20:04 / 12.12.2021
6865

Sayohat vaqtida tug‘ilgan startap yoxud Netflix’ning hayratga soluvchi tarixi

Hozirgi kunda, shubhasiz, millionlab insonlar uchun maza qilib kino ko‘radigan joy de-facto Netflix platformasidir. Birgina ushbu servis butun dunyo internet o‘tkazishining 15 foizini tashkil qilishi ham yuqoridagi faktni tasdiqlaydi.

Foto: AFP

Pochta orqali DVD yetkazib berish xizmati

O‘z faoliyatini oddiygina pochta orqali DVD’larni yetkazib berish bilan boshlagan Netflix ilk bor 1997 yil avgust oyida ikki tadbirkor –Mark Rendolf va Rid Hastings tomonidan tashkil etilgan. Scots Valley (Kaliforniya)da ish boshlagan kompaniya hozirga kelib dunyoning yetakchi internet-ko‘ngilochar platformalaridan biriga aylangan.

Kompaniya dastlab ochilganda faqatgina filmlar ijarasi xizmati bilan shug‘ullanar edi. Foydalanuvchilar Netflix veb-saytida kinolarga buyurtma berishar hamda pochta orqali DVD’larni olishardi. Filmlarni tomosha qilib bo‘lgach, shunchaki ularni o‘zlari kelgan konvertlarda Netflix’ga qaytarishardi. O‘sha paytlarda o‘zi yashaydigan yaqin atrofda videolarni ijaraga beruvchi do‘kon bo‘lmagani uchun bu xizmat ajoyib yangilik sifatida ko‘rilgan.

Bugunga kelib Netflix kinofilmlar uzatish kompaniyasi dunyoning 200 ga yaqin mamlakatida 200 milliondan ortiq pullik obunachilarga ega. U turli xil janrlar va tillarda keng ko‘lamli teleseriallar, hujjatli va badiiy filmlarni taqdim etadi.

Kompaniyaning ikki asoschisi

Rid Hastings 1997 yilda Netflix’ga asos solgan biznesmenlardan biri hisoblanadi. U avvalroq 1991 yilda dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilar uchun asbob-uskunalar tayyorlovchi Pure Software kompaniyasiga asos solgan. Ushbu kompaniya 1995 yildagi IPO va bir nechta xaridlardan so‘ng 1997 yilda Rational Software tomonidan sotib olingan.

Hastings 1983 yilda Bouduin kollejida bakalavr va 1988 yilda Stenford universitetida sun'iy intellekt bo‘yicha magistr darajasini oldi. Ushbu davr oralig‘ida u Tinchlik Korpusi safida Svazilenddagi o‘rta maktab matematika o‘qituvchisi sifatida ishlagan. Bundan tashqari, Kaliforniya shtati ta'lim kengashida va bir nechta ta'lim tashkilotlari kengashida faoliyat olib borgan. Bugungi kunda ta'limga faol xayriya qiladi. 

Kompaniyaning navbatdagi asoschisi Mark Rendolf Silikon vodiysidagi faxriy tadbirkor, maslahatchi va investor hisoblanadi. Netflix asoschilaridan biri va bosh direktori sifatida u 150 million obunachiga yetgan hamda jahon media tajribasini tubdan o‘zgartirib yuborgan xizmat paydo bo‘lishida jonbozlik ko‘rsatgan.

Rendolf universitetni geologiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan va Netflix’dan oldin turli xil pochta va mijozlarga buyurtma beruvchi kompaniyalarni tashkil etgan va boshqargan. Rendolf o‘z faoliyati davomida kamida oltita muvaffaqiyatli startapga asos solgan. 1984 yilda asos solingan Masworld jurnali shular jumlasidandir. Shuningdek, yuzlab boshlang‘ich tadbirkorlarga ustozlik qilgan.

