14:37 / 04.01.2022
25675

Brexit’ga bir yil to‘ldi: Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etib yutdimi yo yutqazdi?

Roppa-rosa bir yil avval Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqib, mustaqil hayot kechira boshladi. Breksit g‘oyasini ilgari surganlar millatga erkinlik va farovonlik va’da qilishgan, unga qarshi bo‘lganlar esa iqtisodiy tanazzul va jahonda nufuzning pasayishi bilan qo‘rqitishgandi.

Kim haq bo‘lib chiqdi? BBC bu haqda tahliliy maqola e’lon qildi.

2016 yilning iyunida o‘tkazilgan referendumda britaniyaliklarning 52 foizi breksitni yoqlab ovoz bergan edi, shundan so‘ng ular tark etish qanday bo‘lishi: yumshoq, qat’iy yoki yarim yumshoqligi borasida o‘zaro uzoq tortishishdi. Bu orada ikki bor bosh vazir o‘zgardi, ikki marta parlamentni qayta saylashdi, nihoyat, 2020 yilning yanvarida Boris Jonson YeI bilan 45 yillik birgalikdagi hayotga nuqta qo‘yadigan kelishuvni imzoladi.

Yana bir yil hammasi avvalgidek davom etaverdi, o‘tish davri bir yil muqaddam — yangi yil kechasida nihoyalandi. Shunda ham oxirigacha emas. Hamon qisman kechiktirish amalda, savdo borasidagi ko‘plab cheklovlar joriy yil mobaynida kuchga kiradi.

Britaniyalik baliqchilar breksitdan pul ishlashni niyat qilishgan edi. Lekin reallik Shimoliy dengizdan ham sovuqroq bo‘lib chiqdi: orzular savdo to‘siqlariga urilib chilparchin bo‘ldi.
Foto: Getty Images

Turli istisnolardan tashqari tarixiy (hali hech bir davlat YeIdan chiqib ketmagan) tajribani kovid epidemiyasi, lokdaunlar va koronakrizis buzib qo‘ydi. Ko‘p vaqt ham o‘tmadi — bor-yo‘g‘i bir yil.

Biroq breksit britaniyaliklarning hayoti, daromadi va erkinliklarida qanday iz qoldirgani borasidagi dastlabki xulosalar chiqarildi.

Britaniya yetishmovchilikka duchor bo‘ldi

Breksitdan so‘ng Britaniya eng kutilmagan narsalarning yetishmovchiligidan qiynala boshladi. Supermarketlarda vaqti-vaqti bilan yo mineral suv, yo salat, yo pishloq g‘oyib bo‘la boshladi. Qurilish materiallari va ehtiyot qismlar taqchilligi boshlandi. Ayniqsa mehnat bozori chok-chokidan so‘kilib ketdi: oshpazlar, ofitsiantlar, dalalarda mavsumiy ishchilar yetishmay boshladi.

Londondagi yirik supermarketning alkogolsiz ichimliklar bo‘limidagi 2021 yil yozidagi odatiy manzara.
Foto: Getty Images

Buning hayron qolarli joyi yo‘q — Britaniya yagona Yevropa bozorini tark etib bo‘lgan edi va tovarlar, xizmatlar hamda ishchi kuchlari oldida avval bo‘lmagan to‘siqlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Bu esa savdo-sotiq hamda iqtisodiyotga ziyon yetkaza boshladi, chunki breksitgacha Buyuk Britaniya bularning barchasini cheklovlarsiz import qilgan.

Masalan, Britaniya iste’molidagi oziq-ovqatlarning teng yarmi — import, jami importning 60 foizi esa breksitgacha Yevropadan olib kirilgan. Faqat oziq-ovqat emas, YeI ajralishgacha Buyuk Britaniyaning bosh savdo sherigi hisoblanardi, uning hissasiga importning 53 foizi, eksportning 44 foizi to‘g‘ri kelgan.

