16:34 / 03.01.2022
20505

Yilning ilk o‘yinida hakamlik mojarosi, chempionlik intrigasi o‘lmoqda. APLda tur yakunlari

Arbitr «Man Siti»ga yordam berdi, «Arsenal» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birida g‘alabani qo‘ldan chiqardi, «Chelsi» va «Liverpul» o‘yinida «Siti» yutdi.

Arsenal – Manchester Siti 1:2 (1:0, 0:2)
Gollar: 1:0 – 31 Saka, 1:1 – 57, penalti Mahrez, 1:2 – 90 Rodri.
Arsenal – Remsdeyl, Tomiyasu, Uayt, Gabriel, Tirni, Martinelli, Saka (El-Nenni, 84), Edegor (Holding, 63), Parti, Chaka, Lyakazett (Smit-Rou, 71).
Manchester Siti – Ederson, Joau Kanselu, Ruben Diash, Laport, Ake, de Bryuyne, Rodri, Bernardu Silva, Mahrez, Gabriel Jyezus (Gundog‘an, 63), Sterling.
Ogohlantirishlar: Chaka (55), Gabriel (57), Saka (63), Xolding (68), Rodri (90), Bernardu Silva (90).
Chetlatish: Gabriel (59).

Angliyada Yangi yil Rojdestvo kabi ahamiyatli bayram emas, shu tufayli 1 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30dayoq «Emireyts» stadionida premer-liganing ayni vaqtdagi eng yaxshi jamoalari — «Arsenal» va «Manchester Siti» maydonga tushishdi.

APLda qatorasiga to‘rt g‘alabadan iborat seriya qayd etgan «kanonirlar» o‘zlari uchun jonajon to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Mikel Arteta jamoasi mavsum startidagi uch o‘yinda mag‘lubiyatga uchragach («Brentford»ga 0:2, «Chelsi»ga 0:2, «Siti»ga 0:5) o‘ziga kelib oldi va keyingi 16 o‘yinda faqat uch bor mag‘lub bo‘ldi. Jamoaning so‘nggi yillardagi yetakchisi va sardori Per-Emerik Obameyang esa klubdagi o‘rnini yo‘qotgan, «Arsenal» hujumida butunlay boshqa futbolchilar asosiy ishlarni bajarishmoqda.

«Manchester Siti»ning kuchi va formasi haqida ortiqcha gapirishga hojat yo‘q. Premer-ligada «shaharliklar» qatorasiga 10 o‘yinda ochko yo‘qotmagandi. Hatto «Liverpul» va «Chelsi» kabi kuchli raqiblar ham turnir jadvalida katta farq bilan ortda qoldirilgan.

Bu o‘yinda londonliklar jamoasini Albert Stuyvenberg boshqarib turdi: Artetaning kovid uchun topshirgan testi musbat natija bergan. Lekin «Arsenal» futbolchilari yuqori sport formasida edi. Jamoa yetakchilaridan faqat Emil Smit-Rou zaxirada qoldi, u so‘nggi uch turda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan va uch o‘yinda ham gol urgan. Startda tushgan oxirgi o‘yinida ham ushbu yosh yarimhimoyachi maydonni golsiz tark etmagandi («Manchester Yunayted»ga).

«Manchester Siti»ning har qanday tarkibini optimal deb atash mumkin. Yaqinda uyiga bosqinchilar tushgan Joau Kanselu ham maydonda edi. «Biz bo‘lib o‘tgan voqeadan shokka tushdik. Hammamiz Joauni qo‘llab-quvvatlaymiz, uning o‘zi o‘ynashga tayyorligini aytdi», dedi o‘yindan oldin Pep Gvardiola.

