishning ham ma’lum doirada o‘z ilmi borligi mavzuga ichkariroq nazar tashlaganda oydinlashib bordi.

Suhbatimiz avvalida Ibrohim Gulyamovdan konsalting firmaga asos solgan payti haqida so‘radik.

“Do‘stimning korxonasida ishlab yurgan vaqtimda biznesni o‘stirish, rivojlantirish haqida o‘qib-o‘rganardim. Amalda qo‘llab sinab borardik. Sekin-sekin ijobiy natija bera boshlaganini sezgach, boshqa kompaniyalarga tavsiyalar ulashdik. Keyin bu yo‘nalishni alohida biznesga aylantirish g‘oyasi keldi.

Eng birinchi mijozlarimizning biznesini o‘stirishga juda ko‘p harakat qilganmiz, lekin foyda kam bo‘lgan. Keyin-keyin harakatlar biroz kamayib, natijaviylik o‘sib boraverdi. Bugungi kunga kelib, taxminan 3 ming nafar tadbirkor biznes kouchinglarimizda, umumiy hisobda 50 mingga yaqin kishi barcha trening-ma’ruzalarimizda ishtirok etdi”, – deydi u.

Ibrohim Gulyamov

Biz ko‘rsatuvni suratga olish uchun PCG bosh ofisida ham bo‘ldik. Jami 60tacha xodim ishlaydigan kompaniyada sotuv bo‘limi, dizaynerlar, marketologlar va hisobchilar faoliyat yuritadi. E’tiborimizni tortgani shu bo‘ldiki, sotuv bo‘limida mijozlar bilan muloqot olib boruvchi mutaxassislar ish stolida ko‘zgu bo‘lib, o‘z kayfiyatini suhbatlashish jarayonida ko‘rib, tabassum bilan xushmuomala bo‘lishga urinar ekan.

Ibrohim Gulyamovning esa shaxsiy xonasi yo‘qligi bizni hayron qoldirdi. Sababini quyidagicha izohlashdi: “Kompaniya rahbarlarining ishxonada alohida ofisi bo‘lishi kerak emas. U o‘zini kundalik muammolarni hal qilishdan ozod qilishi va asosiy e’tiborini rivojlanishga, yangi strategiyalar tuzishga sarflashi lozim”.

Biz Ibrohim Gulyamovning treninglari haqiqatda natija bergan-bermaganiga qiziqib, uning kurslarida qatnashgan uch nafar biznesmen bilan ham suhbatlashdik. Ular yaqin o‘tmishdagi voqealarni maroq bilan so‘zlab berishdi.

Sartaroshlikdan biznesmenlikka

“Brohouse” erkaklar saloni ta’sischisi Akmal Ahrorxo‘jayev:

— 20 yildan beri sartaroshlik qilib kelaman. Oddiy ishchilar oilasidan chiqqanmiz. Biznesmenlar avlodi emasman. Taqdir ekan, bir yili oyog‘im shikastlanib uyda yotib qoldim. O‘sha vaqtlarda Ibrohim Gulyamov videolarini internetdan ko‘rib motivatsiya olgandim. Nega men tadbirkor bo‘la olmayman deb savol bergandim o‘zimga.

Akmal Ahrorxo‘jayev

Alloh shifo berdi va men ham biznes-kouchingda ishtirok etish uchun keldim. Ishonsangiz, birinchi darsdan keyin uxlay olmaganman. O‘zimga sig‘may ketdim. O‘z biznesimni boshlashga otlandim. Yigirma yil yurib, atigi ikki oy kouching dasturda o‘qigan vaqtim shu salonni ochdim. Avvalo Alloh nasib qildi, sababchisi – ustozimiz Ibrohim Gulyamov bo‘ldi deb bilaman.

“Komfort-zonaga tushib qolgandik...”

Revent arxitektura kompaniyasi asoschilari Farrux Hakimov va Abdulloh Abdusalomov:

— Kouchinggacha ham biznesda 10 yillik tajribamiz bor edi. Ish yurib turibdi, yetarlicha vaqt va daromad ham bo‘lardi. Komfort-zonaga tushib qolgandik. Hatto studiyaga borib qo‘shiq kuylab ham ko‘rdik. 1-2 darslarda o‘qiganimizdan keyin esa miya “portladi”. Kengayish harakatiga tushib qoldik.

Farrux Hakimov va Abdulloh Abdusalomov

Yangi filialni o‘sha o‘quv vaqtida ochdik, ustozlarni, boshqa ishtirokchilarni, eski yo‘qolib ketgan mijozlarimizni ham taklif qildik. O‘sha kunning o‘zida buyurtma tushdi. Vaholanki, u kuni biz sotuv qilmayotgandik. Hozir xodimlarimiz soni uch barobar oshgan. Bu kattaroq va ko‘proq loyihalar bilan ishlash imkonini beradi.