Faqat bitta misol keltiramiz: yonilg‘i krizisi. Kuzda Britaniya AYoQShlarida navbatlar paydo bo‘la boshladi, keyin benzin va dizel g‘oyib bo‘ldi. Chunki haydovchilar yetishmasdi, yevropaliklar ishlash huquqidan mahrum bo‘lgach, uy-uylariga jo‘nab ketishgandi.

La-Manshning narigi qirg‘og‘ida esa bu vaqtda hech qanaqa taqchillik kuzatilmayotgandi. Boz ustiga, benzin taqchilligi Britaniyaning bir qismi sifatida YeIni tark etgan Shimoliy Irlandiyada ham yo‘q edi. Chunki ular Boris Jonsonning ruxsati bilan hozircha bojxona masalalarida Yevropa Ittifoqida bo‘lib turishibdi.

YouGov’ning yaqinda o‘tkazgan so‘rovnomasiga ko‘ra, supermarketlarda oziq-ovqat yetishmovchiligiga italyan, ispan va daniyaliklarning 6–8 foizi duch kelgan. Britaniyaliklar orasida bundaylar 56 foizni tashkil etgan.

Britaniyaliklar kambag‘allashdi

Breksit Buyuk Britaniya iqtisodiyotini chuqur nokdaunga uloqtirdi. Hattoki rasmiy tahlilchilar ham buni tan olishmoqda.

2021 yil sentyabrida benzinga navbat.
Foto: AFP

Office for Budget Responsibility’dagi hukumat ekspertlarining baholashicha, o‘rtacha istiqbolda Britaniya iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 4 foizidan mahrum bo‘ladi. Nodavlat prognozlar esa yanada salbiyroq: minus 6–7 foiz.

Millat boyimoqda, lekin mumkin bo‘lgan sur’atlarda emas. Bunga ikkita asosiy sabab bor.

Birinchisi yuqorida tilga olindi — yagona Yevropa bozorining tark etilishi tufayli tovarlar importi, kapital va ishchi kuchining kamayishi. Arzon ispan salati va polyaklarning mixi, arzonga ishlaydigan rumin oqsochi, italiyalik pitssashunos yoki yunon sartaroshi — bular endi tarixda qoldi.

Ikkinchi sabab — eksportning qisqarishi. YeIning yagona bozori britaniyaliklarga Bolgariya va Germaniyadan tortib, Kipr va Portugaliyagacha yarim milliard potensial mijozlarning cho‘ntagiga qo‘l solish imkoniyatini berardi.

Endi ular orasida boj, soliq va formalliklardan iborat devor o‘rnatildi.

CER tadqiqot institutining hisoblashicha, savdodagi breksit to‘siqlar Britaniyaga 13 mlrd funtga tushgan. Bu esa uning avvalgi tovar aylanmasining 16 foizini tashkil etadi.

Institut Britaniyaning yutuqlarini uning shartli egizagi, savdo hajmi va iqtisodiy o‘sish dinamikasi referendumgacha va o‘tish davrigacha Britaniyanikiga o‘xshash bo‘lgan mamlakatlar guruhi bilan taqqoslab shunday xulosaga kelgan. Tajriba butun breksit effektini pandemiya chaqirgan muammolardan tozalab olib o‘rganish imkonini bergan, chunki kovid muammosi butun ko‘hna qit’ani teng qamrab olgan.

Dividend o‘rniga — oshirilgan soliqlar

Iqtisodiy ziyon manaman deb ko‘rinib turgani rost, lekin breksitga qarshilar qo‘rqitgan qiyomat qoyim bo‘lishidan uzoq. Hozir ular asosli ravishda bu hali hammasi emas, deyishmoqda, chunki YeI bilan bog‘lovchi barcha rishtalar uzilmagan, ko‘plab savdo to‘siqlari 2022 yil davomida paydo bo‘ladi.