«Siti» o‘yinni maydon egalariga xos tarzda boshladi. APL peshqadami dastlabki 10 daqiqalikda bir necha bor gol urishga yaqin keldi, ammo «Arsenal»ga omad kulib boqdi. Yosh «kanonirlar» o‘yinda vaziyatni o‘zgartira olishdi. Gabriel Martinelli, Bukayo Saka va Martin Edegor tez-tez Angliyaning eng kuchli himoyasini yorib o‘tib, jarima maydoniga yorib kira boshlashdi. Shunday vaziyatlardan birida bosh arbitr Styuart Atuell Edersonning Edegorga nisbatan qoida buzishiga e’tibor qaratmadi. Bu vaziyatda norvegiyalik futbolchi jarima maydoni ichida Lyakazettning uzatmasidan keyin to‘pni oldinga tashlashda kuchliroq tepib, to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yubordi, uning qarshisidan Edegor chiqdi. Videotakrorda to‘qnashuv vaqtida darvozabon raqibning oyog‘iga tekkanini ko‘rish mumkin. Ammo hakam videotakrordan keyin ham penalti belgilamadi.

Gvardiolaning shogirdining jamoasi kuchli pressing qilishga o‘tdi va maydonning «Siti» darvozasi joylashgan qismida tez-tez to‘pni olib qo‘ya boshladi. 31-daqiqada londonliklar hujum chizig‘i vakillarining ishonchli harakati nihoyat samara keltirdi. «Kanonirlar»ning tezkor hujumi vaqtida Kiran Tirni qanotdan to‘pni Sakaga aniq yetkazdi va u yerlatib yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Bu ushbu yosh yarimhimoyachining mavsumdagi oltinchi goli bo‘ldi. Angliyalik futbolchi o‘tgan mavsum davomida chempionatda besh gol urgandi.

Lekin «Arsenal» tanaffusgacha farqni oshira olmadi. Tanaffusdan keyin esa «Manchester Siti» tezda vaziyatni o‘ngladi. 54-daqiqada Bernardu Silva raqib jarima maydonida Granit Chakani aldab o‘tdi. Lekin u muvozanatni yo‘qotayotganida shveysariyalik futbolchi uning futbolkasidan tortib qoldi, mehmonlar yarimhimoyachisi baribir gazonga yiqildi, hakam o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatdi, ammo videotakrordan keyin qarorini o‘zgartirdi — takror Silva to‘pni va muvozanatni yo‘qotishga ulgurgani, Chakaning harakati esa ortiqcha bo‘lganini ko‘rsatdi. Riyoz Mahrez aniq va kuchli zarba berib, Aaron Rasmdeylga imkon qoldirmadi.

Keyingi ikki daqiqada maydon egalarining g‘alaba uchun imkoniyatini yo‘qqa chiqargan epizodlar bo‘lib o‘tdi. Emerik Laport to‘pni darvozaboniga qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi, to‘p Ederson ustidan o‘tib bo‘sh darvoza tomon yo‘l oldi. Faqat Natan Akening ulgurib, podkat qilishi goldan qutqardi, qaytgan to‘pni esa Martinelli bo‘sh darvozaga kiritib yubora olmadi.

Bu vaziyat takrorini berish bilan band bo‘lgan translatsiya rejissyori «Arsenal» qanday qilib bir kishi kam bo‘lib qolganini o‘tkazib yubordi. Ederson to‘pni tezlik bilan o‘yinga kiritgach, uzun pas Gabriel Jyezusga yetib keldi, ammo boshqa Gabriel — «Arsenal» himoyachisi — unga o‘zini aylanib o‘tishga imkon bermadi. Unda penalti berilgan vaziyatda hakam bilan tortishgani uchun olingan sariq kartochka bor edi va ikkinchi kartochkadan keyin maydonni tark etdi.

Shunday qilib «Manchester Siti» besh daqiqada o‘yinni o‘zgartirdi. «Emireyts»dagi muxlislar arbitrlarni sotilishda ayblab, hayqira boshlashdi.

Ammo «Arsenal» o‘n kishi bo‘lib qolgach ham maydonning ikkinchi qismiga o‘tishda davom etdi. «Siti» esa to‘pni nazorat qilgan bo‘lsa-da, golli vaziyatlar yarata olmadi. Mahrezning penaltidan yo‘llagan zarbasidan oldin va keyin ham biror marta aniq zarba yo‘llay olishmadi. Bu statistika 90+3-daqiqagacha davom etdi, qo‘shib berilgan daqiqalarda Ramsdeyl darvozasi qarshisida Chakadan kelgan to‘pga ega chiqqan Rodri to‘pni darvozaga yo‘lladi. Videotakror ispaniyalik futbolchida ofsayd qayd etmadi, uning o‘zi esa futbolkasini yechib, golni «Arsenal» fanatlari joylashgan tribunaga borib nishonladi, bunga javoban unga plastik stakanlar va butilkalar uloqtirishdi.

