21:00 / 28.12.2021
16179

«Unday xodimlardan qutulgan afzal» – G‘iyosov Yangiyo‘lda «uchastkavoy»lardan plan talab qilinayotgani haqida

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida «uchastkavoy»lardan kuniga ikki kishini jarimaga tortishni talab qilgan mas’ullarning aybi tasdiqlansa, ularga qat’iy ta’sir chorasi ko‘rilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, vazirlik noqonuniy harakat sodir etgani isbotlangan xodimlarning aybini yashirmaydi, balki ulardan qutulish orqali tizimni tozalamoqda.

20 dekabr kuni Kun.uz saytida e’lon qilingan maqolada joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlari bir-biri bilan kimo‘zarga raqobatlashayotgani, buning jabrini profilaktika inspektorlari va fuqarolar tortayotgani, bunday holat Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ham avj olgani haqida so‘z boradi.

Kun.uz’ga yuborilgan audioda Yangiyo‘l tumani 2-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik Olim Sobirov ekani aytilayotgan shaxs qo‘l ostidagi profilaktika inspektorlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- va 187-moddalari, ya’ni mayda bezorilik hamda jamoat joyida algokol ichishga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ikkitadan ma’muriy bayonnoma tuzib, ertalabki yig‘ilishga olib kelish haqida topshiriq berayotgani aks etgan.

Ichki ishlar vazirligi shu kunning o‘zida holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, maqolada ko‘rsatilgan vajlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgandi. Kun.uz muxbiri 25 dekabr kuni Farg‘onada jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovdan holat bo‘yicha izoh oldi.

Shohrux G‘iyosov, Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi

«Xizmat tekshiruvi odatda kadrlar boshqarmasi yoki shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Albatta, kim aynan shunday topshiriq bergan bo‘lsa, shaxsi aniqlanadi, nima uchun bunday topshiriq bergani, qanday holatda bu narsa ro‘y bergani barcha holat o‘rganiladi.

Vaj qilinayotgan barcha ma’lumotlar o‘rganilib, oxirida barcha harakatlarga huquqiy baho berilgandan keyin to‘liq ochiqlab berish imkoniyatimiz bo‘ladi.

Saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan har bir holatni to‘liq o‘rganamiz. Jumladan, Anvar Sultonov va Olim Sobirov xodimlardan majburiy plan talab qilib kelgani, Olim Sobirov xodimlardan pul talab qilgani bo‘yicha ma’lumotlar ayni paytda tekshirilmoqda. Hozir bu haqda aniq bir narsa deya olmayman. Tekshiruv tugaganidan keyingina qanday huquqiy chora ko‘rilganini aytishim mumkin.

Xodimlarning aybi aniqlanadigan bo‘lsa, haqiqatan shunday holat ro‘y bergani tasdiqlansa, ularga qat’iy ta’sir chorasi ko‘riladi. Bunga hozirgi paytda shak-shubha bo‘lishi mumkin emas. Chunki aynan xodimlarning aybi bilan tizimga dog‘ tushirish holatlariga qarshi keskin kurashyapmiz. Bundan buyon bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degan u.

Rasmiylar holat bo‘yicha tekshiruv tayinlangani, voqeaga daxldor har bir ma’lumot o‘rganilishi, mas’ullarning aybi tasdiqlangan taqdirda ularga chora ko‘rilishini aytayotgan bo‘lsa-da, Kun.uz manbasi amalda barchasi boshqacha kechayotganini ta’kidlamoqda.

«Kun.uz’da maqola e’lon qilingach, Telegramdagi guruh o‘chirib tashlandi. Kattalarimiz zo‘r berib ma’lumotni sizdirgan odamni qidirish bilan ovora. Kim tarqatgani aniqlansa, sharmandasini chiqarib xizmatdan chetlashtirishmoqchi», deydi shaxsini sir tutishni so‘ragan xodimlar.

Bobur To‘laganov, Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i matbuot kotibi

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov Yangiyo‘ldagi holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tekshiruv yakuniga yetgach, bu haqda jamoatchilikka axborot berilishini ma’lum qildi.

«Xizmat tekshiruvi viloyat IIBB Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Mas’ullar bilan bog‘landim, hali tekshiruv yakuniga yetmaganini aytishdi. Tekshiruv xulosasi tayyor bo‘lishi bilan bizga taqdim etiladi va biz bu haqda jamoatchilikka axborot beramiz», deydi u.

