07:44 / 05.01.2022
4531

O‘zbekiston Afg‘onistonning yangi hukumati bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasiga ko‘ra, Afg‘onistonni mintaqadagi iqtisodiy integratsiya jarayonlariga faol jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro hamjamiyat imkoniyatlarini jalb etib, Afg‘onistonga birinchi navbatda transport va energetika sohasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda yordam berish ham mo‘ljallanmoqda. Buning uchun mintaqaviy aloqalarning muhim bo‘g‘ini sifatida Afg‘onistonning shakllanishida hissa qo‘shadigan “Termiz – Mazori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li va “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi (500 MVt) kabi loyihalarni amalga oshirishga xalqaro moliya institutlarining imkoniyatlarini jalb etishga ko‘mak ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, Afg‘onistonning yangi hukumati bilan xavfsizlik sohasida konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. Bunda, chegara xavfsizligini ta’minlash, terrorizm va narkotrafikka hamda ekstremistik mafkuraning yoyilishiga qarshi kurashish ishlari amalga oshiriladi.

Afg‘onistonning vakolatli va malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yordam beriladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini kasb-hunarga tayyorlash o‘quv markazi imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish taklif etiladi. 

Top