13:18 / 22.12.2021
8556

Xizmat safarlari va xorijlik mehmonlarni kutib olish xarajatlari haliyam ochiqlanmayapti - Antikorrupsiya

Vazirlik va idoralarning 70 foizi xodimlarning xizmat safarlari va xorijlik mehmonlarni kutib olish xarajatlarini o‘z saytlariga joylashtirmagan. Bu bilan ular prezident farmoniga amal qilmayapti.

Foto: KUN.UZ

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ochiqlikka doir prezident farmoni ijrosi yuzasidan monitoring o‘tkazdi. Bu haqda agentlik direktori Akmal Burhonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

10 dekabr holatiga, 135 ta vazirlik va idoraning 92 tasi xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirmagani aniqlangan.

Shuningdek, respublikadagi 72 ta davlat organi va tashkiloti o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga o‘z vaqtida joylashtirilishini ta’minlamagan bo‘lsa, 18 tasi portalda hali shaxsiy kabinet ham ochmagan.

“Misol uchun, 100 foiz ulushi Davlat soliq qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan “Humson sanatoriysi” davlat unitar korxonasi yoki “G’azalkent” sog‘lomlashtirish markazi kabi ko‘chmas mulklar Qo‘mitaning rasmiy veb-saytida yoki Ochiq ma’lumotlar portalidagi sahifasida e’lon qilinmagan. Vaholanki, farmon talablariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq ochiqlanishi lozim.

Yana bir misol, Davlat statistika qo‘mitasining yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasida 100 foiz ulushi Adliya vazirligiga tegishli bo‘lgan Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” dam olish maskani (“Konvension markaz majmuasi direksiyasi” UK) haqidagi ma’lumot vazirlik tomonidan rasmiy veb-saytda hamda Ochiq ma’lumotlar portalidagi e’lon qilingan ma’lumotlarda aks ettirilmagan”, – dedi 21 dekabr kuni Senatning ochiqlik qo‘mitasida hisob bergan aksilkorrupsion organ rahbari.

Akmal Burhonovga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston Xalqaro huquq ustuvorligi indeksining “Hukumatning ochiqligi” yo‘nalishida 139 ta mamlakat orasida 127-o‘rinni egallagan.

Shunga muvofiq, Agentlik tomonidan o‘tkazilgan kompleks tahlil natijalari “Hukumatning ochiqligi” omili bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashiga kiritilgan.

Akmal Burhonov ushbu yig‘ilishda prezidentning ochiqlikka doir farmoni majburiyatlarini bajarmagan hududlarni ham sanab o‘tdi.

Mavzuga oid
Top