“Ming dollarni maqsad qilib, 10 ming dollarga chiqdim”

“Novza eshiklari” brendi asoschisi Siddiq Umarov:

— Oxirgi pulimni kouching darslari uchun to‘lashga rosa o‘ylanganman. Do‘stlarimga aytganimda “jinnimisan?!” deb tanqid qilishgan. Istihora namozini o‘qidim. Allohdan xayrli qilishini so‘rab duo qildim. Va darsga borishga qaror qildim.

Siddiq Umarov

Asli 2016 yildan beri eshik yasab, yetkazib berish bilan shug‘ullanar edik. Lekin rivojlanib ketmagan. Foydamiz dilerlarning qarzida qolib ketardi. Dars boshida “A” va “B” nuqtalarni belgilashimizni, hozir qancha daromad va kutilayotgan o‘zgarishni kiritishimizni so‘rashdi. Maqsadning kichikligini qarang, oylik daromadga 1000 dollar yozgan ekanman. Hali ikki oylik darslar tugamasdan “B” nuqta ko‘rinmay ketdi. Avvaliga 5000, hozir esa oylik 10 000 dollarlik daromadga ko‘tarildik, alhamdulillah.

***

“Jamoaga maqsadi bir insonlarni to‘plash kerak”

PSG vakillarining aytishicha, kompaniyaning maqsadi – tadbirkorlarning biznesini yangi bosqichga ko‘tarish va shu orqali odamlar turmushini yaxshilash. Kompaniyaning faoliyat yo‘nalishlari haqida bilib olgach, Ibrohim Gulyamovdan o‘zining bu hayotdagi oliy maqsadi va yosh tadbirkorlarga tavsiyalari haqida so‘radik.

“Oliy maqsadim – Allohning diydoriga yetish, Uni rozi qilish. Qolgan barcha amal-harakatlarimni shu yo‘lga to‘g‘rilayman. Jamoaga yordamchilar olayotganda ham maqsadlari bir manzilga eltadigan kishilarni kemaga taklif qilamiz. Shunda kuchlar bir niyatda birlashadi. Boshqa tomonga suzaman degan nizolar yuzaga kelmaydi.

Biznesga kirmoqchi bo‘lgan yoshlarda bir kamchilik kuzatilib turadi. Ular bittada va tez muvaffaqiyatga erishishni xohlashadi. Ilm o‘rganib, tajriba va ko‘nikma evaziga yuqori pog‘onalarga ko‘tarilish mumkin.

Zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak. So‘nggi texnologiyalarni tadbirkorlikka joriy qilib borishni maslahat beraman. Ishga yollashda faqat qarindoshlargagina nomzod sifatida qarash – bizning hududlarda uchrab turadigan muammolardan. Munosib xodimni, ilmli va tajribali kadrlarni ishga olish rivojlanish ehtimolini oshiradi”, deydi u.

“Har qancha katta moddiy taklif bo‘lsa ham, insonga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan spirtli ichimliklar va tamaki savdosi, kredit bilan shug‘ullanadigan sohalarga maslahat ham bermaymiz, o‘zimiz shug‘ullanmaymiz ham”, deya qo‘shimcha qildi suhbatdoshimiz.

***

Biznesda ilmning o‘rni, foyda olish, sarmoyani to‘g‘ri ishlatish haqida tasavvur hosil qilmoqchi yoki tadbirkorlikka ilk qadamni qo‘yish arafasida bo‘lsangiz, ko‘rsatuvni albatta ko‘ring. Buning uchun yana boshqa rag‘bat ham bor.

“Perfect Consulting Group” kompaniyasi “Biznes-klass” tomoshabinlari uchun maxsus yutuqlar taklif etadi. Ibrohim Gulyamovning 15-biznes kouchingi uchun 7 million so‘mlik vaucherlar taqdim etilmoqda. Birinchi murojaat qilgan 5ta talabgorgina foydalana oladi, xolos. Shoshiling, chegirmani qo‘lga kiritish uchun promokod – “biznesklass”.

Bundan tashqari, YouTube'dagi video ostiga qoldirilgan eng qiziqarli 5ta izoh muallifiga yirik sarmoyachi, milliarder Uorren Baffet qalamiga mansub kitob hadya etiladi. G‘oliblar ikki haftadan so‘ng YouTube'da yozilgan o‘sha fikr ostiga rasmiy kanalimiz tomonidan yozilgan bildirish orqali e’lon qilinadi.

Muallif – Eldor Vohidov.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

Top