Mijozlar eshigiga qadar yetkazib berishardi

Yuqorida aytib o‘tilganidek, Netflix 1997 yilda Kaliforniya shtatining Skots vodiysida tashkil etilgan. U dastlab ijara uchun to‘lov amaliyotidan foydalangan holda, pochta orqali DVD’larni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatgan. Foydalanuvchilar Netflix veb-saytida o‘zlari xohlagan filmni izlab tanlashardi va buyurtma berishadi. Netflix esa uni mijozning eshigiga qadar yetkazib berardi. Ijaraga oluvchilar DVD’larni ko‘rib bo‘lgach, ularni shunchaki qaytarib jo‘natishardi. Ijara narxi taxminan 4 dollar, pochta to‘lovi esa 2 dollar atrofida bo‘lardi.

Kompaniya xizmatlariga talab keskin oshganidan so‘ng Netflix obunachilarga asoslangan modelga o‘tdi. Ushbu modelda foydalanuvchilar DVD disklarini xohlagancha o‘zlari bilan olib qolishlari mumkin edi, ammo faqatgina eski filmni qaytarib yangisini ijaraga olishlari mumkin edi.

Nimaga aynan Netflix?

Netflix nega aynan shu nom bilan atalishi haqida ko‘pchilik ma'lumotga ega bo‘lishi mumkin. Bilmaganlar uchun qo‘shimcha eslatma: Netflix so‘zi “Net” (internet so‘zining qisqartmasi) hamda “Flix” (odatda flick, kino va seriallarning umumiy qisqartma nomi) so‘zlarining birlashuvidan hosil bo‘lgan.

Hammuassislikda boshlangan startap

Netflix tashkil etilgan vaqtda Rendolf Hasting kompaniyasining Pure Atria bo‘limida marketing bo‘yicha direktor bo‘lib ishlayotgan edi. U, shuningdek, MicroWareHouse (kompyuter pochta-buyurtma kompaniyasi) hammuassisi edi. Ko‘plab ma'lumotlarga ko‘ra, juftlik Netflix g‘oyasini Santa-Kruzdagi uylari va Sunniveyldagi Pure Atria kompaniyasi shtab-kvartirasi orasida sayohat paytida o‘ylab topishgan.

Kompaniya uchun Hastings boshlang‘ich kapitalni ta'minlaydi va ushbu startapga 2,5 million dollar sarmoya kiritadi. O‘sha davrdagi Amazonning elektron tijorat modelidan ilhomlanib, juftlik shunga o‘xshash tarzda internet orqali sotishda foydalanish mumkin bo‘lgan turli xil portativ materiallarni o‘rganib chiqishadi.

Netflix 1998 yil aprel oyida dunyodagi birinchi onlayn DVD ijara kompaniyalaridan biri sifatida ishga tushirildi. O‘sha davrda unda bor-yo‘g‘i bir nechta xodim mehnat qilardi.

Kompaniya bosib o‘tgan yillar va yo‘llar:

1997. Hammasi shu vaqtdan boshlandi. Ikkita tadbirkor hamkorlikda onlayn kino ijarasi bilan shug‘ullanadigan kompaniyaga asos soladi.

1998. Kompaniya o‘zining Netflix.com saytida ilk DVD ijarasini yo‘lga qo‘yadi.

1999. Bir oylik arzon narxlarda cheksiz DVD ijarasini taklif qilgan obuna xizmatini sinab ko‘radi.

2000. Tarmoqning barcha a'zolari orasidagi baholash orqali filmlarni tavsiya qilish tizimini ishga tushiradi.

2002 yilda ommaga taqdim etilgan

AQShda a'zolari soni 600 000 ni tashkil etgan Netflix 2002 yilda Nasdaq’da “NFLX” belgisi ostida o‘z IPO’sini amalga oshiradi. Kompaniya aksiyasi dastlab 15 AQSh dollariga baholangan. O‘sha yilni kompaniya 857 000 ga yaqin obunachi bilan yakunlaydi.

2003 yilda Netflix 1 milliondan ortiq a'zoga ega bo‘lib yangi rekord o‘rnatdi. Kompaniya, shuningdek, AQSh Patent va savdo belgilari idorasidan o‘z obunasini ijaraga berish xizmati uchun patent oladi. Aynan shu yilda kompaniya hammuassisi Mark Randolf boshqaruv kengashi a'zoligidan ketadi va Netflix’ni tark etadi.

