15:47 / 12.01.2022
9465

Zamonaviylashayotgan mahalla: u aholiga yaqinlashyaptimi yoki uzoqlashmoqda? - Ikkinchi maqola

So‘nggi ikki yil davomida mahalla tizimini isloh etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Ularning hammasi ham o‘zini oqlayaptimi? Afsuski, bu savolga tasdiq javobi qaytarish mushkul.

varandej.livejournal.com

Yangiliklarni joriy etish bo‘yicha barcha ko‘rsatmalar faqat yuqoridan kelmoqda. Mutasaddilar joylarga chiqib, yig‘ilish yoki uchrashuvlar o‘tkazganda, turli topshiriqlar berish bilan kifoyalanmoqda.

Mahalla raisi sifatida ikki yarim yillik ish faoliyatim davomida Toshkentdan kelgan mahalla tizimi mutasaddilari biror marta to‘planganlarga «qanday muammolar sizlarni qiynamoqda, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabatlaring qanday, nima qilsak mahalla nufuzini yanada oshirish va uni aholiga yaqinlashtirish mumkin», deya murojaat qilganini eshitganim yo‘q.

O‘zini oqlamagan tajribalar

Ulardan biri Samarqandda o‘tkazildi. Samarqand viloyati tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasida 2021 yil 1 iyundan boshlab «mahallabay» ishlash tizimi eksperiment tariqasida joriy etilgan edi. Davlat muassasasi shaklida «mahallabay» ishlash markazlari tashkil qilinib, har uchta mahallaga bittadan mahallabay ishlash inspektorlari biriktirildi.

Markazlarning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari aniq belgilab berildi:

  • aholi bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbayini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish;
  • tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;
  • tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, kredit hamda subsidiyalar olishda hamda zamonaviy asbob-uskunalar va mini-texnologiyalar topishda ko‘maklashish;
  • mahalladagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish choralarini ko‘rish hamda xorijda mehnat faoliyatini yuritish va malaka oshirish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlash.

Samarqand shahrida tashkil etilgan markazda 80 nafarga yaqin fuqaro ishga olindi. Ulardan 72 nafari inspektor, qolgani markaz rahbar xodimlari. Afsuski, mahallalar ularning nima ish qilganidan bexabar qolishdi.

Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalardan qaysilari bajarildi? Inspektor o‘ziga biriktirilgan uch mahallaga necha martadan bordi va mahallaga qanday foydasi tegdi?

Masalan, mahallamizga biriktirilgan inspektor ko‘pi bilan ikki yo uch marta kelgan va bir-ikkita ma’lumot so‘ragan edi. Ammo aniq bir ish qilgan emas. Boshqa ko‘plab mahalla raislaridan so‘raganimda ham, inspektorlar hech qanday karomat ko‘rsatmaganligini uqtirishmoqda.

Shunday ekan, eksperiment tariqasida joriy etilgan mahallabay ishlash tizimi o‘zini oqladi, deb bo‘ladimi? Budjetdan, ya’ni xalqimiz boyligi hisobidan maosh uchun ketgan mablag‘ning uvoli yo‘qmi?

Mahallabay ishlovchi hokim yordamchilari

Endi 1 yanvardan boshlab mahallabay ishlash tizimi tubdan o‘zgaradigan bo‘ldi. Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari lavozimi joriy etildi.

Hokim yordamchilari zimmasiga mahallada mavjud iqtisodiy vazifalarni yechish, mahallada tadbirkorlik sub’yektlarini ko‘proq tashkil qilish, mahallada ishsiz bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, mahalla hududida mavjud bo‘sh turgan binolardan maqsadli foydalanish bo‘yicha tegishli idoralar bilan birgalikda zarur chora-tadbirlarni belgilash, mahalladagi ijtimoiy holatni o‘rganib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish kabi qator vazifalar yuklatilgan.

Hokim yordamchilari hamda vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, tuman (shahar)larda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari tashkil etildi.

Ushbu lavozimni joriy etish zamirida katta ma’no yotibdi. Mahallalardagi iqtisodiy masalalarni yechish va aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun kattagina mablag‘ ajratiladi. Mablag‘ni tasarruf qilish va boshqa iqtisodiy hamda moliyaviy muammolarni malakali yechish uchun mutaxassis jalb etilmoqda. Ammo...

Har bir shaxsning o‘z zimmasidagi vazifalarni samarali bajarishi uchun, u rahbar bo‘ladimi yo oddiy xodimmi, unga kuchli motivatsiya lozim. Bank, soliq yo moliya tizimi sohasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlayotgan shaxs uzoq mahallaga uyma-uy yurib, fuqarolar muammosini hal etish uchun qanday motivatsiyaga ega bo‘lishi lozim? Ushbu lavozimga tayinlashda bunchalik shoshilmasdan, har bir mahalladan moliya yoki iqtisod sohasida ishlayotgan yo ishlab yaqinda pensiyaga chiqqanlar bor-yo‘qligini aniqlab, shunga muvofiq hokim yordamchilarini tanlab olsa bo‘lmasmidi?

