11:23 / 05.01.2022
34589

Urganch tumanida 2 oila xavf ostida yashamoqda – qurilish ularning uyi ostonasigacha kelgan

Hokimlik va tadbirkorning oydinlik kiritilmagan o‘zaro munosabatlaridan aholi jabr ko‘ryapti.

Foto: Kun.uz

Xorazm viloyati, Urganch tumani, Arboblar mahallasi, Ma’rifatchilar ko‘chasi 17-uyda yashovchi Davron Sapayev oilasi va 19-uyda yashovchi Feruza Nurmetova oilasi yashayotgan xonadonlar qurilish boshlangan xavfli hududga juda yaqin turibdi. Ular ko‘chib ketishga tayyor, hokimlik tomonidan yer maydoni ham ajratilgan, biroq kompensatsiya masalasi hal etilmagan.

Hokimlik tomonidan yer ajratilishi

Ushbu hududda “Xorazm invest xolding” MChJ ko‘pqavatli turar joy binosi qurmoqda. Urganch tumani hokimligi 2017 yilda korxonaga shu maqsadda 2500 kv.m. yer maydoni ajratgan.

Shuningdek, tutash hududdan Sherpajon Salayevaga ko‘pxonadonli uy qurish uchun 850 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan. 2021 yil iyul oyida “Xorazm invest xolding” MChJ shu yerning 650 kv.m. maydonini Sherpajon Salayevadan sotib olgan.

Chala qolgan kelishuv bitimi

2020 yil fevral oyida Urganch tumani hokimligi buzilish hududiga tushgan 2 xonadon egalariga yer ajratib bergan. Jumladan, Davron Sapayevga har biri 392 kv.m.dan iborat 1,5 ta yer uchastkasini, Feruza Nurmetovaga har biri 392 kv.m.dan iborat 2 ta yer uchastkasini ajratib berish haqida kelishuv bitimini rasmiylashtirgan.

Uning 4.1-bandida kompensatsiya pul mablag‘i yuzasidan uchtomonlama, ya’ni hokimlik, quruvchi tadbirkor va mulkdor o‘rtasida qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha bitim imzolanishi majburiyatini Urganch tumani hokimligi o‘z zimmasiga olgan. Biroq hokimlik o‘z majburiyatini shu paytgacha bajarmay kelmoqda va uchtomonlama kelishuv bitimi rasmiylashtirilmagan.

Qurilish ishlari esa shaharsozlik me’yorlariga zid ravishda xonadonlarning ostonasiga juda yaqin joyda olib borilyapti.

Qizil chiziq bilan qurilish ishlari olib borilayotgan maydon. Yashil chiziq bilan murojaatchi xonadonlari ko‘rsatilgan

Uchtomonlama kelishuv bitimi nega imzolanmadi?

“Xorazm invest xolding” MChJ rahbari Maqsud Boboyev kompensatsiya puli to‘g‘risidagi kelishuv bitimini imzolashdan bosh tortmoqda. U bilan bog‘lanib, masala yuzasidan izoh olishga urindik. Ammo Boboyev murojaat nima haqida ekanini eshitganidan so‘ng aloqaga chiqmay qo‘ydi.

Biroq, qo‘limizdagi rasmiy hujjatlar va mas’ul idoralarning ma’lumotnomalari asosida xulosa qilish imkoniyatimiz bor.

Asosiy sabab – “Xorazm invest xolding” MChJ rahbariyati 2 ta xonadon hududi qurilish ishlari olib boriladigan hududga kirmaydi deb hisoblamoqda. Shu sababli kelishuv bitimini imzolamayapti.

Bu haqda Kadastr agentligi Urganch tumani bo‘limi shunday ma’lumot bergan: “Xorazm invest xolding” MChJga jami 2500 kv.m. yer ajratib berilgan. Ammo Arxitektura rejalashtirish topshirig‘ida (APZ) yer maydoni 1500 kv.m. qilib chegara hududi belgilangan. Davron Sapayev va Feruza Nurmetova turar joyi egallagan qizil chiziq chegara ichiga kirmaydi”.

Ya’ni, korxonaga 2500 kv.m. yer maydoni ajratilgan bo‘lsa-da, Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) negadir 1500 kv.m. maydon uchun chizilgan. Qolgan 1000 kv.m. hudud qayerda ekani noma’lum. Oqibatda, chizmadagi qizil hudud (qurilish olib boriladigan maydon chegaralari) xonadonlar chegarasi bilan kesishmaydigan bo‘lib qolgan.

Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) hujjati

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, hujjatda chizilgan hududlar va obektlarning yer maydoni miqdori aniq ko‘rsatilmagan. Qizig‘i shundaki, mana shunday chala va mavhum tarzda ishlangan muhim hujjatni Xorazm viloyati bosh arxitektori va Urganch tumani bosh arxitektori imzolagan.

Xonadon egasi Davron Sapayevning so‘zlariga ko‘ra, 2500 kv.m. yer maydoni uchun APZ chizish o‘rniga, uni qisqartirib, 1500 kv.m. yer maydoni uchun chizilgani quruvchi-tadbirkorning kompensatsiya to‘lashdan qochish uchun qo‘llagan hiylasi bo‘lishi mumkin.

