22:06 / 20.12.2021
5903

Navoiyda Po‘lat Bobojonov o‘tkazgan yig‘ilishda 3 nafar xodim IIB safidan bo‘shatildi

Navoiy viloyatida Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligida respublika ishchi guruhi o‘rganishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 3 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi, 4 nafari esa egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Vilotya IIB axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yig‘ilishda Xatirchi, Konimex, Navbahor, Karmana tumanlari hamda Navoiy shahrida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshganligi qattiq tanqid ostiga olingan. Shuningdek, firibgarlik, o‘g‘rilik hamda tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar oshgan hududlarda aniq maqsadlarni o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasi va dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar hamda olib borilgan keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar davomida 301 nafar voyaga yetmagan yosh ta’limga qaytarilgan hamda 331 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirilib, 338 ta oila yarashtirilgan. Bundan tashqari, tadbirlar davomida jami 35 ta jinoiy va 299 ta ma’muriy holatlar aniqlanib, 18 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan va 3 ta jinoyat fosh etilishiga erishilgan. Yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha 2009 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 844 ta avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda o‘z xizmat faoliyatida qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodim ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan, 4 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan hamda 7 nafariga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan. Faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashgan 29 nafar xodim esa rag‘batlantirilgan.  

Foto: Navoiy viloyati IIB axborot xizmati
Mavzuga oid
Top