07:38 / 18.12.2021
6844

Banklar aktivlari sifatini tasniflash tartibi o‘zgardi

Markaziy bank qarori bilan tijorat banklarida aktivlar sifatini tasniflash va aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zgartirishlar bir oy o‘tgach kuchga kiradi.

Foto: Getty Images

O‘zgartirishlar va qo‘shimchalar bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining «Muammoli aktivlar uchun prudensial talablar – muammoli aktivlar va shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar tushunchasi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomasiga, shuningdek xalqaro tajribaga asosan ishlab chiqilgan.

Xususan, «kredit tavakkalchiligi», «muddati o‘tgan qarzdorlik», «aktivlarning jami qiymati» va «kichik miqdordagi summa» tushunchalari kiritilmoqda.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq aktivlarga banklar tomonidan hisoblangan va olinmagan foizli daromadlar bo‘yicha «oshirilmaydigan» maqomini berish o‘rniga aktivlar sifatiga qarab ular yuzaga kelgan davrda zaxiralarni shakllantirish zarurligi to‘g‘risidagi talab kiritilmoqda.

Shuningdek, ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplashga mo‘ljallangan zaxira miqdoridan yuqori likvidli ta’minot qiymati chegirilishi nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, nizom talablariga muvofiq quyidagi holatlarda kredit shartnomasi shartlari o‘zgartirilganda kredit tasnifi o‘zgartirilmaydi va shartlari qayta ko‘rib chiqilgan aktivlar deb tasniflanmaydi:

  • foiz stavkasi pasaytirilganda, bunda o‘zgartirishdan so‘ng milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi MB asosiy stavkasi + 2 foiz banddan kam bo‘lmasligi lozim;
  • kredit valutasi o‘zgartirilganda, bunda kredit xorijiy valutadan milliy valutaga o‘zgartirilganda kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi MB asosiy stavkasi + 2 foiz banddan kam bo‘lmasligi lozim;
  • kreditning imtiyozli davri 6 oygacha uzaytirilganda, bunda dastlabki grafik bo‘yicha foizlar to‘liq to‘langan va yangi grafikda foiz to‘lovlari nazarda tutilgan hamda kreditning imtiyozli davri tugamagan va birinchi marta uzaytirilayotgan bo‘lishi, shuningdek shartnomaning oxirgi muddatini uzaytirish uzaytirilayotgan imtiyozli muddatdan ko‘p bo‘lmasligi shart.

Bunda kredit shartnomasi shartlari qayta ko‘rib chiqilayotgan vaqtda qarzdorning barcha banklardan olingan kreditlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi hamda: qarzdorning krediti sifati «standart» yoki «substandart» toifasida bo‘lishi; qayta ko‘rib chiqilayotgan shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashda so‘nggi 6 oy ichida muddati kechiktirilgan kunlarning jami miqdori 60 kundan oshmagan bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, aktivlarning vaqtinchalik parametrlar bo‘yicha tasniflanishi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid
Top