Bu g‘alaba «shaharliklar» uchun APLda qatorasiga 11-g‘alabaga aylandi. Gvardiola jamoasi ta’qibchilaridan yanada katta farq bilan o‘zib ketdi, chempionlik intrigasi so‘nggi haftalarini yashamoqda.

«Siti»ning asosiy ta’qibchilari durang o‘ynadi — 2:2

Chelsi – Liverpul 2:2 (2:2, 0:0)
Gollar: 0:1 – 9 Mane, 0:2 – 26 Saloh, 1:2 – 42 Kovachich, 2:2 – 45 Pulishich.
Chelsi – Mendi, Chaloba (Jorjino, 70), Tiago Silva, Ryudiger, Kante, Aspilikueta, Kovachich, Maunt, Pulishich, Alonso, Havers (Hadson-Odoi, 79).
Liverpul – Kelleher, Aleksander-Arnold, Konate, van Deyk, Tsimikas, Henderson, Fabino, Milner (Keyta, 69), Saloh, Diogu Jota (Oksleyd-Chemberlen, 69), Mane (Jons, 90).
Ogohlantirishlar: Mane (1), Pulishich (17), Konate (83).

APLda chempionlik poygasi taqdiri bir-bir yarim oy ichida  oydinlashib qoladi. Albatta, chempionat startigacha ham «Manchester Siti» favorit hisoblanar, ammo «Chelsi» va «Liverpul» ham mavsumni juda yaxshi boshlashdi va betaraf muxlislarga titul uchun jiddiy kurash kechishiga umid berdi.

Ammo hozirda «Siti» o‘rnini hech kimga berib qo‘ymaydigandek ko‘rinmoqda. Amaldagi chempion qatorasiga 11 g‘alabaga erishdi, ikki ta’qibchi esa muammolar girdobida qolgan — faqat o‘yin va natijalar jihatidangina emas.

«Chelsi» — festival davridagi asosiy nyusmeyker bo‘lib turibdi. Chempionlik poygasi qizigan mahalda Romelu Lukaku Sky uchun bergan intervyusi orqali ko‘klar qayig‘ini silkitishga qaror qildi, u intervyuda Tomas Tuxelni tanlayotgan sxemalari va o‘ziga o‘yin amaliyoti bermayotgani uchun tanqid qildi. Belgiyalik futbolchi umuman ortiqcha gapirib yubordi va «Inter»dagi davrlari qanchalik yaxshi bo‘lganini esladi. Tuxel avvaliga unga ortiqcha shovqin yoqmasligini aytdi, keyin esa Lukakuni muhim o‘yin uchun tarkibdan chiqarib, jamoa mashg‘ulotlarini «bu buzg‘unchidan himoyalash»ga qaror qildi.

Albatta, germaniyalik murabbiyning bu qarorini barcha ham qo‘llamadi. Lukaku avvalgi ikki o‘yinda ham gol urgandi, ammo «Liverpul»ga qarshi muhim o‘yin arafasida uni ahmoqona intervyusi uchun tarkiblan chiqarishdi — bu ham ahmoqlik emasmi? Masalan, Angliya termasining sobiq futbolchisi Darren   Bent shunday fikrda.

Jamoaning boshqa bir hujumchisi Verner ham sog‘ligidagi muammo tufayli o‘ynay olmasdi, shunday ekan, Tuxel Havers aldamchi «to‘qqizlik» rolini bajaradigan, sinovdan o‘tgan sxemaga qaytildi. Yana bir syurpriz so‘nggi uch o‘yinda uch gol urgan Jorjino zaxirada qoldirilgani bo‘ldi — maydon markazini Kante va Kovachich egalladi.

«Liverpul»ning tarkib bilan bog‘liq muammolari yanada og‘riqli edi. Kovid Alisson, Matip, Roberto Firmino va Yurgen Kloppni safdan chiqardi — uning o‘rniga jamoani yordamchisi Pep Leynders boshqarib turibdi.

