14:15 / 21.12.2021
5515

«O‘zaviatsiya» agentligiga yangi direktor tayinlandi

Fuqaro aviatsiyasi agentligiga yangi direktor tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Foto: uzcaa

Hukumatning 21 dekabr kungi 764-son qarori bilan Tohir Olimjonovich Nazarov Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining direktori sifatida ish boshladi.

Tohir Nazarov shu vaqtga qadar Fuqaro aviatsiyasi agentligining Sertifikatlash va parvoz xavfsizligini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i sifatida mehnat qilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Tolib O‘ljayev 2019 yilda “O‘zaviatsiya” agentligi direktori etib tayinlangandi.

Fuqaro aviatsiyasi agentligi prezidentning 2019 yil 1 fevraldagi PF–5647-son farmoni bilan qayta tashkil etilgan holda Transport vazirligiga o‘tkazilgan.

Havo hududidan foydalanuvchilarning O‘zbekiston havo hududidan xavfsiz foydalanishi, parvozlar insonlar sog‘lig‘i va hayotiga, atrof-muhitga hamda davlat manfaatlariga xavf solmagan holda amalga oshirilishini ta’minlash, o‘z vakolatlari doirasida havoda harakatlanishga xizmat ko‘rsatish tashkil etilishini va O‘zbekiston havo hududidan foydalanishni nazorat qilish agentlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Top