15:26 / 17.12.2021
8253

«2022 yilning o‘rtalariga borib 97 foiz afg‘on qashshoqlikka yuz tutishi mumkin» – Ismatulla Ergashev

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashevning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat afg‘on xalqiga o‘zi ishlab, o‘zi pul topib, o‘zlarining kundalik hayotini yo‘lga qo‘yishi uchun imkoniyat yaratib berishi kerak.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida og‘ir iqtisodiy holatni boshidan o‘tkazayotgan afg‘on xalqiga yordam berish kerakligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Afg‘onistonning yangi hukumati haqida turlicha qarashlar mavjud, ammo ular Afg‘oniston hududidan mintaqaning boshqa mamlakatlariga hech qanday tahdidlar yuzaga kelmasligi haqida va’da berishmoqda. Shuningdek, ular terroristik tashkilotlarga qarshi jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda kurashish niyatida ekanligini bildirishmoqda. Mening fikrimcha, bu xalqaro hamjamiyatga nisbatan yaxshi signal.

Bizning bu boradagi yondashuvimiz shundan iboratki, Afg‘onistonda oldin yo‘l qo‘ygan xatolarimizni takrorlamay, hozirgi og‘ir vaziyatda ularga yordam berishimiz kerak. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 23-24 million Afg‘oniston aholisi qashshoqlikka yuz tutgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning o‘rtalariga borib, taxminan butun aholining 97 foizini tashkil etishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar bor. Raqamlarga razm solinadigan bo‘lsa, bu fojiadan boshqa narsa emas va befarq qarab turishning umuman iloji yo‘q.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, Afg‘onistonga faqatgina gumanitar yordam berish orqali mamlakatni hozirgi og‘ir sotsial-gumanitar inqirozdan olib chiqib ketish qiyin. Mamlakat milliy iqtisodiyotini tiklashga, afg‘on xalqiga ish topib berishga, mamlakat hududida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga yordam berish zarur. Shunda afg‘on xalqi o‘zi ishlab, o‘zi pul topib, o‘zlarining kundalik hayotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi», dedi u.

Top