13:55 / 11.01.2022
50590

«Diplomatik xato», «KXShTga KIShT», «Troya oti» - blogerlar va faollar Lukashenkoning so‘zlariga qanday reaksiya qilishdi?

KXShTning 10 yanvar kungi onlayn sammitida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko aytgan gaplar ko‘pchilik tomonidan bevosita O‘zbekistonning suverenitetiga tahdid sifatida qabul qilindi.

Foto: EPA/Vostock-photo

«Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak, aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan», dedi u.

Ushbu holatga jamoatchilik faollari birdamlik bilan tezkor munosabat bildirishdi.

«Bu — diplomatik xato»

Bobur Bekmurodov, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati

«Mamlakatimizning u yoki bu xalqaro tashkilot bilan hamkorligi masalasi avvalo, mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlatining milliy manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinadi.

Bugungi kunda kuzatilayotgan xorijiy siyosatchilarning tashqaridan turib «saboq» berishi va ma’lum qarorni qabul qilishga shama qilishi o‘ta noo‘rin holat va diplomatik xato deb hisoblaymiz», deya yozgan u telegramdagi kanalida.

«KXShTga qo‘shilish uchun amaldagi qonunlar yo‘l qo‘ymaydi»

Qobil Xidirov, bloger (Davletov.uz kanali muallifi)

«Kecha Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida yangragan turli fikr va mulohazalar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning mazkur harbiy blokka qo‘shilish ehtimoli haqida bahs-munozaralar bildirilmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Harbiy doktrina va Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyamizga muvofiq, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmasligi hamda o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi qonuniy asoslar bilan belgilab qo‘yilgan. Ya’ni KXShTga kirishga qonun yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekiston KXShTga a’zo davlatlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama harbiy-texnik hamkorlikni faol amalga oshirib kelmoqda. Rossiya bilan esa O‘zbekiston munosabatlari ittifoqchilik darajasida, shuning uchun ham KXShTga O‘zbekistonning kirishi haqidagi gap-so‘zlar xomxayol, mamlakatning bugungi pragmatik tashqi siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zbekiston harbiy bloklardan ko‘ra ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni afzal ko‘radi. O‘zbekiston ushbu pozitsiyasini anchadan beri yuqori doiralarda qat’iy ta’kidlab keladi va eng asosiysi, bunday prinsipial yondashuv xalqimiz va davlatimizning manfaatlariga to‘liq xizmat qiladi».

«Bizga KXShTga o‘xshagan Troya otining keragi yo‘q!»

Xushnud Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger (Xushnudbek.uz kanali muallifi)

«Belarus prezidentining gaplari, albatta safsata, lekin baribir odamning asabiga tegadi. Kim kim-u, har holda O‘zbekistonni ogohlantirish Lukashenkoning ishi emas. Aksariyat xalqi «yo‘qol» deb e’tiroz bildirib turgan prezidentning bugun bizga aql o‘rgatishining o‘zi kulgili.

Yana bir qiziq tomoni, xo‘p, aytaylik, janob Lukashenkoda O‘zbekistonga bo‘ladigan kelgusidagi hujumlar haqida ma’lumot bor ekan, unda nima uchun ularni O‘zbekistonga taqdim etmasdan, qanaqadir harbiy tashkilot majlisida populistik chiqishlar qilyapti? Agar u bizga do‘st ekan, unda bu ma’lumotlarni eng avvalo O‘zbekistonga aytishi kerak edi-ku. Axir, 28 dekabr kuni MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitida u Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishgandi, nega bu tahdid haqida bir og‘iz aytmagan?

Ko‘ryapsizmi, bu o‘yinlar ortida umuman boshqa gap bor. Bularning barchasini O‘zbekistonni KXShT harbiy tashkilotiga a’zo qilish uchun bosim va kerak bo‘lsa tahdid, deb qabul qilish mumkin. Ilgari bunga yashirin da’vatlar qilingan bo‘lsa, endi surbetlarcha tahdidga o‘tishmoqda.

Yuqoridagi gap-so‘zlardan qanday xulosa qilish mumkin?

Eng avvalo, hissiyotlarga berilmaslik, ammo sovuq miya bilan real xavfni his qilishimiz kerak.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi hamda harbiy doktrinasiga ko‘ra, biz hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaymiz, ularda ishtirok etmaymiz va O‘zbekistonda ham boshqa davlatlarning harbiy bazalari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qonunlarimiz bilan mustahkamlangan. Buni populist «do‘stlarimiz» ham yaxshi bilishadi.

Uchinchidan va eng asosiysi, provokatsiyalarga berilmasligimiz kerak. O‘zini bizga g‘amxo‘rdek ko‘rsatib, yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lganlarning o‘zi barchasining boshida turishi ham ehtimoldan xoli emas. Bunaqa vaqtda bizga faqat va faqat birdamlik kerak.

To‘rtinchidan, hech qachon, ha, hech qachon O‘zbekiston hududiga begona davlatlar armiyasi kiritilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, bunga hech qanday imkon qoldirmasligimiz lozim va lobid! Qo‘shni Qozog‘iston taqdiri bizga xulosa qilish uchun dars bo‘lishi kerak. Ayniqsa, eski imperialistik maqomini qayta tiklash yo‘lida hech narsadan, hattoki boshqa davlatlar hududini egallashdan ham tap tortmaydiganlarning askarlarini O‘zbekistonning bir qarich hududiga ham qadam bostirmasligimiz shart!

