15:33 / 14.12.2021
20652

Omikrondan ilk o‘lim, yanvarda kutilayotgan navbatdagi to‘lqin. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Foto: Mixail Djaparidze/TASS

Britaniya hukumati koronavirusning yangi varianti omikron haddan tashqari yuqori tezlikda tarqalayotganini ma’lum qildi, mamlakat bosh vaziri yangi shtamm bilan bog‘liq ilk o‘lim holati haqida xabar berdi, ekspertlar yangi variant nisbatan yuqumli ekani, ammo kasallik og‘ir kechmasligini aytishmoqda, shu bilan birga hali xulosa qilishga ertaligi haqida ogohlantirishmoqda. Pokistonda omikronga chalinishning ilk holati aniqlandi, Xitoyda deltaning nisbatan zararli shtammi qayd etildi.

Dunyodagi koronavirus pandemiyasi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar.

Britaniyada omikrondan ilk o‘lim
Bosh vazir Boris Jonson Britaniyada omikron shtammi bilan kasallangan bemorlarning biri vafot etganini ma’lum qildi.

«Afsuski, omikron kasalxonaga yotqizishlarni kuchaytirmoqda va afsuski, kamida bitta bemorning omikrondan vafot etgani tasdiqlandi. Shunday ekan, bu virusning qandaydir yengil versiyasi ekani haqidagi gaplarni unutib, yangi variant katta tezlikda tarqalayotganini tan olish kerak» dedi u. 

Bungacha dunyoda omikron shtammidan birorta o‘lim holati ma’lum emasdi.

Boris Jonson dushanba kuni Londondagi emlash markaziga tashrif buyurdi / GETTY IMAGES

Britaniya hukumati yanvardagi to‘lqinda mamlakatda har kuni o‘rtacha 200 ming kishida omikron aniqlanishini kutmoqda. Bunday yuqori ko‘rsatkichlar pandemiya boshidan buyon qayd etilmagan (dushanba kungi holatlar soni 54,6 ming atrofida bo‘ldi).

Hozircha Britaniyada omikron bilan zararlanishning 4,7 ming holati ro‘yxatga olingan, ammo bu son har ikki-uch kunda ikki barobar oshadi. Hozirda Londondagi jami kasallanish holatlarining 44 foizdan ortiq qismi omikron hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid tez orada mamlakat poytaxtida yangi mutatsiya dominionlik qila boshlashini aytdi.

Hukumat fuqarolarga imkon qadar tezroq buster doza bilan emlanishni taklif etmoqda, chunki mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ikki doza bilangina emlangan odamlar kasallikka nisbatan kuchsiz himoyaga ega bo‘ladi.

Birlashgan Qirollikda yangi shtamm aniqlangan 27 noyabrdan buyon bosh vazir Boris Jonson cheklovlarni kuchaytirgan, yakshanba kuni u millatga murojaatida omikron tufayli mamlakatda yangi to‘lqin boshlanishi kutilayotgani haqida ogohlantirdi.

«Hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak: omikron to‘lqini yaqinlashmoqda», deydi u telemurojaatida. U vaksinaning ikki dozasi yetarli emasligi, biroq uchinchisi koronavirusning yangi variantiga qarshi kurashda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi va voyaga yetgan barchaga Yangi yilga qadar revaksinatsiyadan o‘tishga ruxsat berdi.

«Endi biz omikron haqida bilamiz, u fenomenal tezlikda tarqalmoqda, biz bunaqasini avval hech qachon ko‘rmaganmiz, infeksiya yuqtirish holatlari soni har ikki-uch kunda ikki barobar ko‘tarilmoqda», degan sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid Sky News telekanaliga bergan intervyusida. Vazir mamlakatda omikronga chalinganlarning 10 nafari og‘irlashib, shifoxonaga yotqizilgani, ammo tezda ular orasida ilk o‘lim ro‘y berganiga e’tibor qaratgan.

Juma kuni e’lon qilingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, omikron simptomatik kechishining oldini olish uchun vaksinaning ikki dozasi kamlik qiladi, faqat uchinchi doza himoyani 70 foizga ko‘taradi. Javidning so‘zlariga ko‘ra, bu variant simptomlari yengil kechsa-da, uning yuqori tezlik bilan tarqalishi, hukumat tezkor choralar ko‘rmasa, sog‘liqni saqlash sohasi yuklamaga dosh bera olmay qolishini anglatadi.

Britaniyalik olimlar prognozlariga ko‘ra, aprel oyi oxiriga borib vaksinalar samaradorligidan qat’i nazar, o‘lim holatlari 25 mingdan 75 minggacha bo‘lishi mumkin.