Biroq iqtisodiyot hech qachon YeIdan chiqish uchun bosh sabab bo‘lmagan. Boris Jonson kampaniyasi siyosiy va moliyaviy suverenitet bayroqlari ostida o‘tdi. Uning asosiy argumentlardan biri Yevropa Ittifoqiga a’zolik badalidan xalos bo‘lish edi.

«Biz YeIga haftasiga 350 mln funt to‘laymiz. Yaxshisi, uni sog‘liqni saqlash tizimiga sarflaymiz», — deb yozilgan edi referendum kampaniyasi davrida Jonsonning avtobusiga.
Foto: Getty Images

Iqtisod qilingan pullarni bosh vazir NHS milliy sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga yo‘naltirishini va’da qilgan edi. Alaloqibat, uning moliya vaziri bu maqsadlar uchun fuqarolar va biznes ham pul tashlashi kerakligini e’lon qildi — apreldan soliq oshadi.

Hukumat 2025 yilgacha qo‘shimcha 30 mlrd funt yig‘ishni rejalashtirmoqda. Bu summa shu vaqt ichida Buyuk Britaniya breksitdan qancha yo‘qotishi haqida aytilgan konsensus-prognozdagi bilan aynan teng.

Immigratsiya ustidan g‘alaba

Breksit muvaffaqiyatli bo‘lgan sohalardan biri immigratsiyani cheklash bo‘ldi. Mamlakatga kirib kelayotganlarning umumiy soni keskin kamaydi. Chunki yevropaliklar endi shunchaki kirib kelib yashay olishmaydi — ular uch oy ichida ish topishlari lozim bo‘ladi. Ish bo‘lganda ham duch kelgan ish emas, yuqori maosh to‘lanuvchi ish bo‘lishi kerak.

Breksit tufayli La-Manshdan rezina qayiqlarda suzib o‘tgan nolegal migrantlar soni o‘sgani, dalalarda hosil chiriyotgani, furalarni haydashga odam topilmayotganiga qaramasdan, harakatlanish erkinligini cheklash tarafdorlarining bosh talablaridan biri bajarildi — chegaralarga qulf urildi.

Britaniyaga immigratsiya 90 foizga quladi. Asosan kovid va breksit tufayli. Britaniyadagi YeI fuqarolarida hokimiyatdagilar o‘ylaganidan bir yarim barobar ko‘p ekan. Endi ikkita muammo paydo bo‘ldi.

Birinchisi — istisnolar qilishga to‘g‘ri kelmoqda. Houm-ofis haydovchilar va qassoblarga vaqtinchalik vizalar berishga rozi bo‘ldi. Chunki hayvonlarni so‘yadigan, parrandalarning patini yuladigan, ularni yuk mashinasida do‘konlarga tarqatadigan odam qolmas ekan. Ishlaydigan qo‘llar yetishmovchiligi tufayli Britaniya ilk marta rojdestvo bayramiga o‘zi kurka yetishtirib bera olmadi. Uni Fransiya va Polshadan olib kirishdi.

Haydalgan yevropaliklar ham qaytishga shoshilishmayapti. Ular uchun qit’ada ham ish yetarli, maoshlar ham qariyb shuncha va qog‘ozbozlikdan ozod. Shu sababli parrandachilik fabrikalari uchun e’lon qilingan 5 mingta vaqtinchalik vizaga talab ikki barobar kam bo‘ldi, 5 mingta haydovchilik vizasiga esa 200 tacha odam talabgor bo‘ldi, 800 nafar qassob o‘rniga esa yigirmatacha odam keldi.

Britaniyaliklar rojdestvoga 8–9 million kurka iste’mol qilishadi. So‘nggi 15 yil ichida ularning barchasi orolda yetishtirilgan. 2021 yilda breksit tufayli ilk marta kurka yetishmovchiligiga duch kelindi.
Foto: Getty Images

Ikkinchi muammo — YeIning javobi. Britaniyaliklar nafaqat bozorlarini immigrantlar uchun berkitishdi, o‘zlari ham Yevropa Ittifoqining 27 davlatida harakatlanish erkinligi va ishlash huquqidan mahrum bo‘lishdi.

