14:16 / 22.01.2022
36086

«Urushning oldini olishga urinish»: AQSh va Rossiyaning bosh diplomatlari Ukraina masalasida uchrashdi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Jyenevada uchrashdi. Tomonlar Ukraina atrofidagi voqealar keskinlashgan bir vaqtda uchrashdi. Blinken bu uchrashuv uchun Lavrovga rahmat aytib, uni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvning oldini olishga qaratilgan urinish, deb atadi.

Foto: TASS

Ketma-ket muvaffaqiyatsiz muzokaralar

AQSh nashrlari, keyinchalik siyosatchilar o‘tgan yil oktyabrida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘play boshlagani haqida gapirgach, mavzu jiddiylashib ketdi. Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 ming atrofida qo‘shin to‘plagani aytildi. Buni rad etmagan Moskva o‘z qo‘shinlarini mamlakat ichida istalgancha harakatlantirish huquqiga ega ekanligini iddao qildi.

Keyinchalik Bayden va Putin o‘rtasidagi ketma-ket suhbatlardan keyin tomonlar muzokaralar stoliga o‘tirishga kelishdi. Avvaliga Jyenevada AQSh – Rossiya formatida, keyinroq Bryusselda NATO – Rossiya formatida, keyin esa Venada YeXHT doirasida muzokaralar o‘tkazildi. Ularda AQSh tomonidan davlat kotibi o‘rinbosari, Rossiyadan esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari ishtirok etdi. Uchala muzokaralar ham samara bermagach, tomonlar yuqori diplomatik doirada gaplashib olishga qaror qilishdi.

Biroz oldinga siljish bordek

Oldingi diplomatik missiyalar uchrashuvida har safar bir xil holatlar kuzatildi: Rossiya Ukraina va Gruziya hech qachon NATOga qo‘shilmasligini so‘radi, AQSh va NATO esa keskin rad javobini berdi. Oqibatda qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish uchun o‘tkazilayotgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Shu sabab Amerika va Rossiya bosh diplomatlari yordamida uchrashuv tashkil qildi. Ular keyinroq yana bir bor uchrashadi va bu gal konkret takliflar muhokama qilinadi.

Blinken va Lavrovning uchrashuvidan biroz avval Rossiya diplomatiya maydonida «bir qadam orqaga qadam tashladi» deyish mumkin. Rossiya oldingi muzokaralarda murosaga holi yo‘qligini ko‘rsatishga uringan, Gruziya va Ukraina hech qachon NATOga kirmasligi bo‘yicha yuridik kafolat kerakligi haqida shartini qaysarlarcha takrorlab kelayotgandi. Keyinroq talab biroz o‘zgardi: Rossiya Ukraina hamda Gruziya NATOga kirishiga faqat AQSh rozi bo‘lmasligini so‘radi. Bu siyosiy maydonda ham orqaga tashlangan qadam sifatida qaralgan yoki qaralmagani AQSh bir haftadan keyin taqdim etadigan hujjatda aks etadi.

«Avval kim tahdid qilayotganini ajratib oling: bizmi yoki ana u rusofoblarmi»

Foto: RIA Novosti

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirokidagi matbuot anjumani yarim soatga bormay yakunlandi. Asosan rus propagandachi OAV vakillari savol bergan anjumanda Rossiyada xushlashmaydigan G‘arb nashrlari ham Lavrovni «bezovta qilib turishdi». Lavrov ularga ochiqchasiga xohlamay javob berdi. Masalan, CNN jurnalistini diplomatchasiga jyerkib, o‘z pozitsiyasini savolga tiqishtirmaslikni maslahat berdi.

Lavrov brifing davomida Ukraina haqida gapirganda doimgidek «Kiyev rejimi» iborasini ishlatdi. Zelenskiyni esa G‘arb homiyligi va muhofazasidagi rusofob, deb atadi. Lavrovning aytishicha, Zelenskiy o‘zini rus deb hisoblaydiganlar mamlakatdan ketishi mumkinligi haqida gapirgan: «Rossiya hech qachon, hech qayerda Ukrainaga bostirib kirmoqchi ekani haqida rasmiy vakillari orqali gapirmagan. Zelenskiy o‘zini rus deb hisoblaydiganlar mamlakatdan chiqib ketishi mumkinligini aytganini hammamiz bilamiz. Xo‘sh, o‘zi kim kimga tahdid qilyapti, avval shuni ajratib olish kerak».