Davlatimiz rahbarining «Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi 2021 yil 3 dekabrdagi farmonida hokim yordamchilari lavozimiga oliy ma’lumoti bo‘lmaganlar ham ishlashi mumkinligi belgilangan-ku?

Xuddi shunday, mahallalarda Yoshlar agentligi vakili lavozimi joriy etildi. Nomzodlar bilan mahalla raisi ishtirokida jiddiy suhbat o‘tkazildi. Ammo ayrim hollarda mahalla taklif etgan nomzodlar qolib ketib, mahallani bilmaydiganlar tanlab olinibdi.

Biz Bog‘imaydon mahallamizdan uch nafar nomzod ro‘yxatini yuborgan edik. Ulardan biri suhbatdan o‘tgan edi. Keyinchalik ma’lum sabablarga ko‘ra uni almashtirishdi. Negadir bizni, ya’ni mahallani xabardor qilmasdan boshqa vakil tayinlashdi. Shunga ham 10 kundan oshdi. Ammo u kimligini bilmaymiz. Bizning mutasaddilarga qilgan murojaatimiz natijasiz qolmoqda.

Birovni tayinlashdan oldin mahallaning o‘zida loyiq nomzod borligini so‘rash kerak emasmidi?!

O‘z-o‘zidan haqli savol tug‘iladi: Yoshlar yetakchisi o‘zi bilmagan mahalla yoshlarini o‘z orqasidan yetaklay oladimi? Balki u yaxshi tashkilotchidir. Lekin mahalla yoshlarini, ularning muammosini bilmagan yetakchi qanday qilib o‘z vazifasini uddalaydi? U muammoli yoshlar bilan qanday ishlaydi?

Meni to‘g‘ri tushunishlarini istardim: bu qandaydir mahdudlik nishonasi yoki mahalliychilik emas. Bu jamiyatimiz manfaati yo‘lida prezident o‘rtaga tashlagan tashabbusning samarali ijrosini ta’minlash uchun qayg‘urishdir. Axir davlatimiz rahbarining tashabbusi mahalla yoshlari muammosini hal qilish uchun qaratilgan emasmi?

Xarajatlarimiz

Mahalla fuqarolar yig‘inlari davlat idoralari zimmasidagi ko‘plab yumushlarni bajarib kelmoqda hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishda ularga ko‘maklashmoqda. Shunga qaramasdan, mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini tashkil etishga lozim bo‘ladigan sarf-xarajatlarni mahalla oqsoqollarining o‘zlari topishga majbur bo‘lmoqda. Bular, kommunal to‘lovlardan tashqari, yana internetdan foydalanish uchun lozim bo‘lgan hamda idora ashyolari sotib olishga kerak mablag‘ni o‘z ichiga oladi.

Ish uchun oq qog‘oz va turli idora ashyolari kerak bo‘ladi. Bir yilda bir marta ikki pachka qog‘oz, besh-oltita ruchka, qalam kabi ashyolar berilmoqda. Ammo bular yil davomida ishlatish uchun yetarli emas. O‘zimiz yana qog‘oz va boshqa ashyolarni sotib olyapmiz.

Endilikda bu yo‘nalishdagi vaziyat o‘zgarayotgani diqqatga sazovor. 2021 yilning 17 oktyabrida e’lon qilingan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Moliya vazirligiga 2021 yilda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 milliard so‘m mablag‘ ajratish hamda 2022 yildan boshlab ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutish vazifasi yuklatildi.

Natijada, o‘tgan yil dekabr oyining oxirlarida shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limidan har bir mahallaga idora ashyolari berildi. Bu gal mahallalar olgan ashyolar avvallari shahar hokimligi beradiganidan ancha ko‘p edi.

Ammo kommunal to‘lovlar va internetdan foydalanish uchun qilinayotgan xarajatlar nima bo‘ladi? O‘tgan yili shahar hokimligidan ikki-uch marta «mahallaning kommunal to‘lovlardan qarzi bo‘lsa aytinglar, to‘lab beramiz», degan mazmunda nomalar olgan edik. Ammo ushbu to‘lovlarni oldindan amalga oshirish kerakligini hamma biladi-ku?

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari buxgalteriyasi mahalliy hokimliklar buxgalteriyasidan ajralib, mustaqil bo‘lgani tufayli balki endi bu borada ham vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarar?

Mahalla xodimlari tomonidan ko‘p marta ko‘tarilgan va turli tushunmovchiliklar-u gap-so‘zlarga sabab bo‘layotgan yana bir muammo bor. Gap mahalla xodimlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan 30 foizlik ustama ustida ketmoqda.

Bunday ustama to‘lash O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi PF–5938-sonli farmonida ko‘zga tutilgan edi. Ayrim hududlarda, jumladan Samarqand viloyatining qator tumanlarida bu ustama to‘lab berilgan. Ammo Samarqand shahri va bir qator tumanlarda bu ish paysalga solinib kelinmoqda. Farmon ijrosini bajarish mahalliy hokimliklar rahbarlari xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lib qolganmi?

(Davomi bor)

Toshpo‘lat Rahmatullayev,

Samarqand shahar «Bog‘imaydon» MFY raisi.

Top