Natijada, ingliz arxitektori endi Germaniyada uy qura olmaydi, britaniyalik model esa bir-ikki kunga Italiyaga s’yomka uchun bora olmaydi. Ularga ishlash uchun ruxsatnoma kerak, bu esa uzoq vaqt va ancha pul talab qiladi. Yuzdan ziyod musiqachilar hukumatga ochiq xat yo‘llab, Britaniyaga yiliga 100 mlrd funt pul olib keladigan sohani «sharmandalarcha topshirganlik»da ayblashdi.

Qirollikning butunligi yoki Irlandiyaning birlashishi

Breksit nafaqat Buyuk Britaniya daromadlarini, qirollikning butunligini ham tahdid ostiga qo‘ydi. Ularni birlashtirib turgan to‘rt millatdan faqat Angliya va Uels hozircha birga. Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyada breksit markazdan qochuvchi kuch hosil qilgan.

Jonson referendumdan so‘ng uch yil o‘tgach, YeI bilan ajralish shartlarini kelishishni va’da qilib hukumat tepasiga keldi. Undan avval ishlagan Tereza Mey bunga erisha olmadi, chunki asosiy masala — Irlandiya masalasini yechishga ojizlik qildi.

Gap shundaki, orolning bir qismi — Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirollik tarkibiga kiradi. U yerda ahvol tinch emas, qon to‘kilishiga nuqta qo‘ygan kelishuv esa YeI tarkibiga kiruvchi Irlandiya bilan chegaralar bo‘lmasligini taqozo etadi.

Shimoliy Irlandiyadagi tartibsizliklar.
Foto: AFP

Shimoliy Irlandiyada yana tartibsizliklar ro‘y bermoqda. Yunonistlarga ham, loyalistlarga ham, respublikachilarga ham Boris Jonson YeI bilan imzolagan bitim yoqmadi.

Britaniya YeI a’zosi bo‘lib turgan chog‘da hech qanday muammo yo‘q edi. Breksit yana qirollik chegaralarini tikladi, endi esa chegara qayerdan o‘tishi kerak degan savol paydo bo‘ldi. Orada to‘siqlar barpo etmaslik uchun yo butun Buyuk Britaniyani bojxona ittifoqida qoldirish kerak edi yoki Shimoliy Irlandiya va qolgan Britaniya o‘rtasida dengiz orqali bojxona chegarasi o‘tkazish kerak edi.

Tereza Mey birinchi variantdan voz kechdi, chunki u breksit ruhiyatiga zid edi, ikkinchisidan ham voz kechdi — chunki u mamlakat ichida chegara o‘rnatilishini taqozo etadi. U Buyuk Britaniyaning hech bir bosh vaziri bu ishga qo‘l urmaydi, deya ishonchi komil edi.

Boris Jonson boshqacha fikrda bo‘ldi. U mamlakat ichida chegara o‘rnatilishiga rozi bo‘ldi va shu shartlarda YeI bilan kelishuv imzoladi. U mazkur kelishuvni katta siljish sifatida taqdim etib, shu bilan saylovlarda g‘alaba qozondi va breksit muvaffaqiyatli tamomlandi, deb e’lon qildi.

Biroq tez orada ma’lum bo‘ldiki, YeI aslo hazillashmayotgan ekan. Jonson imzolagan kelishuv tovarlarning Buyuk Britaniya ichida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tishini talab qilar ekan, Jonson esa hech qanaqa tekshiruvlar bo‘lmaydi, deya qasam ichib va’da bergan edi.

Natija YeI bilan uzoq tortishuvlar, yangi imzolangan kelishuvni qayta ko‘rib chiqishga urinish, muvaffaqiyatsizlikka uchrash, bosh muzokarachi Defid Frostning qochib ketishi va muzokaralarda qisman kapitulyatsiya bo‘lish bilan yakunlandi.

