14:25 / 22.01.2022
22968

UzAuto Motors Rossiyaga «Tracker» va «Onix» eksport qilmoqchi

UzAuto Motors’ga yaqin manbalarga ko‘ra, «Tracker» 2022 yilning dekabri yoki 2023 yilning yanvaridan, «Onix» esa 2023 yilning yozidan Rossiyaga eksport qilina boshlaydi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonning UzAuto Motors avtomobilsozlik kompaniyasi Rossiya bozoriga «Chevrolet Tracker» krossoveri va u bilan bir xil markadagi «Onix» sedanini olib kiradi, deb xabar bermoqda Gazeta.ru.

UzAuto Motors’ga yaqin manbalarga ko‘ra, «Tracker» 2022 yilning dekabri yoki 2023 yilning yanvaridan, «Onix» esa 2023 yilning yozidan Rossiyaga eksport qilina boshlashi mumkin.

O‘zbekistonning o‘zida «Tracker» krossoveri 2022 yilning sentyabrida, «Onix» sedani esa 2023 yil martida sotuvga chiqishi mumkin. Bu haqda dilerlar uchun o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilingan.

O‘lchami bo‘yicha Hyundai Creta’ga o‘xshash bo‘lgan «Chevrolet Tracker» krossoveri Xitoyda 2019 yildan beri sotilmoqda va narxi 119 ming yuandan (1,4 million rubl) boshlanadi. «Onix»ning ham global miqyosidagi savdosi xuddi shu yili boshlangan. Sedan Braziliyada eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib, uning narxi 68,3 ming realni (940 ming rubl) tashkil qiladi.

Avvalroq, «Chevrolet Onix» avtomobilining sotuvi 2022 yil oxiri 2023 yil boshida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek, «O‘zavtosanoat» tomonidan Asaka shahrida «Chevrolet Onix» va «Tracker» rusumidagi avtomashinalarni ishlab chiqarish uchun 427,7 mln dollar miqdorida mablag‘lar jalb qilinishi xabar qilingandi.

Bir necha kun oldin esa UzAuto Motors 19 yanvar kunidan avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha «Chevrolet Lacetti» va «Cobalt» avtomobillarining mijozlarga magnitolasiz yetkazib berilishi bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqqandi.

Top