16:40 / 22.12.2021
4450

Tanqidga tezkor munosabat: Ulug‘bek posyolkasidagi mahalla chiqindidan tozalandi

Kun.uz'ning “Abgor manzillar” ruknida yoritilishi ortidan, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek posyolkasidagi mahalla hududidan chiqindi uyumlari olib ketildi. Tuman hokimligi aholidan bu yerga boshqa chiqindi tashlamaslikni so‘ramoqda.

Foto: Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi

“Mirzo Ulug‘bek” MFY hududidagi chiqindizor obodonlashtirilgan mahalla ko‘rkini buzib turgan edi.

Mahalla raisi Abduqahhor Qurbonov chiqinxonaga aylangan joy avvalroq tozalangani, lekin odamlarning o‘zlari u yerga yana chiqindi tashlab, shu holga keltirib qo‘yayotganini aytgandi.

Foto: Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi

“Yana bir muammo – o‘sha yer Qibray tumani bilan tutash joy va o‘sha tumandagilar qurilish chiqindisini to‘kib ketayotgan holatlar bor. Chiqindini MSP – chiqindi yig‘ish punkti qabul qilmaydi, shuning uchun ko‘chaga tashlab ketishadi”, – deya ta’kidlagandi mahalla raisi.

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi aholi vakillarini tozalangan hududni toza saqlashga chaqirdi.

“Kun.uz sayti orqali “Mahalladagi chiqindizor va betonlangan daraxtlar – Abgor manzillar” sarlavhasi ostida Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek shaharchasi manzili tanqid ostiga olingan edi.

Ushbu manzilda bugun obodonlashtirish ishlari olib borildi va hududdagi chiqindilar bartaraf etilganini ma’lum qilamiz. Shu o‘rinda aholidan ushbu joyga turli xil chiqindilarni tashlamasliklarini va hudud obodligi uchun ular ham mas’ul ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

Aynan shu manzilda piyodalar yo‘lagida joylashgan yoritish chiroqlari “beton” simyog‘ochning sinishi aholi uchun jiddiy xavf solishi mumkinligini inobatga olib tegishli tashkilot tomonidan tez orada bartaraf etilishini ma’lum qilamiz”,deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati xabarida.

Ayni paytda maqolada yoritilgan ikkinchi manzil – Qorasuv kanalining Yashnobod tumani hududidan o‘tgan qismida daraxtlar osti betonlab tashlangani bo‘yicha mas’ullar izoh berganicha yo‘q.

Top