Boshqacha aytganda, «Manchester Siti»ning ikki ta’qibchisining o‘zaro o‘yini oqsoqlar jangiga aylandi. Shuning uchun Klopp va Tuxeldan bu o‘yin arafasida chempionlik poygasini tark etish borasida so‘rashdi. Tabiiyki, ikkisi ham mag‘lubiyatni tan olishdan bosh tortishdi. «Liverpul» ustozi shunday dedi: «Ligada g‘olib qishda aniq bo‘lmaydi. Hozir «Siti» oldinga chiqib ketgan va ular bunga munosib, ammo keling shunchaki harakat qilib ko‘ramiz».

Jamaolar yaxshi holatda emasligi ilk daqiqalardanoq ko‘rinib qoldi. Avvaliga Aleksandr-Arnold golga sababchi bo‘lishi mumkin edi, ammo Pulishich vaziyatni qo‘ldan chiqardi, keyin Chaloba o‘z jarima maydonida xuddi Arni kabi juda yomon o‘ynadi — bu safar Mane hisobni ochdi.

Umuman olganda, «Chelsi» juda oldinga chiqib himoyalandi va «Liverpul» bundan unumli foydalandi, shunday ekan, ikkinchi gol urilishi ham mantiqiy edi — Saloh qanotdan yorib kirib, Mendi qo‘riqlayotgan darvozaning yaqin burchagini aniq nishonga oldi.

O‘yinning yarim soati tugamay turib, hisob 0:2 ko‘rinishiga kelganida, o‘yin taqdiri hal bo‘lgandek ko‘ringandi, ammo «Chelsi»da qaytish uchun hali vaqt bor edi. 31-daqiqada yerda yotgan Tsimikasni bosib o‘tgani uchun Maunt chetlatilishi mumkin edi, ammo videoarbitrlar angliyalik futbolchini kechirishdi. Katta ehtimol bilan shu qaror «Chelsi»ni qutqardi. Ko‘klar o‘ziga kela boshladi va chiroyli gol urishdi — Kovachichning zarbasi ideal darajada chiqdi.

«Chelsi» tanaffusga qadar hisobni tenglashtirishga erishdi. O‘yin juda xaotik va yuqori tempda davom etdi, o‘yin borishiga qarab natija qanday bo‘lishini aytish mumkin emasdi. Jamoalar faqat oldinga tashlanishdi, bu betaraf muxlislar kutgan o‘yin edi.

Ikkinchi bo‘lim ham hujumlar bilan boshlanib, kosmik tempda davom etdi. Ikki jamoada ham yana gollar urish uchun imkoniyat bo‘ldi. O‘yin shu qadar hujumlarga boy va tomoshabop bo‘ldiki, muxlislar o‘nta gol ko‘rishi ham mumkin edi. Ammo Kelleher ham, Mendi ham boshqa to‘p o‘tkazmadi.

Faqat o‘yinning so‘nggi qismida ritm pasaydi. Bu mantiqli edi, bir yarim soat davomida bunday intensiv o‘yin ko‘rsatish imkonsiz ish. Qolaversa, tarkiblar ancha kuchsizlangan, bu ayniqsa «Liverpul»da sezildi — koronavirus jamoani zaxirasiz qoldirgan.

Tuxel ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida 3-5-2 sxemasiga o‘tdi - Maunt va Havers hujumchilar rolida, Pulishich esa -lateral. «Liverpul» ham tajribalarga kirishdi: so‘nggi 20 daqiqada Oksleyd-Chemberlen markaziy forvardga aylandi.

O‘yin oxiriga kelib jamoalar durang natijaga ko‘nishga majbur bo‘lishdi. Aynan majbur bo‘lishdi - chunki durang aslida ikki jamoani ham qoniqtirmaydi, tur yakuniga ko‘ra «Siti» bilan oradagi farq yanada yiriklashdi.

Tez orada Afrika millatlar kubogi o‘yinlari boshlanadi, «Chelsi» va «Liverpul»ning qator yetakchilari Afrikaga jo‘nab ketishmoqda, shu tufayi Pep Gvardiola jamoasi yanada uzoqlashib ketishi mumkin. Angliyada chempionlik poygasi o‘lim yoqasida.

Top