1 million dollarlik mukofot

Shundan so‘ng Netflix obunachilari soni yildan yilga o‘sib bordi. 2004 yilda 2 million obunachiga erishgan tarmoqdan 2005 yilda 4,2 mln inson foydalana boshladi. 2006 yilda kompaniya rekord darajadagi foydalanuvchi soni – 5 millionga yetdi. Kompaniya, shuningdek, filmlarni tavsiya etishda belgilangan miqdorga erisha olgan birinchi shaxs yoki jamoaga 1 million dollar va'da qilib, o‘zining “Netflix mukofoti”ni ishga tushiradi. Kompaniya filmlarni birdan besh yulduzgacha baholovchi tizimdan foydalangan holda 100 millionga yaqin anonim filmlar reytingini chiqardi. Bu shu kungacha e'lon qilingan bu kabi ma'lumotlarning eng katta to‘plami edi.

Bepul ko‘rsatuvlar va filmlar...

2007 yilda kompaniya Watch now deb atalgan uzatish tizimini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tizim Netflix obunachilariga teleko‘rsatuvlar va filmlarni shaxsiy kompyuterlarida ko‘rish imkonini berardi. Dastlab ushbu tizim foydalanuvchilarning obuna rejasidan kelib chiqqan holda bepul uzatish soatlari oyiga maksimal 18 soat etib belgilangan. 2007 yil oxiriga kelib Netflix 7,5 million obunachiga ega bo‘ldi, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli 20 foizga ko‘p edi.

Netflix dunyoni egallab borardi

Shunday qilib tarmoq o‘z xizmatlarini butun dunyo bo‘ylab taqdim qila boshladi. Obunachilar soni yil sayin o‘sib borar, ko‘rsatiladigan xizmatlar turi va sifati yangilanishdan to‘xtamasdi. Dastlab Kanada, so‘ng Yevropa mamlakatlari, keyinchalik Osiyo davlatlari ham “zabt etila” boshlandi. Playstation, Apple, Amazon qurilmalari bilan aloqa bog‘lash imkoniyatlari yaratildi. Kompaniya uchun 2014 yil 7 ta Creative Emmy Rewards mukofoti va 50 million global obunachi bilan yakunlandi. 2015 yilda Netflix Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiyada ishga tushirildi, Italiya, Ispaniya va Portugaliya bo‘ylab kengayishda davom etadi. Birinchi Netflix original badiiy filmi Beass of No Nation ham shu yilda yaratildi. Shuningdek, Meksikaning Club de Cuervoc komediyasi bilan o‘zining ingliz tilida bo‘lmagan birinchi original serialini ham taqdim etdi.

2016 yilda o‘z qamrovini 190 ta davlatga tarqatishga erishgan kompaniya o‘z dasturlarini 21 ta tilda namoyish eta olardi. Aynan shu yili Netflix TV seriallar va shoularni oflayn ko‘rish maqsadida “yuklab olish” funksiyasini ishga tushirdi. Kelgusi yilda 100 million obunachiga erishgan tarmoq o‘z obro‘sini La Casa de Papel (Ispaniya), Suburra: Blood on Rome (Italiya), va Dark (Germaniya) filmlari bilan boyitdi.

Kompaniya bir-biridan ajoyib nominatsiyalarda g‘olib bo‘lishdan to‘xtamas, hatto Angliya Premer ligasi o‘yinlarini jonli translatsiya qilish va “Uzuklar hukmdori” serialini efirga uzatish huquqini sotib olgan Amazon ham Netflix’dan ortda edi.

2021 yil oktabr holatiga ko‘ra, Netflix butun dunyo bo‘ylab 214 milliondan ortiq obunachiga ega, jumladan AQSh va Kanadada 74 million, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada 70 million, Lotin Amerikasida 39 million va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 30 million. Netflix uchun obuna tariflari narxi oyiga 7,99 dollardan 11,99 dollargacha yetadi. Nasdaq’da bitta Netflix aksiyasining narxi 602 dollarni tashkil etib, umumiy bozor kapitalizatsiyasi 266,7 milliard dollardan ortiqroq.

Davlatbek Asadov tayyorladi.

Top