09:28 / 28.12.2021
23158

«Tuzalmaydigan» ta’lim tizimi: Karmanalik o‘qituvchilarga qimmat kitob, «karman»ga bir mashina puli

Navoiy viloyati Karmana tumani XTB Xalq ta’limi vazirligining bayonotiga zid ravishda chet tili o‘qituvchilariga tarqatilayotgan 1 mln so‘m mablag‘ni naqd ko‘rinishida berib, bozor narxi 60 ming so‘m bo‘lgan kitobni 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lmoqda.

Kun.uz ushbu masala borasida kichik jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

Xorijiy til o‘qituvchilariga nega pul berilmoqda?

2021 yil 20 mayda prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Mazkur qarorda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilariga davlat budjetidan zamonaviy adabiyot, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini sotib olishi uchun 1 mln so‘mdan mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan. Tavsiya etiladigan (aynan tavsiya etiladigan, majburlanadigan emas! — tahr.) darslik va o‘quv qo‘llanmalarining ro‘yxati hamda ularni sotib olganlik to‘g‘risida hisobot shakli Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan.

Ushbu masala, ya’ni chet tili o‘qituvchilariga 1 mln so‘mdan pul ajratish jarayonida korrupsiya holatlarining oldini olish yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unda ta’kidlanishicha, xorijiy til o‘qituvchilari zamonaviy adabiyotlarni xarid qilish uchun ajratilayotgan 1 mln so‘m pul mablag‘ini o‘zlari istagan adabiyotga sarflaydilar va u o‘qituvchining shaxsiy mulki hisoblanadi.

«Xalq ta’limi hududiy bo‘limlariga 2021 yil yakuniga qadar har bir chet tili o‘qituvchisining shaxsiy plastik kartasiga 1 mln so‘mdan mablag‘ tushirib berilishi haqida ko‘rsatma berilgan. Shuningdek, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligining 2021 yil 16 noyabrdagi qo‘shma qaroriga ko‘ra, chet tillari fani o‘qituvchilari zamonaviy adabiyotlarni har yilning 1 avgustiga qadar xarid qilishi belgilangan bo‘lib, 2021 yil yakuniga qadar ushbu adabiyotlarni xarid qilib, savdo chekini taqdim etish talabi noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaymiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Karmanga ham, Karmanaga ham naqdi yarasharkan

Ammo Karmana tumani XTB 1 mln so‘m mablag‘ni negadir vazirlik bayonotida ta’kidlangani kabi o‘qituvchilarning shaxsiy plastik kartasiga tushirib bermasdan, naqd ko‘rinishda berishni «ma’qul ko‘rdi». Buning sababi esa keyinroq oydinlashdi.

27 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Karmana tumani XTBning xorijiy tillar metodisti Nafosat Ergashevaga tegishli ekanligi aytilgan audioyozuv tarqaldi.

Unda metodist maktablardagi metod-birlashma rahbarlariga murojaat qilgan.

«Navoiy shahriga ham, Zarafshon shahriga, Nurota tumaniga ham tushgan. Lekin o‘sha plastikka tashlab bergan holatlarning ham hammasini eshitib yuribmiz. Hamma 100 foiz kitob olmaganligi uchun biz naqd pul berib, o‘sha yerning o‘zida (tuman XTB nazarda tutilyapti — tahririyat) kitob tashkillashtirib beramiz. Nasib bo‘lsa ertaga, dushanba kuniga har bir maktab direktori va metod-birlashma rahbarlarini «rayONO»ga chaqirib, kitoblarni joy-joyiga yetkazamiz», — deydi u.

Holat bo‘yicha Nafosat Ergashevadan izoh oldik. U oddiy metodist ekanligi, rahbarlar «topshirig‘i»ni bajarishini ta’kidladi.

«O‘qituvchilarga naqd pul berishimizdan maqsad — boshqa tumanlarimizda hamda viloyatimizda plastik kartalariga pul tashlab berilganida, o‘qituvchilarning kreditlari bo‘lgani sababli tushgan mablag‘ kreditni so‘ndirishga yechib olingan holatlar uchragan. Shu sababli biz o‘qituvchilarga naqd pul tarqatdik. Shuningdek, biz hisobxona va Nasiba Xalilovna (Karmana tuman XTB mudiri — tahririyat) bilan kelishgan holda vazirlik tomonidan shakllantirilgan kitoblar ro‘yxati bo‘yicha nashriyotga buyurtma berib, kitob keltirib, o‘qituvchilarga tarqatmoqchi bo‘ldik. Ammo kechagi audiodan keyin bu narsalarning barchasi to‘xtatilib, o‘qituvchilarga 1 mln so‘mdan pullarini yetkazdik», deydi u.

