18:32 / 21.12.2021
17724

Haj va Umraga elektron navbat, IMEI va boshqalar - Aksilkorrupsiya agentligi takliflar bilan chiqdi

Haj va Umra safarlariga navbatga turishni to‘liq DXMlarga o‘tkazish va jarayonni raqamlashtirish, fuqaroning nomidan nechta qurilma IMEI tizimiga kiritilganini aniqlash imkonini berish taklif etilmoqda.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat tashkilotlarining ochiqlik darajasini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda agentlik direktori Akmal Burhonov 21 dekabr kuni Senatning ochiqlik qo‘mitasi majlisida bergan hisobotida ma’lum qilgan.

Agentlik takliflari quyidagilar:

  • fuqarolarning Haj va Umra safarlariga borish uchun navbatga turish va yuritishni to‘liq davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish orqali inson omilidan xoli, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari hamda raqamli texnologiyalarga asoslangan tizimni joriy etish;
  • fuqaroning identifikatsiya qiluvchi ma’lumotini kiritish yordamida (masalan, pasport seriya va raqami) uning nomiga rasmiylashtirilgan barcha IMEI-kodlari va ushbu kodlar orqali foydalanilib kelinayotgan qurilmalarini bilish imkonini beruvchi xizmatni ishga tushirish;
  • davlat organi va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida e’lon qilinishini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan ma’lumotlarni e’lon qilish uchun namunaviy shakllarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • davlat budjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ularning yakuniy texnik-iqtisodiy asosi va boshqa loyiha hujjatlari ochiq e’lon qilinishini ta’minlash va boshqalar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosini kengaytirishning texnik-iqtisodiy asoslari loyihani amalga oshirish boshlanganidan 4 yil o‘tib tasdiqlangan edi.

Top