08:31 / 06.01.2022
4491

Ekologiya idoralarining yangi vazifalari belgilandi

Foto: Kun.uz

Prezident tomonidan “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Hujjat bilan Davlat ekologiya qo‘mitasining quyidagi yangilangan asosiy vazifalari belgilandi:

  • ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va inson faoliyatining tabiatga salbiy ta’siri oldini olish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish borasida jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratiga uslubiy yordam ko‘rsatish va ko‘maklashish, fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash;
  • atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va obektlarning muhofaza qilinishini ta’minlash;
  • o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ular turlarining xilma-xilligini, tabiiy turkumlari yaxlitligini va ularning yashash muhitini saqlash, qayta tiklanishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini olib borish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida davlat va xususiy sherikchilikni faol jalb qilgan holda tizimni tashkil etish;
  • atmosfera havosi, yer, yerosti boyliklari, suv, o‘rmonlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishini korrupsiyasiz sohaga aylantirish, ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’lim tizimini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ko‘maklashish.

Quyidagilar tasdiqlandi: Davlat ekologiya qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparati tuzilmasi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining tuzilmasi hamda viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi; tuman (shahar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiyalari tuman (shahar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari etib qayta tashkil qilinsin hamda ularning namunaviy tuzilmasi.

Belgilanishicha, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari boshliqlari Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan bevosita lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi esa Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

2022 yil 1 martdan boshlab davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi: yer uchastkalarini obod holda saqlash; daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish; yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish; bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash.

Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obektlarni o‘rnatish va qurish taqiqlanadi.

Davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga tegishli yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top