GETTY IMAGES

Ehtimoliy ssenariylar qanday ko‘rinish olgan?
Eng optimistik ssenariyga ko‘ra, omikronda immun tizimini aylanib o‘tish qobiliyati past darajada bo‘lganda, buster dozalar yuqori samaradorlik ko‘rsatganda, 1 dekabrdan 30 aprelga qadar Angliya uchun prognoz shunday ko‘rinish oladi:

  • 20,9 mln kasallanish
  • 175 ming bemor shifoxonaga yotqizilishi
  • 24 700 o‘lim

Eng pessimistik ssenariyga ko‘ra, yangi shtamm immun tizimini muvaffaqiyatli aylanib o‘tsa va qo‘shimcha vaksina dozasi samarali bo‘lmaganda xuddi shu davr uchun Angliyada:

  • 34,2 mln kasallanish
  • 492 ming bemor shifoxonaga yotqizilishi
  • 74 900 o‘lim

Shimoliy Irlandiyada kovid pasporti
Shimoliy Irlandiyada kovid pasporti endi yuridik kuchga ega bo‘ladi, mehmonxonalar va boshqa dam olish maskanlari bu qoidaga rioya etmasa, 10 000 funtgacha jarimaga tortilishi mumkin.

Restoran yoki boshqa ko‘ngilochar maskanlarga tashrif buyuruvchilar emlangani, testning manfiy natijasi yoki yaqinda koviddan tuzalgani to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Pasport 29 noyabr kuni joriy etilgandi, ammo dastlabki ikki hafta mobaynida majburiy bo‘lmaydi.

O‘tgan oyda vazirlar Demokratik yunionlar partiyasi qarshiligiga qaramay, majburiy tekshiruvlar uchun ovoz berishgandi.

Partiya a’zosi, Shimoliy Irlandiyaning birinchi vaziri Pol Givan kovid pasportlari joriy etilishi infeksiya tarqalishining oldini olishda yetarli darajada samarador emas degan fikrda.

Ammo boshqa partiyalar bu sxemani qo‘llab-quvvatlamoqda va sog‘liqni saqlash vazirligi ham bu chora Covid-19 keng tarqalishi xavfini cheklashda yordam beradi deb hisoblaydi.

Shimoliy Irlandiyadada omikron bilan bog‘liq holatlar o‘ndan ortgan.

Omikron, aftidan, xavfi kamroq, ammo xulosa qilishga hali erta
Janubiy Afrikadan kelgan dastlabki ma’lumotlar omikron varianti avvalroq paydo bo‘lgan shtammlar bilan solishtirganda u qadar xavfli emasligini ko‘rsatgan, deb hisoblaydi Byorn universiteti epidemiologi, doktor Emma Hodkroft.

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, xulosalar qilish uchun hali erta. Masalan, Buyuk Britaniya bilan taqqoslaganda Janubiy Afrika aholisi ancha yoshroq, shuning uchun og‘ir holatlar ham bu mamlakatda kamroq.

Qolaversa, ko‘plab janubiy afrikaliklar kovidni boshdan kechirib bo‘lgan, shuning uchun ularda kasallik og‘ir kechishi kamroq kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.

Omikron yuqtirib olganlarning ko‘pchiligida shifoxonaga yotqizishni talab etadigan jiddiy simptomlar vaqt o‘tib paydo bo‘lishi ham mumkin.

«Agar omikron u qadar xavfli bo‘lib chiqmasa ham, u juda tez tarqalayotganidan kelib chiqib, agar Buyuk Britaniyada juda ko‘p odam bir vaqtda kasallansa sog‘liqni saqlash xizmati sohasi juda katta zarba ostida qoladi, soha shusiz ham delta varianti tufayli holdan toygan», deydi Hodkroft.

Yoxannesburgdagi Vitvatersrand universiteti professori, vaksinolog Shabir Madhining hisoblashicha, yangi variant avvalgilariga qaraganda yuqumliroq, ammo undan o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lmaydi.

U JARda omikronga chalinib, shifoxonaga yotqiziladiganlar soni epidemiyaning avvalgi bosqichlarida shifoxonalarga yotqizilganlar sonidan kamroq bo‘lishini taxmin qiladi.

«Masalan, kecha 20 ming atrofidagi holat qayd etilib, Covid-19dan 25 o‘lim holati qayd etildi. Delta avj olganida Janubiy Afrikada kuniga 20 ming atrofida yangi holatlar qayd etilib, kunlik o‘limlar soni 250dan 300gacha bo‘lgandi», degan u BBC uchun intervyusida.

JAR prezidentida koronavirusning yengil formasi
JAR prezidenti Siril Ramafosada yakshanba kuni test natijasi musbat chiqqach, Covid-19ning yengil belgilari kuzatilmoqda.

Hukumat bayonotiga ko‘ra, 69 yoshli Ramafosa tibbiy brigada nazorati ostida bo‘lib turibdi. O‘tgan haftada G‘arbiy Afrikadagi to‘rt davlatga safari davomida bir necha marta test topshirgandi.

Ramafosa o‘zining infeksiya yuqtirib olgani barcha fuqarolar uchun ogohlantirish bo‘lishi lozimligi hamda vaksinatsiya va ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga e’tiborli bo‘lish kerakligini aytib o‘tgan.

