21:43 / 29.12.2021
29809

JSTga a’zolik va viza masalalari - AQSh elchisi bilan suhbat

Elchi O‘zbekiston dastlab Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga emas, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi to‘g‘ri bo‘lishini aytdi.

AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Kun.uz va Uzbek.life uchun intervyu berdi. Suhbat Amerika–O‘zbekiston hamkorligi, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi viza va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Amerika–O‘zbekiston hamkorligi

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgandan keyin ko‘p narsa o‘zgardi. Xususan, iqtisodiy, hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rdim. Lekin hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor. Prezidentning o‘zi ham islohotlar borasida hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Fursatdan foydalanib shuni aytib o‘tmoqchimanki, bu yil Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash arafasida turibmiz, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar hozir eng yuqori darajaga yetgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi siyosatida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Buni biz O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan rivojlanib borayotgan do‘stona aloqalarida ham ko‘ryapmiz.

Yana boshqa misollar keltiraman, o‘tgan haftada biz O‘zbekistonga COVAX dasturi orqali 300 000 doza Pfizer vaksinasini olib kelishga muvaffaq bo‘ldik. Bu faqatgina Covid-19 bilan bog‘liq davrga misol, biz avvallari ham sil kasalligi, turli infeksion kasalliklar borasida hamkorlik olib borganmiz. Bularning barchasi sog‘liqni saqlash tizimidagi hamkorligimizga yaxshi misol bo‘la oladi.

Qarshi shahrida esa «Window on America» markazi ochilgan. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 140 ga yaqin davlatda 600 dan ortiq shunday markazlar bor. Avvallari bunday markaz faqat Toshkentda bo‘lardi. Endi esa ana shunday “darcha”lardan birini Qarshida ham ochishga muvaffaq bo‘ldik. Mart oyida o‘zim ham uning ochilish marosimida ishtirok eta olganimdan mamnunman, bu men uchun juda ham hayajonli daqiqalar edi. 

Keyingi yillarda bu kabi markazlardan yana 6tasini ochishni rejalashtiryapmiz.

Ikki davlat o‘rtasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar

Avvalo, biz xavfsizlikka doir hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak. Afg‘onistondagi holat tufayli hududdagi vaziyat o‘zgardi. Amerika ham, O‘zbekiston ham Afg‘oniston yana terrorchi guruhlar kuchayadigan joyga aylanib qolmasligiga harakat qilishi lozim.

Ikkinchi masala, bu jahon savdo bozori bo‘yicha yechim talab qilgan jabhalar bor. So‘nggi yillarda biz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zosi bo‘lish harakatiga ko‘maklashyapmiz. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston bilan madaniy hamkorlik yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishimiz mumkin. Masalan, muzeylar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tarixiy ashyolarni birgalikda o‘rganish va boshqalar. Umumiy qilib aytganda, birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p loyihalar mavjud.

Amerikaga viza olish jarayonidagi muammolar

Pandemiyaning dastlabki 18 oyida viza masalalari bilan shug‘ullanadigan konsullik bo‘limimiz odatiy tartibda ishlay olmadi. Shu sababli, faqat eng muhim arizalarnigina ko‘rib chiqish bilan cheklandik. Ma’lum bir rejimda ishlay olmaganimiz natijasida ko‘plab fuqarolar viza ololmadi va navbatlar hosil bo‘ldi. Hozir esa avvalgi ish tartibimizga deyarli qaytdik. Lekin Covid-19 sababli hali ham ayrim cheklovlar mavjud. 

Men har hafta elchixonamiz xodimlaridan bu borada ma’lumot olib turaman va biz viza arizalariga imkon qadar javob berishga harakat qilyapmiz. Lekin shunga qaramay ayni damdagi vaziyat sabab, cheklovlarni ham unutmasligimiz kerak. Biz navbatda turganlardan biroz sabr qilishni so‘ragan bo‘lardik.

Jahon savdo tashkiloti

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi – asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi kerak. Chunki u dunyoning boshqa mamlakatlari bilan erkin savdo qilish imkonini beradi, umumiy standartlarni belgilaydi. Biz hozirgi kunda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi uchun texnik yordam ko‘rsatyapmiz.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gap ketganda, unga qo‘shilish yoki qo‘shilmaslikni O‘zbekistonning o‘zi hal qiladi. Lekin shuni ham ta’kidlash joizki, biz O‘zbekistonga oldin Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishni tavsiya qilib kelamiz. Chunki biz hamkorlikda ishlagan ko‘plab boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib ayta olamanki, agarda mamlakat allaqachon biror iqtisodiy ittifoq tarkibida bo‘lsa, uning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi qiyinlashadi.

O‘zbekistonda AQShning harbiy bazasi ochilishi ehtimoli haqida 

Amerika Qo‘shma Shtatlarining bunday rejalari yo‘q, bu masala hech qachon hukumatlar o‘rtasida ko‘tarilmagan ham. Chunki Amerika uchun O‘zbekistonda harbiy baza tashkil etishga asos ham, ehtiyoj ham yo‘q va bu mantiqsiz ish bo‘ladi. Biz O‘zbekiston bilan, biroz oldin ham aytib o‘tganimdek, asosan xavfsizlik, terroristik hujumlarning oldini olish va askarlarning malakasini oshirish masalalarida hamkorlik qilmoqdamiz. Bu kabi masalalarda biz nafaqat O‘zbekiston bilan, balki mintaqaning boshqa davlatlari, xususan Tojikiston bilan ham aloqalar o‘rnatganmiz.

Doniyor Tuxsinov va Malika Xolxo‘jayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top