11:17 / 22.12.2021
6145

O‘zbekistonda yuridik iste’molchilardan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish boshlandi

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Toshkentdagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filialiga o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish uchun shartnoma imzoladi. Bu haqda aksionerlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

21 dekabr kuni D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali ma’muriyati hamda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ o‘rtasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik obektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida” shartnoma imzolandi.

Ushbu amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 iyuldagi 610-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik sub’yektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash reglamenti”ga asosan amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, universitetda 2021 yilning fevral oyida ishga tushirilgan quyosh stansiyasi 1 200 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, bu yerda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan har birining quvvati 350 Vt bo‘lgan 288 dona quyosh panellari o‘rnatilgan.

Avvalroq, Toshkentda yashovchi fuqaro o‘z uyida quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlatga sotishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. 

Top