O‘zbekiston shu paytgacha barcha katta-kichik muammolarini o‘zining harbiy kuchi bilan hal qilib kelgan. Sariosiyo, Yangiobod voqealarida ham, 16 fevral yoki Andijon voqealarida ham hech kimdan yordam so‘ramaganmiz. Bizga KXShTga o‘xshagan Troya otining keragi yo‘q!»

Lukashenkoga «rahmat»

Otabek Bakirov, iqtisodchi (Bakiroo kanali muallifi)

«Lukashenko bir jihatdan o‘zi bilmay to‘g‘ri gapni aytdi. Uyg‘onmaganlarni, befarqlarni, g‘aflatdagilarni ham uyg‘otdi. Biz chindanam Qozog‘istonda kechayotgan voqealardan xulosa olishimiz kerak. Faqat u aytgan, o‘ylagan, rejalagan tarzda emas.

Biz tushundik, strategik va o‘ta yuqori rentabelli sohalarga kimlarni yaqinlashtirib bo‘lmasligini. Sotqinlar, yursotarlar esa faqat ichkaridan chiqishini.

Ichki va tashqi oligarxiyaning mahalliy hokimiyat organlari va kuchishlatar tizimlari bilan muloqotlari va yaqinlashuviga absolyut veto bo‘lishi darkorligini, ularni qaror qabul qilishdan uzoqlashtirish zarurligini ham angladik.

Tashqi siyosatda shu paytgacha, bu u o‘tgan davrmi, yo yangi davrmi, faqat milliy manfaatlarga asoslangan mustaqil siyosatimiz to‘g‘ri ekanini, siyosatimizni faqat o‘z kuchimizga tayangan holda betaraflik va qo‘shilmaslik prinsiplarida davom ettirishimiz lozimligini yana bir bor his etdik.

Biz davlatchiligimiz, mustaqilligimizning beqiyos qiymatini bugun yana qaytadan baholadik. Kech bo‘lmasidan turib o‘lchovlarimizni o‘zgartirish kerakligi haqida hushyor tortdik. Shu ma’noda Lukashenkoga «rahmat».

Biz ortga qaytish uchun 30 yil yurmadik!

Shahnoza Soatova, bloger

«Shu kunlarda imperalizmining nafsi boshqacha hakalak otyapti. Bugun Lukashenko va Kalashnikov aytgan tahdidomuz gaplari endi shimoldan «hujum» yangi bosqichga chiqqanini, surbetlashayotganini ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa sovetparast trollar ishtaha bilan qo‘lni qo‘lga ishqalashyapti.

Bir hafta oldin Margarita Simonyan Qozog‘istonga KXShT himoyasi uchun «narx» belgilagandi, kecha Vikram Ro‘zioxunov bilan bo‘lgan voqeada Markaziy Osiyo xalqlari orasiga nifoq solish notalari eshitildi. Bugun esa bu bayonotlardan shunaqangi jahlim chiqyaptiki, tuyg‘ularim so‘zga sig‘mayapti...

Biz bir kun kelib qo‘shqo‘llab vatanni topshirish uchun 30 yil yurmadik, davlat qurmadik. Xalqi qabul qilishni istamay, oylab isyon qilgan diktatorlar bizning kelajagimizni va davlatimiz yuradigan yo‘lni hal qilib berishi uchun shuncha qiynalmadik. «Chidaymiz-da bu dardlar ham o‘tkinchidir... Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston» deganda bekorga chin dildan yig‘lamadik. Mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilib bo‘z yigitlarimiz bekorga qurbon bo‘lishmadi. Kuni kecha oqlangan shahid bobolarimiz ruhi uchun ham mustaqillikni qadrlashimiz kerak.

Biz qo‘shnimizdagi ahvol bilan qo‘rqitib, tashkilotlarimizga kirmasang bundan battar bo‘lasan deyayotganlarga munosib qarshilik qila olishimiz kerak.

KXShTga «KIShT» deyish kerak!

Hozir so‘zda, fikrda tahdid boshlandi, asrimizda asosiy urushlar axborot maydonida kechadi. Shimolning esa propaganda mashinasi kuchli. Bo‘lingan Qozog‘iston xuddi bir paytlar qo‘shhokimiyat tufayli dushmanga tiz cho‘kkan so‘nggi temuriy saltanati – Xurosondek siyosiy o‘yinlarga qurbon bo‘lmoqda ekan, biz bobolarimiz va qo‘shnilarimiz xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib birlashishimiz kerak. 100 yil oldingi uchga bo‘lingan Turkiston qismati ham bizga saboq bo‘lsin!

Bugun bu haqida yozayotgan, aytayotgan ko‘plab fikr yetakchilari, blogerlar (1, 2, 3...) kabi men ham xalqimizni umumiy tahdidga g‘oyaviy yakdillik va jipslik bilan qarshi turishga chaqirmoqchiman. Ehtiroslarga berilmang, yolg‘onlarga ishonmang, chaqiriqlarga uchmang – sinov keldi!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!»

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top