So‘nggi 24 soatda mamlakatda kovidga chalinish bilan bog‘liq 18 mingdan ortiq holat qayd etilgan.

Fransiyada oltinchi to‘lqin
Hamon delta varianti tufayli yuzaga kelgan beshinchi to‘lqinni yenga olmayotgan Fransiya yanvarda omikron keltirib chiqaradigan navbatdagi to‘lqinga ro‘baru keladi. Bu haqda Yevropadagi yirik shifoxonalar tizimining (AP-HP) Parijdagi guruhi rahbari Martin Hirsh aytib o‘tdi.

«Biz hozircha omikron tufayli oltinchi to‘lqin bo‘lishi haqida gapirmadik, bu keyinroq, yanvarda bo‘ladi», degan Hirsh RTL radiosiga bergan intervyusida.

GETTY IMAGES

Deltaning yangi varianti Xitoyga yetib bordi
Xitoy hukumati sharqdagi Jetszyan provinsiyasida Covid-19 avj olgani haqida xabar berdi. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, yangi holatlar delta shtammining iyul oyida yuzaga kelgan AY.4 sub-liniyasi (delta+) bilan bog‘liq. Mahalliy rasmiylar jamoaviy yig‘ilishlarga va provinsiyadan tashqariga chiqishga cheklovlar joriy etgan.

Yakshanba kuni Sinhua agentligi xabar berishicha, Jetszyan provinsiyasida 5 dekabrdan 12 dekabrgacha vaqt oralig‘ida kasallikning qaytalanishi fonida bir virus tashuvchi 138 kishini zararlagani qayd etilgan.

Tahlillarda aniqlanishicha, provinsiyaning uchta shahridagi holatlarni delta shtammining sub-liniyasi AY.4 keltirib chiqargan. Iyun oyida Hindistonda «hindcha» shtammning yangi varianti tarqalgandi. Maxarashtra shtatida aniqlangan ushbu tur delta-plyus deb nomlandi. Dastlab, bu variant original delta variantidan ham zararliroq va o‘ta yuqumli ekani, hatto uning tashuvchisi yonidan niqobsiz o‘tib ketish ham xavfliligi haqida aytishdi. Oksford universitetining molekulyar va hujayralar biologiyasi sohasidagi fan doktori Rozelin Lemus-Martin kuz oxirida bu variant bir necha mamlakatlarga tarqaldi, ammo hech qayerda dominionlik qilolmaganini qayd etdi.

Jetszyan provinsiyasida 64,6 mln kishi yashaydi. Sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy komissiya ma’lumotiga ko‘ra, dushanba kuni mamlakatning materikdagi qismida Covid-19ga chalinish bilan bog‘liq 101 holat qayd etilgan, shundan 80tasi mamlakat ichidagilarda, 21tasi xorijdan kelganlarda aniqlangan.

Pokistonda ilk kasallanish holati
Dushanba kuni Karachidagi Aga Xon universiteti Pokistonda omikron varianti bilan ilk kasallanish holati haqida xabar berdi.

Hozircha mamlakatda koronavirusning ushbu variantini yuqtirib olish holatlari yo‘q. Sog‘liqni saqlash milliy instituti ham bu ma’lumotni tasdiqladi.

Xabar qilishlaricha, 57 yoshli patsiyent vaksina qabul qilmagan va unda koronavirus simptomlari bo‘lmagan. Sog‘liqni saqlash departamenti ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda omikron bilan bog‘liq yangi holatlarni aniqlash uchun ushbu bemorning so‘nggi kontaktlari kuzatilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha boshqa ayrim ma’lumotlar:

  • Norvegiyada ham koronavirus cheklovlari kuchaytirilishi haqida e’lon qilishdi, bu yerda ham omikron tez tarqalmoqda, kovidga chalinib, shifoxonaga yotqizish zarur bo‘lgan bemorlar soni tez o‘smoqda.
  • AQSh kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi mamlakat aholisiga koronavirus tufayli Italiya, Grenlandiya va Mavrikiyga bormaslikni tavsiya qildi.
  • Kaliforniya rasmiylari yopiq binolar ichida niqob taqish rejimini joriy etdi. Shukronalik kunidan keyin shtatda yangi kasallanish holatlari 47 foizga o‘sgan va hozirda har 100 ming kishiga 14ta holat to‘g‘ri kelmoqda.
  • Latviya poytaxti Riga shahrida bir necha ming kishi ishtirokida pandemiyaning navbatdagi to‘lqini fonida joriy etilgan cheklovlarga qarshi aksiya bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashuvi oqibatida to‘rt kishi qo‘lga olindi, bir politsiyachi yaralangan.
  • So‘nggi hafta mobaynida Angliya Premer-ligasida 42 futbolchida koronavirus aniqlandi - bu joriy yil yanvaridan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Mavzuga oid
Top