Endi shotlandiyaliklar ortidan irlandiyaliklar ham Angliyadan ajralib chiqishni istab qolishdi. So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, Shimoliy Irlandiyada 67 foiz aholi breksit orolning birlashishini yaqinlashtirdi deb hisoblaydi, yana 53 foiz kishi bu boradagi referendum yaqin 10 yil ichida yuz berishini taxmin qilmoqda. Janubiy Irlandiyadagilar esa 62 foiz aholi Shimoliy Irlandiya bilan qo‘shilishni yoqlashmoqda.

Britaniyaning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni

Breksit Britaniyaning yetakchi savdo va diplomatik rolini tiklash uchun Yevropa Ittifoqi yo‘lidan voz kechish sifatida taqdim etilgan edi. Xo‘sh, nimaga erishildi?

Yangi zelandiyalik fermerlar Britaniya bozorini o‘zlarining butun dunyoga mashhur mahsuloti bilan to‘ldirib tashlashmoqchi. Britaniyalik chorvadorlar breksitdan boshqa narsani kutishgan edi.
Foto: AFP

Savdo sohasida Britaniya boshqa mamlakatlar bilan shu vaqtgacha uni boqib kelgan eng yaqin, eng boy va xaridorlari ko‘p bo‘lgan Yevropa bozoriga chiqish o‘rnini bosa oluvchi biror manfaatli bitim tuzishni uddalay olmadi.

Shu davr ichida imzolangan savdo kelishuvlari yo yevropanikining g‘irt nusxasi yoki ilojsizlikdan kapitulyatsiya edi. Avval Britaniya savdo ittifoqlarini yarim milliard yuqori maosh oluvchi aholiga ega, jahonning ikkinchi iqtisodiyoti nomidan imzolagan bo‘lsa, endi emissarlar dunyo bo‘ylab Yevropaning bir chetidagi, 66 mln aholiga ega davlat nomidan mijoz ovlashga mahkum etildi.

Natijada yangi savdo bitimlari bir paytlar Britaniya hech qachon rozi bo‘lmaydigan yon berishlarga to‘la. Britaniyalik fermerlar shu sababli Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan imzolangan kelishuvlarni bezovtalik va ko‘zda yosh bilan o‘qimay iloji yo‘q.

Breksitning bosh tashqi savdo sovrini — AQSh bilan erkin savdo qilishi hattoki muhokama ham qilinmayapti. Amerika o‘z ittifoqchisi va sobiq metropoliyasiga iliq munosabatda, biroq ular Irlandiyani ham kam sevishmaydi, bu haqda Jo Bayden bir necha bor takrorlagan. Yuqorida tilga olingan Irlandiya masalasi yechilmas ekan, AQSh bilan savdo bitimi tuzishning iloji yo‘q.

Shundan so‘ng ham uni manfaatli deb atab bo‘lmaydi, yuqorida sanalgan sabablar tufayli. Amerika iqtisodiyoti Britaniyanikidan 7 barobar katta, savdo muzokaralarida esa o‘lcham katta ahamiyatga ega.

Britaniyaning jahon siyosatidagi o‘rni

YeI bilan ajralish Britaniyaning jahon siyosatidagi rolini ham o‘zgartirdi. U hamon yadroviy barqudrat davlat, BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosidan biri. Lekin u endi ko‘proq ingliz tilli va uzoqdagi AQSh va Avstraliyaning ittifoqchisi, ularning bosh tahdidi esa Osiyodan.

Breksitdan so‘ng Britaniya xavfsizlik va harbiy hamkorlik masalalarida YeIdan uzoqlashib, AQShga yaqinlashdi.
Foto: Getty Images

Yevropa frontida Britaniyaning tovushi tobora pastroq eshitilmoqda.

