18:32 / 23.12.2021
4391

“Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi

Foto: XDP.uz

Xalqaro valuta jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, 1971-2007 yillar davomida dunyoning 99 ta davlatida qarzni to‘lay olmaslik holati yuzaga kelgan. To‘lovsizlik muammosi yuzaga kelishidan avval mazkur mamlakatlarda davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60 foizni tashkil etgan. Tabiiyki, iqtisodiy inqiroz yuzaga kelganda davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbati keskin oshib ketishi mumkin. Bu holatning oldini olish uchun davlat qarzi hajmining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan oshmasligiga qaratilgan choralar ko‘rilishi lozim.

Shu boisdan qonun darajasida davlat qarzi va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash, shuningdek davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha samarali va yaxlit tizimni yaratish maqsadida “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekiston Respublikasi nomidan mablag‘ jalb qilish va davlat kafolatini berish o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Biroq sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarida davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari va davlat qarzini boshqarish maqsadlari aniqlanmagani, davlat qarzini boshqarish siyosatini belgilovchi asosiy hujjat – davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayoni qonuniy hamda davlat qarzini boshqarish bo‘yicha yagona vakolatli organ qonun darajasida belgilanmagan, davlatning shartli majburiyatlari qonun bilan tartibga solinmagani kabi kamchiliklar mavjud. Ushbu omillar tufayli davlat qarzining tez sur’atlar bilan o‘sib borishi kuzatilmoqda, davlat qarzi bo‘yicha zarur mablag‘larni o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklar vujudga kelmoqda. Buning barchasi kelgusida davlat qarzi va shartli majburiyatlar hajmining keskin o‘sishi hamda makroiqtisodiy barqarorlik uchun xatarlarning ortishiga olib kelishi mumkin.

Qonunning qabul qilinishi natijasida davlat qarzini boshqarish jarayonining fragmentatsiyalashuvini oldini olish, davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni boshqarish, davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan qonuniy mexanizmlarning yaratilishiga erishiladi. Shuning bilan birga, qonun O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga, xorijiy kreditor va investorlarning mamlakatning qarzlarni to‘lay olish salohiyatiga bo‘lgan ishonchining ortishiga hamda davlat tomonidan qarzlarning qulay shartlarda va past narxlarda jalb qilinishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarish bo‘yicha amaldagi ilg‘or xalqaro tajriba, jumladan, Qozog‘iston, Gruziya, Polsha, Chexiya, Estoniya, Sloveniya, Slovakiya, Vengriya, Turkiya, Daniya, Avstriya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Kanada, Braziliya, Argentina va boshqa davlatlar tajribasi inobatga olingan. Qonun loyihasi bo‘yicha Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi va AQSh G‘aznachiligi mutaxassislarining fikr-mulohazalari inobatga olingan.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi, «Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi, «Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida»gi, «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonuni loyihalari ko‘rib chiqildi va elektorat manfaati yuzasidan munosabat bildirildi.

Yig‘ilishda fraksiya faoliyatiga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati

Top