Shu o‘rinda Yangiyo‘ldagi holat bo‘yicha vazirlik matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda tizimdagi muammolar haqida OAVga ma’lumot yuborayotgan xodimlarga nopok, xizmat vazifasiga sovuqqon, arizaboz degan turli tamg‘alar bosilgani e’tiborni tortdi. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovdan hali xizmat tekshiruvi o‘tkazilmay va uning natijalari ma’lum bo‘lmay turib, Kun.uz’ga murojaat qilib Yangiyo‘l tumani ichki ishlar organlaridagi qonunga zid holatlar haqida ma’lumot bergan xodimlarga nima uchun qora tamg‘a bosilayotgani yuzasidan izoh so‘raldi.

Rasmiy munosabatdan skrinshot

«Bu narsa, ya’ni «nopok» degan so‘z ko‘chirma ma’noda yozilgan. Qonunchiligimizga ko‘ra, «nopok» degan so‘zga huquqiy baho berilmagan. Bu munosabat nafaqat ommaviy axborot vositalariga, balki o‘zimizning xodimlarimizga ham qaratilgan. Ya’ni xodimlarga chaqiriq sifatida yozilgan bu narsa.

Alohida profilaktika inspektorlari bilan bog‘liq holatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak. Oxirgi paytda nimani ko‘ryapmiz. Ayrim holatda xodimlar o‘z rahbarlari qattiqqo‘lligidan norozi kayfiyatda biror holatni ochiqlashga yoki jamoatchilikka murojaat qilishga harakat qilgan holatlarni kuzatyapmiz. Misol uchun, Yangiyo‘l holatida ham.

Xodimlar o‘z harakatini yashirish maqsadida turli bo‘htonlarni yog‘dirishni boshlayapti. Inson omilini baribir hech qayerdan olib tashlash mumkin emas. Mana, misol uchun, bir profilaktika inspektori hududi. U yerda 4ta spirtli ichimlik quyib sotuvchi shoxobcha bor. Ular kechasi soat o‘n birgacha ishlaydi. Shuningdek, ushbu hududda ellikdan oshiq spirtli ichimlikka ruju’ qo‘ygan, oilaviy janjal qiladigan va boshqa huquqbuzarliklarga moyil shaxslar bor.

Deylik, profilaktika inspektori tungi navbatchilikka tushdi. Shu xodim ertasi kuni ishga kelganda hududingda nima gap deb so‘ralsa, jimjit deb javob beradi. Vaholanki, uning hududida mast holatda sodir etilgan huquqbuzarliklar soni yuqori bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatda qanaqasiga undan natija talab qilmaydi? Mana shu holatda rahbarlarning ishlashni talab qilayotganini ayrim xodimlar bo‘rttirib, internetda chiqarishga harakat qilishmoqda. Hozirgi vaqtga kelib majburiy yuklama butunlay yo‘qotilgan holat.

Qonunni buzgan, xatoga yo‘l qo‘ygan xodimning yonini olib, butun tizimni sharmanda qilgandan ko‘ra shu xodimdan qutulgan eng afzal yo‘l. Chunki bitta xatoni bilib turib sodir qilgan xodim ertaga baribir shu xatoni takrorlaydi va tizimni sharmanda qiladi. Shuning uchun qutulgan yaxshi. Bu hozirgi kunda ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan siyosat. Agarda xodimning o‘zi huquqbuzarlik qilyaptimi, noqonuniy harakat qilyaptimi undan faqatgina qutulish orqali tizimni tozalayapmiz», deya ta’kidlaydi Shohrux G‘iyosov.

Foto: Kun.uz

IIV mulozimi fuqarolarni jarimaga tortish bo‘yicha majburiy yuklama bekor qilinganini aytgan bo‘lsa-da, Kun.uz’ga kelib tushgan ma’lumotda 17 dekabr holatiga ko‘ra Toshkent viloyatida profilaktika inspektorlari tomonidan 154 976 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani aks etgan. Belgilangan jarimalarning umumiy summasi 13 mlrd 412 mln 400 ming 628 so‘mni tashkil etadi. Shundan 2 mlrd 417 mln 681 ming 681 so‘m undirilgan bo‘lsa, shu paytgacha undirilmagan jarimalar miqdori 10 mlrd 994 mln 718 ming 947 so‘mdan iborat. Viloyat bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma’muriy jarimalarni undiruv ko‘rsatkichi 18 foizga teng bo‘lib, shahar-tumanlar kesimida bu ma’lumot o‘zgarib boradi.

Top