«Kap-katta odamlar Zelenskiyning qosh-qovog‘iga qarab o‘tirmasligimiz kerak»

Lavrovning fikricha, AQSh va Rossiya dunyoning ikki yirik davlatlari sifatida global muammolar ustida bosh qotirishi kerak: «AQSh va Rossiya «katta odamlar kabi» iqlim o‘zgarishi haqidagi global mavzular ustida bosh qotirishi kerak. Hozir esa Amerika – Rossiya munosabatlari Zelenskiy va rejimining qosh-qovog‘iga qarab qolgan. Bu to‘g‘ri emas. Kap-katta odamlar dunyo xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik qilish o‘rniga kim zo‘rligi ustida tortishib o‘tirgani achinarli», dedi Lavrov.

Rasmiy xat ko‘rinishida javob

Rossiya tashqi ishlar vaziri ko‘plab savollarni javobsiz qoldirib, ularga AQSh tomoni beradigan rasmiy javobdan keyin to‘xtalish mumkinligini ta’kidladi. Lavrov bir necha marta Amerika tez orada xat ko‘rinishida rasmiy javob berishini aytdi: «Amerika tomoni shu vaqtgacha bizning takliflarga faqat og‘zaki javob berdi. Tez orada AQSh tomoni xat ko‘rinishida rasmiy javob beradi. Janob Blinken bu haqda ko‘p gapirdi», dedi Lavrov. Uning aytishicha, Blinken bilan uchrashuv AQSh tomoni taqdim etadigan rasmiy javobdan kelib chiqib tuziladi.

NATO bo‘yicha fikrlar to‘g‘ri kelmadi

AQSh va Rossiya tomonining yana fikrlari to‘g‘ri kelmadi. Lavrov alyans NATOga qarab kengaymasligi bo‘yicha Rossiyaning talabini takrorladi. Blinken esa bu Ukrainaning o‘z ishi ekanini aytdi: «Bu Ukrainaning suvereniteti bilan bog‘liq masala va uni o‘zlari hal qilishi kerak. Bu yerda savdoga o‘rin yo‘q», dedi AQSh davlat kotibi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri esa NATO Ukrainani o‘z muhofaza hududi deb hisoblayotganidan hayron qolayotganini bildirdi.

«Agar Rossiya maqsadlari jiddiy ekaniga ishontirmoqchi bo‘lsa...»

AQSh davlat kotibining aytishicha, agar Rossiya agressiv rejalari yo‘qligiga dunyoni ishontirmoqchi bo‘lsa, harakatni Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishdan boshlash kerak. Blinken katta ehtimol bilan Donetsk va Luganskdagi askarlarni nazarda tutgan.

Foto: RIA Novosti

Blinken AQSh voqealar rivojining har qanday rivojiga tayyorligini bildirdi: «Rossiya oldida ikki tanlov turibdi: muzokara yoki to‘qnashuv. AQSh esa voqealar har qanaqa rivojlanishiga tayyor».

Tomonlar uchrashuvdan qoniqish hosil qilganini aytishdi. Blinken shunchaki suhbatdan qoniqish hosil qilgani, bu muzokara emas, g‘oyalar almashinuvi bo‘lganini aytgan bo‘lsa, Lavrov hamkasbi bilan uchrashuv foydali va ochiq bo‘lganini ta’kidladi. Har ikki tomon ham Bayden va Putin doim o‘zaro uchrashuvga tayyorligini ma’lum qildi.

Har qanday qo‘shinning kirishi bosqin deb hisoblanadi

Oldinroq AQSh prezidenti Jo Bayden bir yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Rossiyaning har qanday qo‘shinlari Ukrainaga kirishi bosqin deb qabul qilinishini aytgandi. Blinken ham bu so‘zni yana bir bor takrorladi. Shuningdek, davlat kotibi «Rossiya agressiyasi» terminini tez-tez ishlatib, bosqin sodir bo‘lsa, oqibatlari jiddiy bo‘lishidan ogohlantirdi.

Eron mavzusi

Blinkenning aytishicha, Lavrov bilan Eron mavzusini ham muhokama qilgan. AQSh davlat kotibining Eron bilan imzolangan Kompleks harakatlar rejasi kelishuviga qaytish imkoniyati bor: «Bu bo‘yicha gaplashganimiz AQSh va Rossiya xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik qilishi mumkinligini anglatadi. Kompleks harakatlar rejasi kelishuviga qaytish bo‘yicha muzokaralar hal qiluvchi pallada turibdi. Muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlash orqali ko‘plab davlatlarning xavfsizligini ta’minlash imkoniyati mavjud», dedi Blinken.

Tomonlarning Eron mavzusidagi muloqoti ham muhim edi. Chunki sakkiz safardan buyon muvaffaqiyatsiz kechayotgan Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar davom etishi fonida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 19 yanvar kuni Rossiyaga borgandi. Buni G‘arbda AQShning ko‘rishi uchun tashkillashtirilgan uchrashuv, deb baholashgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top