15:42 / 30.12.2021
15920

Toshkentda deraza panjarasiga osilib qolgan 4 yashar bola qutqarildi

3-qavatdagi uyda qarovsiz qolgan bola derazaga chiqib, panjaraga osilib qolgan. Uni Milliy gvardiya xodimlari qutqarishdi.

Foto: Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi

Hodisa 27 dekabr kuni 22-sonli harbiy shaharchadagi uylardan birida ro‘y bergan. Bolaning yordam so‘rab baqirgan ovozini hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi Yashnobod tumani bo‘limi tezkor harakatlanuvchi guruhi xodimlari eshitib qolishadi.

Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, qo‘shni mahallada obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanayotgan maxsus avtotransport vositasi zudlik bilan qutqaruv operatsiyasiga jalb qilingan va bola qutqarib olingan.

“Bola qutqarilgach, u uyda qarovsiz qoldirilgani, onasi uyni qulflab ishga ketgani aniqlandi. Xodimlarimiz ushbu hududda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektori yordami bilan bolaning onasiga qo‘ng‘iroq qilishadi. 2017 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan bolakay hodisa oqibatida hech qanday jiddiy jarohat olmagan, u oilasiga sog‘-salomat topshirildi”, deydi Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Shuhrat Durmatov.

Mas’ullar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bola qutqarilgunigacha qancha vaqt davomida panjarada osilib turgani noma’lumligi, lekin tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmaganiga qaraganda bu holatda uzoq vaqt qolib ketmaganini aytishdi.

Shunga o‘xshash voqea 2020 yil 14 yanvarida ham ro‘y bergandi. O‘shanda Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning birida qarovsiz qoldirilgan yosh bola 5-qavat derazasida osilib qolib, pastga tushib ketgani aks etgan video tarqalgan; uni qutqarib qolgan uch erkak Toshkent shahar prokurori tomonidan taqdirlangan edi.

Top