Yaxshi bir misol — YeI va Rossiya munosabatlarining yaqindagi keskinlashuvi. Bir necha yil avval, Qrim anneksiya qilinganda Britaniya Vladimir Putin va uning Yevropa sharqini ta’sir hududlariga bo‘lib olishga bo‘lgan urinishlarini tanqid qiluvchilar orasida birinchi qatorda edi.

Endi esa Londonning ovozi asosan AQShga hamohang tarzda, ammo biroz pastroq yangramoqda, Yevropa yetakchilari xori ichida esa yadroviy jomadoni borligiga qaramasdan, Boris Jonsonning ovozi bilinmayapti.

Ichki siyosat

Modomiki jahon arenasida ishlar avj emas ekan, balkim breksit ichki siyosatda katta dividendlar olib kelgandir?

Avvaliga — ha. U jurnalist va shahar boshlig‘i Jonsonni parlamentda keng o‘ringa ega bo‘lgan bosh vazirga aylantirdi.

Biroq, saylovchilarning Yevropa frontidagi tushunarsiz g‘alabalar haqidagi hisobotlarga qiziqishi o‘lib, ular ichki ishlarga ko‘proq e’tibor bera boshlashadi. Bu yerda esa Boris Jonson jiddiy muammolarga ro‘para bo‘lgan. Kovid, janjallar, oshirilgan soliqlar, inflatsiya, boy berilgan saylovlar.

YeIdan chiqish uchun ovoz berganlarning ham ishonchi o‘lmoqda. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma yevroskeptiklarning aksariyati Jonsondan norozi ekanini ayon qildi. 2019 yilning yozida ular 74 foiz edi, pandemiya kelganda ular 86 foizgacha ko‘tarildi, endi 38 foizni tashkil etmoqda. Breksitga qarshi ovoz berganlar ichida esa rozilar soni bir necha barobar kam.

Jonson saylovni «breksitni yakunlaymiz» va «kuchli iqtisodiyot» shiorlari bilan yutgan. Ikki yil o‘tgach hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Foto: AFP

Permanent breksit va YeI siymosidagi tashqi dushman bilan tuganmas jang ichki frontda tobora kamroq ochko olib kelmoqda. Savdoning qisqarishi tufayli ko‘rilayotgan zarar aholining daromadlarini pasaytirib, norozilar safini ko‘paytirmoqda.

Endi nima bo‘ladi?

Breksitning iqtisodiy oqibatlari endi-endi bo‘y ko‘rsata boshladi. Yangi 2022 yilda savdoda yangi to‘siqlar paydo bo‘ladi, bu esa shubhasiz Britaniya biznesi va aholisi daromadlarini qisqartiradi.

«Bir yilgina o‘tdi, breksitning Britaniya iqtisodiyotiga ziyoni tobora ravshanlashmoqda, — deb yozadi bu masalada eng katta ekspertlardan biri, The UK in a Changing Europe tadqiqot markazi rahbari Anand Menon. — Biroq Jonsonning ta’kidlariga ters o‘laroq, breksitning ko‘p detallari, zarar yoki foydaning yakuni hajmi hali aniq emas».

Manzarani to‘liq ko‘rishga kovid oqibatlari va savdoda ko‘plab cheklovlarning vaqtincha ortga surilishi xalaqit bermoqda. Lekin bular vaqtincha.

«Pandemiyaning ta’siri tez orada yo‘q bo‘ladi, lekin breksitning oqibatlari qoladi. Ayrim sohalarda, masalan savdo-sotiq va migratsiyada oqibatlar battarlashaveradi», — deya ogohlantirishmoqda The UK in a Changing Europe iqtisodchilari.

Boris Jonson o‘z partiyasini 2019 yilgi saylovlarda «Get Brexit Done» deya breksitni yakunlash va’dasi bilan ishonchli g‘alabaga olib keldi.

«Breksit hali tugagan emas, — deya Britaniyaning dastlabki yildagi erkin suzishini yakunlar ekan Anand Menon. — Hali eng qiziqlari oldinda».

Mavzuga oid
Top