16:05 / 12.01.2022
39694

“Bu – O‘zbekistonni KXShTga qaytarish harakati” - siyosiy tahlilchi Lukashenkoning bayonoti haqida

Belarus prezidenti O‘zbekistonni ogohlantirib aytgan gaplarida asos yo‘q, xalqaro maydonda obro‘sizlangan siyosatchining aql o‘rgatishiga Markaziy Osiyo mintaqasida ehtiyoj yo‘q, deydi siyosiy tahlilchi Anvar Eminov.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Qozog‘istondagi namoyishlar bo‘yicha sammitida aytgan gaplar o‘zbekistonliklarning noroziligiga, internetda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Belarus yetakchisi Qozog‘istondagi to‘polonlarni uyushtirganlar O‘zbekistonga ham ko‘z tikayotganini iddao qildi.

Qozog‘istondagi voqealar O‘zbekistonga ko‘chishi mumkinligini aytayotgan Belarus prezidenti qo‘lida ushbu so‘zlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar borligini aytgan.

Siyosiy tahlilchi Anvar Eminov Aleksandr Lukashenkoning bu so‘zlari populistlikdan boshqa narsa emasligini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, Belarus prezidenti shu yo‘l bilan hokimiyatining legitimligini ta’minlashga urinmoqda.

“Bu so‘zlarning tagida boshqa ma’no bor”

— Belarusda ikki yildan beri davom etayotgan mojarolarni ko‘rib turibmiz. Demokratiya yoki diktatura to‘qnashuvi markazida hozir aynan Belarus turibdi. Bir tomondan Ukrainada, bir tomondan Belarusda Rossiya va unga ittifoqdosh davlatlar tomonidan olib borilayotgan siyosat bilan G‘arb davlatlarining siyosati keskin qarama-qarshi bo‘lib turibdi.

Mana shunday sharoitda Belarus prezidenti ushbu so‘zlari bilan chegaradan chiqyapti. U O‘zbekistonga qarata: “Qozog‘istondagi voqealar ertaga O‘zbekistonga ham ko‘chishi mumkin, O‘zbekiston ko‘zini ochishi kerak, shuning uchun bizning yo‘rig‘imizga yurmasa bo‘lmaydi”, degan gaplarining tagida nima ma’no yotibdi? Bu bilan u O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga qo‘shilishi kerak, degan g‘oyani zimdan ilgari suryapti. Bunday harakat 20 yildan beri kuzatilmoqda.

Mana shu tashkilot, ya’ni KXShT aslida Toshkentda, O‘zbekistonning tashabbusi bilan tuzilgandi. Nima uchun O‘zbekiston bu tashkilotdan chiqib ketgan edi? Chunki bu yerda siyosiy o‘yinlar bo‘lgani va ishtirokchilarning mavqeyi teng bo‘lmagani uchun tashkilotni tark etganimizni unutmaslik kerak.

Siyosiy tahlilchi Anvar Eminov / Foto: Kun.uz

KXShTning navbatdagi sammitidagi chiqishi bilan janob Lukashenko o‘zicha populistlik qilyapti. Shu yo‘l bilan hokimiyatining legitimligini ko‘rsatmoqchi bo‘lyapti, ya’ni “mana, mendan ham battarroq odamlar bor”, deb ko‘rsatishga urinmoqda. Chunki uni jahon hamjamiyati tan olgani yo‘q, xalqaro maydonda obro‘sizlangan. Mana shu ahvoldagi siyosatchining aql o‘rgatishiga Markaziy Osiyo mintaqasida ehtiyoj yo‘q, deb o‘ylayman.

“Qozog‘istonga KXShT kuchlari kiritilishi uchun bir necha soat yetarli bo‘ldi”

— Avvalo har bitta ishning huquqiy asosini ko‘rishimiz kerak. KXShTning asosiy huquqiy hujjatlarida shunday yozilganki, a’zo davlatlarga tashqaridan tajovuz bo‘lgan taqdirdagina tashkilot yordam berishi, ya’ni qo‘shin kiritishi belgilab qo‘yilgan.

Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida mojarolar bo‘lib o‘tgan vaqtda hozir KXShT rahbarligini bajarib turgan Pashinyan janoblari ushbu tashkilotdan yordam so‘rab murojaat qilganda, unga: “Senga hech kim tashqaridan hujum qilgani yo‘q. Shuning uchun biz aralasholmaymiz. Bu sening ichki masalang. Hech kim tashqaridan davlatingga hujum qilgani yo‘q”, degan ma’noda tushuntirish berilgandi.

Dunyo, mintaqa va milliy miqyosdagi ko‘plab ekspertlar, Qozog‘istonning ichida namoyishlar bo‘layotgan vaziyatda nima uchun KXShTdan yordam so‘rab murojaat qilingani va tashkilotning kuchlari juda qisqa vaqt – 6-7 soat ichida Qozog‘iston hududiga kirib kelganiga e’tibor qaratishmoqda. Bu birinchi masala.

Ikkinchisi, KXShT Qozog‘istonga to‘polonlar bahonasida kirib kelgan, ayni paytga kelib vaziyat barqarorlashgan ekan, tashkilotning navbatdan tashqari onlayn yig‘ilishida O‘zbekistonga qarata bunday so‘zlarni aytishiga qandaydir huquqiy yoki ma’naviy asos bormi, degan savollar o‘rtaga chiqadi. Buning sababini yuqorida aytib o‘tdim.

“Lukashenkoning so‘zlarida asos yo‘q”

— Faraz qilaylik, Lukashenkoning qo‘lida so‘zlarini tasdiqlovchi ma’lumotlar bor. Hozircha bu aniq emas, keling, taxmin qilib turamiz. Bunday vaziyatda ushbu ma’lumotlarni yetkazishning o‘ziga xos tartib-taomili bor.

Davlatning tashqi siyosat bilan shug‘ullanuvchi idoralari, maxsus xizmatlarning boshqa tashkilotlardan farqi nimada? Ular ayrim ma’lumotlarni sir saqlash qobiliyatiga ega. Ular bu sirlarni, ma’lumotlarni qonunlarda belgilangan muddatgacha omma e’tiboriga havola qilmaydi.

Endi, agar davlat organlarida, boshqaruvning eng yuqori bo‘g‘inida turgan insonda qo‘shni, do‘st yoki hamkor davlat haqida salbiy ma’lumot bo‘ladigan bo‘lsa, bu haqda Lukashenkoga o‘xshab jar solinmaydi. Bu ma’lumotlar yopiq kanallar orqali o‘sha davlat rahbari yoki TIV yoxud maxsus xizmatlariga yetkaziladi. “Do‘stlarim, hamkorlarim, sizlar haqingizda menda shunday ma’lumot bor, bir o‘rganib ko‘ringlar”, deya bu ma’lumotlar tekshirib ko‘rish uchun yopiq, yashirin yo‘llar bilan yetkaziladi.

Bu darajadagi muhim axborot ko‘chaga olib chiqib to‘kvorilmaydi, hech qaysi davlat siyosatida yo‘q bu narsa. Shuning o‘zi ham Lukashenkoning so‘zlarida asos yo‘qligi, u aytgan tezkor ma’lumotlar mavjud emasligini ko‘rsatadi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Top