Urganch tumani hokimligi: Kompensatsiya pulini quruvchi-tadbirkor berishi kerak

Urganch tumani hokimligi pozitsiyasiga ko‘ra, Davron Sapayev va Feruza Nurmetova oilalariga kompensatsiya puli quruvchi-tadbirkor tomonidan to‘lanishi shart. Bu haqda yer ajratish to‘g‘risidagi qarorda ham ko‘rsatilgan.

“Xorazm invest xolding” MChJga ushbu qarorga ilova qilingan chizma tasviriga muvofiq, Urganch tumani, Qorovul qishlog‘i, Arboblar mahallasi hududidan birinchi qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish joylaridan iborat ko‘pqavatli, ko‘pxonadonli turar joy binosi qurish uchun mazkur hududdagi yiqilish (buzilish) zonasiga tushgan aholi turar joylarini buzib olinishi evaziga yetkazilgan zararni moliyaviy qoplash sharti bilan jami 2500 kv.m. yer maydoni doimiy foydalanishga ajratib berilsin”, – deyiladi hokimlik qarorida.

Bundan tashqari, o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ajratib berilgan taqdirda uy-joy qiymatini to‘lash, uylar (kvartiralar) berish va vaqtinchalik turar joy berish, shuningdek yangi joyga ko‘chish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplash tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari qaroriga ko‘ra ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Sud fuqarolarning qurilish ishlariga qarshilik qilish huquqi borligini tasdiqladi

Davron Sapayev va Feruza Nurmetova turli instansiyalarga shikoyat qilavergach, «Xorazm invest xolding» MChJ rahbari Maqsud Boboyev ularga qurilish ishlariga qarshilik qilmaslik majburiyatini yuklash haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudiga da’vo kiritdi.

2021 yil noyabr oyida o‘tkazilgan sud mahkamasida Davron Sapayev va Feruza Nurmetovaga qurilish ishlariga to‘sqinlik qilmaslik haqida majburiyat yuklandi. Ammo 2022 yil fevral oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi ushbu qarorni bekor qilib,  Davron Sapayev va Feruza Nurmetovada qurilish ishlariga qarshilik qilish huquqi borligini tasdiqladi.

Xorazm viloyati Qurilish bosh boshqarmasi quruvchi-tadbirkor xatti-harakatlari noqonuniy ekanini bildirmoqda

Ya’ni, yer chegaralari aniq belgilanmaguncha unga egalik qilish va undan foydalanish qonunan taqiqlangan.

“Xorazm invest xolding” MChJga jami 2500 kv.m. yer ajratib berilgan. Ammo yer maydonining chegaralari Urganch tumani qurilish bo‘limi, tuman yer resurslari bo‘limi va tuman uy-joy bo‘limi tomonidan belgilanmagan.

Yer Kodeksining 23-moddasiga ko‘ra, berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkasining chegaralari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan naturada (joyning o‘zida) belgilanguniga hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlar berilguniga qadar mazkur yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanishga kirishish taqiqlanadi”, deyiladi Qurilish bosh boshqarmasi ma’lumotnomasida.

Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yer ajratish haqidagi qarorni bekor qilishni tavsiya etmoqda

Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi Urganch tumani hokimligidan yer ajratish haqidagi qarorni bekor qilish choralarini ko‘rishni so‘ragan.

“Xorazm invest xolding” MChJ zimmasiga mazkur hududda yiqilish (buzilish) zonasiga tushgan aholi turar joylarini buzib olinishi evaziga yetkazilgan zararni moliyaviy jihatdan qoplab berish majburiyati bajarilishini ta’minlashni, agar kompensatsiya to‘lash majburiyati «Xorazm invest xolding» MChJ tomonidan bajarilmagan taqdirda yer ajratish haqidagi qarorni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritishni so‘raymiz”, deyiladi Urganch tumani hokimligiga kiritilgan taqdimnomada.

Qurilish ishlari shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilmoqda

Shaharsozlik normalari va qoidalaridagi (ShNQ) “Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish” normativining 21.1. bandida ko‘pxonadonli turar joy uylarining uzun tomonlari o‘rtasidagi masofalar 4-5 qavatlilar uchun 25-30 metrdan kam bo‘lmasligi belgilangan. Qurilish ishlari esa Davron Sapayev xonadonidan atigi 4 metr masofada olib borilmoqda.

Davron Sapayev va Feruza Nurmetova oilasi kompensatsiya pulini olib, tezroq bu hududdan ko‘chib ketishni istamoqda. Ular muammo yuzasidan Prezident virtual qabulxonasi va prokuraturaga ko‘p marta shikoyat qilishgan. Uy-joyini bir necha marotaba baholatishgan, buning uchun katta mablag‘ sarflashga majbur bo‘lishgan. So‘nggi marta uylar 2021 yil 1 sentyabrda, Feruza Nurmetova uyi 604,8 mln so‘mga, Davron Sapayev uyi 584,1 mln so‘mga baholangan.

Murojaatchilarning so‘ziga ko‘ra, prokuratura, hokimlik, qurilish nazorati tashkilotlari xodimlari har safar kelib, vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganida qonunbuzilish holati aniq ekanini, uni bartaraf qilishda yordam berishni va’da qilishyapti. Qurilish ishlari bunday olib borilishi mumkin emasligini ta’kidlashyapti. Ammo kabinetlariga kirib olgach, vaziyat teskarisiga o‘zgarmoqda. Ahvol mana shu alfozda bir necha oylardan beri o‘nglanmayapti.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top