20:14 / 09.01.2022
8918

«Men g‘olib» shiori ostida havaskorlar o‘rtasida ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi

9 yanvar kuni Toshkentda O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan "Men g‘olib" shiori ostida 10 km masofaga yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi tashabbusi bilan vatanparvarlik ruhida tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakat Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi tuzilmalar hamda oddiy aholi vakillaridan iborat havaskorlar jamoalari ishtirok etishdi. Jumladan, 7ta markaziy davlat tashkilotlari jamoalari (PDXX, DBQ, IIV, MV, FVV, MG va DHX) qatnashdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Turizm va sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning tabrik nutqini o‘qib eshittirdi.

«Bugun siz professional sportchi bo‘lmasangiz-da, musobaqadagi ishtirokingiz bilan ko‘p millatli xalqimiz orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda yuksak namuna ko‘rsatmoqdasiz. Shuni chuqur anglash lozimki, davlatimiz siyosiy hayotida sportning yurish va yugurish kabi salomatlik uchun eng foydali bo‘lgan turlarini ommalashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Shu bilan birga, 2020 yil 30 oktyabrda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 6099-sonli prezident farmonida ham yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini faol targ‘ib etishga alohida urg‘u qaratilgan», deyiladi nutqda.

Harbiy xizmatchilar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishyo‘lida ularni birlashtirish, yugurishni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqada ta’lim muassasalari orasidan 6ta jamoa (QK akademiyasi, Jamoatchilik xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, DXX akademiyasi hamda FVV akademiyasi) musobaqalashishdi. Jami 500 nafarga yaqin ishtirokchini qamrab olgan mazkur musobaqada umumiy hisobda 390 nafar kuchishlatar hamda ta’lim muassasalaridan vakillar qatnashishdi.

Ma’lumot uchun, “Men g‘olib” yugurish musobaqasida har bir jamoa 30 nafardan ishtirokchi, ulardan 3tasi professional sportchi hamda 3 nafar ayoldan iborat bo‘lishi lozim. Jamoa hisobida eng yaxshi 25 natija, ulardan 3tasi ayol qatnashchilarning natijalari qayd etilishi belgilangan.

Yugurish musobaqasi “Xalqlar do‘stligi” saroyi maydonidan start oldi. Furqat, Beshyog‘och, I.Karimov hamda A.Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab A.Temur haykali aylanma yo‘liga yo‘nalish oldi. Shuningdek, xronometrajning nazorat nuqtasi shu yerdan orqaga qarab yo‘nalish oldi.

Har yili bir necha bor o‘tkaziladigan mazkur yugurish musobaqasida eng mahoratli atletlar, harbiy xizmatchilar saralab olindi.

Jumladan, quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha ishtirokchilar taqdirlandi:

Erkaklar o‘rtasida: Shohruh Davlatov - Absolyut – gender ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajratilgan yugurish ishtirokchilari orasida;

Ayollar o‘rtasida:

Alima Hakimova - Absolyut – gender ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajratilgan yugurish ishtirokchilari orasida;

Milliy gvardiya - Kuchishlatar tuzilmalar jamoalari o‘rtasida jamoaviy birinchilik;

IIV akademiyasi - Kuchishlatar tuzilmalar ta’lim muassasalari o‘rtasida jamoaviy birinchilik.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sport klublarining havaskor yuguruvchilari, skadinavcha yurish va yugurish havaskorlar jamiyatlari vakillari ham yugurish musobaqasida ishtirok etishdi.

Top