Tuman XTB bosh hisobchisi G‘anisher Rahmonov ham birorta maktabga kitob tarqatilmagani, biror tadbirkor bino tashqarisida sotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Biroq o‘rganish jarayonida aniq bo‘ldiki, 6 turdagi kitob metodist aytgani kabi nashriyotga buyurtma berilmoqchi bo‘lgan yoki XTB binosi tashqarisida tadbirkor tomonidan sotilgan emas, aksincha tuman XTBdagi «tadbirkorlar» tomonidan maktablarga majburiy ravishda tarqatilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Har bir chet tili o‘qituvchisiga 1 mln so‘mdan naqd pul direktorlarga ro‘yxat asosida imzo qo‘ydirib topshirilgan va undan har bir to‘plam kitob uchun 483 ming so‘mdan pul olib qolingan. Ayrim maktablarga esa pul ham, kitob ham berib yuborilgan holda keyinchalik kitob puli yetkazilishi topshirilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bu prezident tashabbusi

Karmanada tarqatilayotgan bu kitoblarning to‘plam narxi bozorda nari borsa 60 ming so‘m turadi. Qolaversa, ularning elektron variantini internetdan osongina topsa bo‘ladi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlardagi xizmatlar orqali mazkur kitoblar to‘plamini rangli shaklda 60 ming so‘mga, rangsiz shaklda esa 40 ming so‘mga chop qilib oldirish mumkin.

Foto: Kun.uz

Karmana tumani XTB rahbarlari esa prezident qaroridan o‘z manfaatlari yo‘lida «unumli foydalangan» holda bu kitoblar to‘plamini tumandagi chet tili o‘qituvchilariga 483 ming so‘mdan pullamoqchi bo‘lishdi. Buni rad qilgan chet tili o‘qituvchilariga esa «rayONO» hisobchisi Alisher Shokirov tomonidan do‘q-po‘pisa qilinib, maktabiga tekshirish jo‘natishni aytib, bosim ham o‘tkazilgan. (Ushbu faktlarning har biriga asos bo‘luvchi audiomateriallar tahririyatda mavjud. Tahririyat o‘qituvchilar iltimosiga ko‘ra, ularni hozircha ochiqlamaslikka qaror qildi).

Bosh hisobchi nima qilib bu ishlarga aralashib yuribdi, deya hayron qolayotgandirsiz? Axir kimdir pullarni sanashi kerak-ku?

Bu hodisada eng ajablanarli joyi, vazirlik bayonotiga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan faqatgina adabiyotlar ro‘yxati tavsiya qilingan bo‘lib, u yoki bu ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi, kitob do‘koni tomonidan sotilayotgan adabiyotlarni sotib olish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmagan. Vazirlik tavsiya uchun nashriyoti ham ko‘rsatilgan holda tasdiqlagan kitoblar ro‘yxatida esa Karmana XTB tomonidan tarqatilgan kitoblar yo‘q.

 

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Karmana tumanida 31 ta maktab bor. Ularda 226 nafar xorijiy tillar o‘qituvchisi faoliyat olib boradi. Agar har bir o‘qituvchiga XTV tavsiya etmagan 60 ming so‘mlik kitoblar to‘plami 483 ming so‘mdan «o‘tkazilsa», oradagi farq 95,5 mln so‘mga yaqin pul bo‘ladi. Kimdir fursatdan unumli foydalanib qolib, yangi yilga yangi mashina minmoqchi shekilli?

Gap ta’sir qilsa-yu, «Bir barobar qo‘y ustiga, bor, ana, ikki barobar qo‘y. 8 barobar ham qo‘yasanmiya, noinsof?!» — desang-da. Lekin nimadir mo‘ljal qilinsa va o‘shani qo‘lga kiritish yo‘lida qattiq kirishilsa, mana shunday nafs hakalak otadi, odatda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega davlatimiz rahbari kelajakni, yoshlarning sifatli ta’lim olishini o‘ylab yaxshi bir tashabbusni o‘rtaga tashlasa, quyi pog‘onadagi rahbarlar tashabbus uchun ajratilgan mablag‘ni «torta-tort» qilishga urinishadi?

Bu hol davlat mablag‘larini talon-toroj qilish sifatida baholanib, bunday rahbarlar va mutasaddilar sohada 2 soniya ham ishlamasligi kerak emasmi? Bizda korrupsiya deyilganda ko‘pincha pora oldi-berdisi tushuniladi. Ammo, mana shu holat ham klassik korrupsiyaning tipik ko‘rinishi.

Aytadiganimiz bitta: toki mana shunday boshboshdoqliklarga yo‘l qo‘yayotganlar namoyishkorona jazolanmas ekan, tobora «xastalanib» borayotgan ta’lim tizimi hech qachon «tuzalmaydi».

Shuhrat Shokirjonov, Ruslan Saburov,
Kun.uz jurnalistlari

Mavzuga oid
Top