18:20 / 30.12.2021
7682

Dam olish kunlari tibbiyot muassasalari tun-u kun ishlaydi - SSV

Dam olish kunlari mamlakatdagi tibbiyot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida shtab tashkil etildi va bugun uning dastlabki yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Unda qayd etilganidek, 31 dekabr — 4 yanvar kunlari quyidagi davolash-profilaktika muassasalarida 40 ming nafar tibbiyot tizimi xodimi navbatchilik asosida aholiga xizmat ko‘rsatadi: 995 ta oilaviy poliklinika, 858 ta oilaviy shifokor punkti, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari klinikalari.

Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 180 ta aholi punktida joylashgan subfiliallarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. 

Call-markaz (1003) orqali malakali mutaxassislardan koronavirus bo‘yicha savollarga tun-u kun javob olish mumkin.

Mamlakat bo‘ylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar uchun doimo shay holatda turadi.  

Bundan tashqari, bayram kunlari 238 ta tug‘uruq muassasasi ham uzluksiz faoliyat ko‘rsatadi. 

Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan bo‘limlarida ham 24 soat davomida 200 nafardan ziyod navbatchi shifokor, qariyb 200 nafarga yaqin vrach-laborant va yordamchi xodimlar o‘z faoliyatini davom ettiradi. 

Top